Go‘sht qimmat. Bunga sabab bo‘ladigan jihatlar ko‘p
Prezidentimizning 2019 yil 26 iyul kuni viloyatimizga tashrifi chog‘ida ichki bozorda go‘sht va go‘sht mahsulotlari narxining barqarorligini ta’minlash maqsadida har bir tumanda kamida ikkitadan bo‘rdoqichilik xo‘jaliklarini tashkil etish va ularga lalmi maydonlardan belgilangan tartibda yer ajratish yuzasidan topshiriqlar bergandi.
- Berilgan topshiriq asosida viloyatimizda go‘sht va go‘sht mahsulotlari narxi barqarorligini ta’minlash maqsadida bo‘rdoqichilik yo‘nalishida ixtisoslashgan xo‘jaliklar tashkil etish rejasi ishlab chiqildi, - deydi Samarqand viloyati “Chorvanasl” markazi direktori Shuhrat Toshpo‘latov. – Rejaga ko‘ra 2019-2021 yillarda viloyatimizning 14 tumanida 27 ta bo‘rdoqichilikka ixtisoslashgan yirik chorvachilik xo‘jaliklari tashkil etiladi va Germaniya, Avstriya, Ukraina, Qozog‘iston, Belarus davlatlaridan 5220 bosh naslli qoramol keltirish belgilangan. Bu bejiz emas. Chunki mamlakatimizda chorva naslini yaxshilash va mahsuldorligini oshirish maqsadida xorijdan zotdor qoramollar keltirilmoqda. Chunki chetdan keltirilayotgan naslli qoramollar sermahsulligi, tez o‘sishi, go‘sht va sut olinishi yuqoriligi bilan samarali hisoblanadi.
Shundan kelib chiqib, 2019 yilgi dasturga asosan Bulung‘ur va Jomboy tumanlarida 3 ta xo‘jalikka qariyb 75 gektar yer ajratilib, Germaniya va Belarus davlatidan bo‘rdoqiga boqiladigan zotdor qoramollar boquvi yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, 2020 yilgi dasturda belgilangan 6 ta yirik chorvachilik xo‘jaligi ham Qozog‘istondan zotdor qoramollar keltirib, bo‘rdoqilar boqishni boshladi.
Mutaxassisning aytishicha, chorva mollarini keltirayotgan davlatning ob-havosidan kelib chiqib respublikamizning nisbatan yuqori harorat kuzatiladigan viloyatlariga issiqsevar zotlar yoki salqinroq iqlimga yaxshi moslashadigan va tez rivojlanadigan chorva zotlari hudud sharoitidan kelib chiqib taqsimlanadi. Masalan, viloyatimizga asosan «Golshtin», «Simmental» va «Qizil cho‘l» zotlari keltiriladi. Chunki, bu zotlar hudud iqlimiga tez moslashadi va mahsuldorligi ancha yuqori.
Mahalliy va naslli qoramolning afzalliklarini taqqoslab ko‘rsak. Xo‘sh, naslli qoramol olish uchun katta mablag‘ sarflash to‘g‘rimi yoki noto‘g‘ri?
Aytaylik, mahalliy qoramol bir yilda 1,5-2 tonnagacha sut, tug‘ilganda 15-20 kilogramm og‘irlikdagi buzoq va u bir yosh vaqtida vazni 100-120 kilogramgacha yetishi mumkin. Demak, mahalliy qoramoldan bir yilda 2 tonna sut va o‘rtacha 100 kilogramdan ortiq go‘sht olish mumkin. Naslli qoramoldan bir yilda kamida 5 tonna sut olinadi, bu esa bir yilda naslli qoramolning xarid narxi deyarli undan olinadigan sutning o‘zidan qoplanadi, deganidir. Bundan tashqari, buzoq tug‘ilganda 55 kilogramgacha vaznda bo‘ladi. Bir yilda 200-250 kilogramgacha, bo‘rdoqiga boqilganlari esa 1 tonnagacha tosh bosadi. Ko‘rinib turibdiki, naslli qoramollar ko‘proq mahsuldor hisoblanadi. Lekin chetdan keltirilgan chorva mollarining aksariyatida tuyoq kasalligi uchraydi.
- Bir necha yillik kuzatuvimizga ko‘ra Rossiya, Ukraina va Belarus davlatlaridan keltirilgan chorva mollarida tuyoq kasalligiga chalinmaydi, - deydi Sh.Toshpo‘latov. – Chunki ko‘p yillar avval bu davlatlarda shu yo‘nalishda ilmiy tadqiqotlar olib borilib, kasallikni bartaraf etish vositalari ishlab chiqilgan. Chorva mahsuldorligini oshirish maqsadida 2006 yildan buyon xorijdan naslli chorva mollari keltirilayotgan bo‘lsa, hozirgacha keltirilgan qoramollardan necha bosh naslli buzoq, qancha go‘sht va sut olingani borasida aniq ma’lumotlar yo‘q. Markazning 2020 yilgi rejasiga asosan viloyatimizdagi 850 dan ortiq chorvachilik xo‘jaliklaridagi chorva mollari, yer maydoni, nasl olish va mahsulot yetishtirish hajmlarini monitoring qilishni rejalashtirganmiz. Chunki 1 gektar yer maydoni bor xo‘jalik chorvachilik talablariga ko‘ra bir yilda 2,5 tonna sut, 400 kilogramm go‘sht topshirishi lozim, ammo faoliyat yuritayotgan xo‘jaliklarda bunday emas. Qolaversa, chorvachilikni rivojlantirishdagi asosiy jihat, albatta, qoramollarni to‘yintirilgan ozuqa ratsioni asosida oziqlantirish hisoblanadi. Masalan, Yevropa davlatlarida 0,8-1 ozuqa birligi bo‘lgan yem-xashak bilan 1 kilogramm sut olinadi, chunki ularda ozuqaning to‘yintirilganligiga katta e’tibor qaratiladi. Bizda esa 2 ozuqa birligi sarflanib, 1 kilogramm sut tayyorlanmoqda. Masalan, makkajo‘xorida 1,24 ozuqa birligi bor, lekin vitaminlar bilan to‘yintirilmagan. Axir keltirilayotgan qoramollarni odatiy to‘yintirilmagan ozuqa bilan boqib past samaraga erishish katta mablag‘ni bekorga sarflash bilan barobar. Shuning uchun joylarda chorvadorlarga ozuqa ratsionini to‘g‘ri va to‘yingan holda tashkil etishni tavsiya etyapmiz. Soha rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammolardan yana biri - joylarda yem shoxobchalarining yo‘qligi. Masalan, mayda shoxli qoramolga bir yilda 100 kilogramdan ortiq, yirik shoxli qoramolga esa 1 tonnadan ortiq yem zarur bo‘ladi. Tumanlardagi bu kabi muammolar ham tarmoq rivojiga to‘siq bo‘lmoqda. Shuningdek, xo‘jaliklarning aksariyatida veterinar vrachlar yo‘q, borlarida ham kerakli uskunalar yetishmaydi. Sun’iy urug‘lantirish tajribasining yetishmasligi esa zotdor chorva mollaridan sog‘lom nasl olishga to‘sqinlik qilmoqda.
Xullas, hammamiz ham qassobxonadan arzon va sifatli go‘sht olishni xohlaymiz. Lekin bugungi narxda har kuni qozonga soladigan go‘sht sotib olishga hammaning ham qurbi yetmaydi. Demak, bunday muammolarning hal etilishi qoramollar zotini yaxshilash bilan birga odamlarning go‘shtga bo‘lgan talabini ham qondiradi.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV,
“Zarafshon” muxbiri.