Hokimlar, sektor rahbarlari maktabning shakliga, direktor mazmunga javob beradi
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 27 oktyabr kuni o‘tkazilgan o‘n oltinchi sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasi muhokama etildi.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i S.Usmonov farmon loyihasi yuzasidan pedagoglar, ota-onalar va keng jamoatchilikning fikr-mulohazalari inobatga olingan ishlab chiqilgan takliflar va ularning ahamiyati haqida deputatlarga ma’lumot berdi. Jumladan, maktab o‘quvchilari uchun onlayn tizimda o‘quv darsliklarini avtomatlashgan tartibda taqsimlashning dasturiy ta’minotini ishlab chiqish, tuman va shaharlar markazlarida umumiy o‘rta ta’lim maktablariga bolalarni maktabning mikrohududi bo‘yicha Davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilish, belgilangan muddatlarda malaka oshirish kurslaridan o‘tmagan pedagoglar bilan yangi o‘quv yilidan boshlab mehnat sharnomasini bekor qilish mexanizmi ishlab chiqish kabi takliflar bildirildi.
Samarqand davlat universiteti rektori, senator R.Xolmurodov maktab ta’limi sifatini oshirish uchun oliy pedagogik ta’lim nufuzi va ahamiyatini oshirish kerakligini ta’kidladi.
– Hozir maktabga muallim tayyorlaydigan muassasalar professor-o‘qituvchilarning o‘zini qayta tayyorlash kerak, – dedi R.Xolmurodov. – Pedagogik yo‘nalishda mutaxassis tayyorlashda sirtqi ta’limdan voz kechish, talabalarni davlat granti asosida o‘qitish lozim, deb hisoblaymiz. Nega tibbiyot oliygohlarida sirtqi ta’lim yo‘q? Chunki inson salomatligiga mas’ul shifokorni bunday usulda tayyorlab bo‘lmaydi. Yoshlar ta’lim-tarbiyasiga ham ana shunday mas’uliyat bilan yondashadigan bo‘lsak, pedagogik ta’limga e’tiborni har qachongidan kuchaytirish shart.
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori, deputat I.To‘xtasinov oliy ta’lim muassasalarida magistrlar tayyorlashining bir va ikki yillik o‘qitish tizimini joriy etishni taklif qildi.
– Maktab, ta’lim-tarbiya ishi - bu faqat shu soha vakillarining vazifasi emas, – dedi Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov. – Bunga kattayu-kichik birdek e’tibor qaratishi, mamlakat kelajagi, xalq taqdiri ilm bilan, ta’lim-tarbiya bilan bog‘liqligini har bir inson his qilishi lozim. Davlatimiz rahbari O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha hokimlar, mutasaddi rahbarlar oldiga aniq vazifalar qo‘ygan edi. Farmon loyihasida bu ham o‘z aksini topgan. Endi hokimlar, sektor rahbarlari maktabga direktorni urishish, do‘q urish uchun emas, yordam berish uchun borishi kerak. Biz maktabning shakliga, ya’ni u yerdagi sharoitga, direktor esa mazmunga, maktab ta’limi sifatiga javob beradi.
Sessiyada bildirilgan takliflar umumlashtirilib, Kengashning tegishli qarori qabul qilindi.