Hokim bilan uchrashuvdan so‘ng Omondarada nimalar o‘zgardi?

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov joriy yilning 23 aprel kuni Nurobod tumanining olis hududida joylashgan Omondara mahallasida bo‘lib, aholi bilan uchrashgan edi.

Bu yerda odamlarni qiynayotgan muammolar o‘rtaga tashlandi. Ularning yechimi bo‘yicha mas’ullarga zarur topshiriqlar berildi. Xo‘sh, bu uchrashuvdan so‘ng nima o‘zgardi? Belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilyapti? Shu savollarga javob izlab mahallaga bordik.

4200 dan ortiq aholi istiqomat qiladigan mahalla tog‘lar etagida, qir-adirlar bag‘rida joylashgan bo‘lib, 5 qishloqni o‘z ichiga oladi. 2018 yilda mahalla markaziy ko‘chasining 3,5 kilometri ta’mirlangani hisobga olinmasa, bu hududda o‘tgan asrning 80 yillaridan beri yo‘lga asfalt yotqizilmagan. 2 mingdan ziyod simyog‘ochlardan 1600 tasi yaroqsiz ahvolga kelib qolgan. 

- Aprel oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda viloyat hokimi hududimizda 10,5 kilometrlik markaziy ko‘cha asfalt qilinishini, qishloqlarning ichki ko‘chalariga shag‘al yotqizilishini ta’kidlagan edi, - deydi mahalladagi hokim yordamchisi Hamza Tohirov. – Oradan ko‘p vaqt o‘tmay shu va boshqa masalalar bo‘yicha berilgan topshiriqlarni bajarishga kirishildi. Mahalla hududidagi yaroqsiz holatga kelib qolgan simyog‘ochlar beton ustunlarga almashtirilyapti. 5 ta yangi transformator o‘rnatilib, 48 kilometrlik elektr tarmog‘i yangilanishi rejalashtirilgan. Markaziy ko‘chamiz asfalt yotqizishga tayyorlanyapti. 

- Ishsiz edim, nogiron farzandimga qarovchi bo‘lmagani uchun uzoqqa borib ishlay olmasdim, - deydi Cho‘nqaymish qishlog‘ida yashovchi Surayyo Asomova. – Viloyat hokimi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda qishlog‘imizda sartaroshxona va ayollar uchun “Go‘zallik saloni” yo‘qligini aytgandim. Erkinjon Turdimov topshirig‘i bilan hovlimizning yonginasida yengil konstruksiyali bino qurilib, barcha sharoitlarga ega ayollar va erkaklar sartaroshxonasi ishga tushdi. Ham o‘zim, ham turmush o‘rtog‘im ishli bo‘ldi.

Shu paytga qadar mahalla fuqarolar yig‘ini ham eski ko‘rimsiz binoda faoliyat olib borayotgan edi. Bugun faollar uchun yetarlicha sharoit yaratish maqsadida zamonaviy yangi bino qurilmoqda. Mahalladagi 21-maktab filialiga qatnovchi o‘quvchilar, ayniqsa, yog‘ingarchilik paytlarda soydan o‘tishga qiynalayotgani inobatga olinib, zamonaviy ko‘prik bunyod etilyapti.

Shuningdek, mahallada 2 ta artezian qudug‘ini qazish va aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashga ham kirishildi. Bir so‘z bilan aytganda, Omondara aholisining yashash sharoitlarini yaxshilash, turmush faravonligini oshirish uchun keng ko‘lamli ishlar boshlanib ketdi.

To‘lqin SIDDIQOV,

Sulaymon MARDIYeV.