Har bir masala pishiq va aniq bo‘lishi kerak

Xalq deputatlari viloyat Kengashining oltmish birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyani Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqardi.

Dastlab, bir qator masalalar bo‘yicha Kengash qarorlari qabul qilindi. Jumladan, xalq deputatlari viloyat Kengashining deputatlik o‘rni bo‘shab qolgan 29-Qoradaryo va 41-Mevali saylov okruglarida 2022 yil 29 may kuni saylov o‘tkazilishi belgilandi.

Shuningdek, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish bo‘yicha taqdimotni ko‘rib chiqish va tasdiqlash, viloyat hududidagi chegara zonasi va chegara mintaqasini tasdiqlash, viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish, viloyat “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Viloyat mahalliy byudjetining 2022 yil I chorak daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi hisobidan, jumladan, Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filiali faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida jalb etilgan malakali professor-o‘qituvchilarni xizmat uylari bilan ta’minlash uchun 1004,2 million so‘m, Kattaqo‘rg‘on shahar "Noqis" mahallasidagi hokim yordamchisining tashabbusi bilan ushbu mahalla fuqorolar yig‘inida kutubxona tashkil qilish uchun 50 million so‘m, Samarqand shahar markaziy va ichki ko‘chalarini ta’mirlash maqsadida zarur bo‘lgan mayda zarrali asfalt qoplamasi xarid qilish uchun 2 milliard so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.

Shundan so‘ng, viloyat hokimining o‘rinbosari X.Ochilov yoshlarga oid davlat siyosatining viloyatda amalga oshirilishini reyting baholashning natijalari to‘g‘risida hisobot berdi.

Oliy Majlis Senatining 2021 yil 31 iyuldagi qarori bilan yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi bo‘yicha reyting tizimi joriy etilgan. Unda, yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish, yoshlar sog‘lig‘ini saqlash, nogironligi bo‘lgan, ota-ona qaramog‘idan mahrum va yetim bolalarni ijtimoiy himoya qilish kabi 9 yo‘nalishda 44 ta banddan iborat ustuvor vazifalar belgilangan. Ushbu vazifalar ijrosi tegishli boshqarmalar, shahar va tuman hokimliklari tomonidan ta’minlab kelinayotgani ta’kidlandi. Shu bilan birga, ayrim muammo va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani qayd etilib, ularni bartaraf etish choralari belgilandi.

Kun tartibidagi navbatdagi masala – viloyatda xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari D.Shakarboyevning hisoboti eshitildi.

Hisobotda keltirilishicha, joriy yilda viloyatda xizmatlar sohasini rivojlantirish maqsadida 12,6 trillion so‘mlik 8,3 mingdan ortiq yirik va kichik loyihalarni amalga oshirish va 214 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida joriy yilning birinchi choragida jami xizmatlar hajmi 5,3 trillion so‘mni tashkil etishi kutilmoqda. Mazkur sohada 47,6 ming nafar fuqaroning bandligi ta’minlanib, bu borada belgilangan reja 110 foizga bajarildi. Jumladan, mahallalarda 21 turdagi va tumanlarda 71 turdagi eng zaruriy xizmatlar bo‘yicha 2835 ta shoxobcha tashkil etildi.

Ammo ayrim hududlarda xizmatlar sohasini rivojlantirish, mazkur tarmoqda aholi bandligini ta’minlashga yetarli darajada e’tibor qaratilmayotgani qayd etildi.

Masalan, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlarini tashkil etish maqsadida 2020-2021 yillarda viloyat bo‘yicha umumiy maydoni 12,5 gektar bo‘lgan 1336 ta yer uchastkasi auksion savdolarida tadbirkorlarga sotilgan. Afsuski, o‘rganish jarayonida 112 ta yer uchastkasida (4,7 gektar) bugungi kunga qadar qurilish ishlari boshlanmagan. Jumladan, Payariqda 50 ta, Past Darg‘omda 20 ta, Samarqand shahrida 14 ta, Samarqand tumanida 13 ta yer uchastkasida loyiha bo‘yicha ishlarga kirishilmagan.

Hisobot muhokamasi davomida deputatlar va mutasaddilar yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish, loyihalarni foydalanishga topshirish orqali belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Deputatlar viloyat hokimligi ijro-nazorati guruhi rahbari Z.Rahimovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan hisobotini eshitdilar.

- Prezidentimizning qaror va farmonlari hamda tashriflari davomida bergan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida Ijro.gov.uz tizimi orqali viloyatimizga 1014 ta hujjat asosida 7614 ta topshiriq kelib tushgan, – dedi Z.Rahimov. – Bugungi kunda aksariyat topshiriqlar ijrosi ta’minlangan. Ammo ayrimlari o‘z vaqtida ijroga qaratilmagan. Misol uchun, davlatimiz rahbarining 2021 yil 11 maydagi qarori bilan Bulung‘ur tumanidagi “Yuqori nuqta” YPX hamda Urgut tumanidagi “Omonqo‘ton” YPX statsionar postlaridan 22,0 ming metr kvadrat yer maydonini tadbirkorlik sub’yektlariga ajratib berish topshirig‘i mazkur tumanlar hokimlarining investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari tomonidan haligacha bajarilmagan. Prezidentimizning 2021 yil 19 maydagi PQ–5117-sonli qarori bilan xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari asosida xalq ta’limi tizimidagi 55 nafar o‘qituvchiga zamonaviy adabiyot, darslik va o‘quv qo‘llanmalar sotib olishi uchun belgilangan 1 million so‘mdan pul mablag‘lari viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan to‘lab berilmagan.

Muhokama chog‘ida topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarmagan mas’ullar ogohlantirilishi va keyingi sessiyalarda ushbu masala tegishli mutasaddilar ishtirokida yana ko‘rib chiqilishi belgilandi.

Kun tartibidagi navbatdagi masala – Narpay tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Sh.Rahmonov va sektor rahbarlarining tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish darajasini baholashning reyting ko‘rsatkichlariga ko‘ra tuman ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holatini yaxshilash yuzasidan amaliy chora-tadbirlar dasturining ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti ayrim sektor rahbarlari yo‘qligi sababli keyingi sessiyalarda ko‘riladigan bo‘ldi.

Toyloq tumanida mahallabay ishlash va mahallalardagi hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tuman mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazi rahbari J.Tursunovning hisoboti ham deputatlarni qoniqtirmadi. Markazlarning hokim yordamchilari ishini tizimli tashkil eta olmayotgani, ayrim yordamchilar faoliyatida jiddiy xato va nuqsonlarga yo‘l qo‘yilayotgani qayd etildi. Shu sababli barcha tuman va shahar mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazlari xodimlari bilan seminarlar o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi.

Sessiyada muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan Kengashning qarorlari qabul qilindi.