Hokimlar xalqqa murojaat qildi

Avval xabar berganimizdek, 9 dekabr kuni xalq deputatlari Samarqand shahri va tumani Kengashlarining navbatdagi sessiyalari o‘tkazildi.

Sessiyalarda hokimlar hududni 2020 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2021 yil uchun belgilangan ustuvor yo‘nalishlar to‘g‘risida aholiga murojaat qildi.

Samarqand shahar hokimi B.Obloqulovning ta’kidlashicha, pandemiya sharoiti bo‘lishiga qaramay yilning o‘tgan 11 oyida ijtimoiy va iqtisodiy sohalar bo‘yicha belgilangan rejalar bajarilgan. Ya’ni, bu boradagi 71 ta loyihani amalga oshirish orqali 473 milliard 617 million so‘m o‘zlashtirilgan. Joriy yil yakunigacha esa jami 83 ta loyiha ishga tushirilishi va 1,2 trillion so‘m qiymatidagi sarmoyalar o‘zlashtirilishi, natijada 1523 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.

Shahardagi 250 ta mehmonxona va mehmon uylarida joriy yilning 9 oyi uchun 120 ming xorijiy fuqaroga joylar band qilingani holda pandemiya sababli tashriflarning aksariyati bekor qilindi. Oqibatda joylashtirish vositalari 95 milliard 300 million so‘mlik tushumdan mahrum bo‘lgan. Turizm yo‘nalishidagi 331 korxona faoliyatini to‘xtatishi oqibatida 4530 nafar fuqaro vaqtincha ishsiz qoldi.

Sessiyada kelgusi yilda barcha yo‘nalish va tarmoqlarda yuqori o‘sish sur’atlariga erishish uchun rejalar belgilangani qayd etildi. Jumladan, 2021 yil birinchi yarmida 4,9 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish yoki o‘sish sur’atini 103 foizga oshirish rejalashtirilgan.

Aholi bandligini ta’minlash maqsadida 7,6 ming fuqaro maqsadli dasturlar doirasida yaratiladigan bo‘sh va vakant ish o‘rinlariga ishga joylashtiriladi. 5,4 ming fuqaroning bandligini ta’minlash uchun 5 yo‘nalishda subsidiya mablag‘i ajratiladi.

Yil davomida 40 dan ortiq ijtimoiy soha muassasalarida qurish, mukammal ta’mirlash, rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Qorasuv massivida yangi tartibga muvofiq 10 ta 16 qavatli (960 ta xonadonli) turarjoy binolari quriladi.

Sessiya yakunlangach, Samarqand shahar hokimi B.Obloqulov va sektor rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda yig‘ilishda ishtirok etgan ommaviy axborot vositalari vakillari va tadbirni ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatgan fuqarolarning savollariga javob qaytarildi.

***

Samarqand tumani hokimi N.Mavlonov o‘z so‘zida pandemiya sababli tumandagi 565 ta sanoat korxonasining 76 tasi faoliyatini vaqtincha to‘xtatgani, boshqalari ham kam quvvatda ishlaganini ta’kidladi. Oqibatda sanoat ishlab chiqarish hajmi joriy yilning birinchi yarmida o‘tgan yilga nisbatan 6,2 foizga, 9 oy yakuni bilan 0,9 foizga kamaydi. Sektor rahbarlari va boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan “korxonabay” ish olib borilishi natijasida 11 oy yakuniga ko‘ra, sanoat ishlab chiqarish hajmi 1 trillion 380 milliard so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 107,6 foizga ko‘paygan.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, xizmatlar ko‘rsatish, chakana savdo bo‘yicha ham yil boshida belgilangan rejalar ortig‘i bilan bajarildi.

Tumanning turizm salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida M-37 va M-39 xalqaro avto­magistral yo‘llari atrofida bir qator loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, “MIX ROYAL PALACE” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan zamonaviy motel, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, umumiy ovqatlanish, zamonaviy sanitariya-­gigiyena shoxobchasi va non muzeyi loyihasi hayotga tat­biq etilmoqda. “INTRAMED” korxonasi esa 236 milliard so‘mlik loyiha asosida yuqori texnologik tibbiy markazi tashkil etmoqda. Bulardan tashqari, Konigil va Oqbo‘yra qishloqlarida bugungi kun talablariga to‘la javob beradigan sayyohlik maskanlari bunyod etildi.

2021 yil birinchi yarim­yillikda 813,1 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Tuman hokimi 2021 yilda chorvachilik, parrandachilik, meva-sabzavot yetishtirish va bog‘dorchilikni rivojlantirish borasida rejalashtirilgan loyihalar haqida ham ma’lumot berdi. Bugungi kunda tumandagi parrandachilik xo‘jaliklarida 1,4 million bosh va aholi xonadonlarida 1,1 million bosh parranda parvarish qilinib, 607,1 million dona tuxum yetishtirilmoqda. Kelgusi yil birinchi chorak yakuniga qadar 1,3 million dona tuxum yetishtirish imkonini beradigan yana 3 ta loyiha amalga oshiriladi.

Sessiyada deputatlar, tuman faollari murojaat yuzasidan o‘z taklif va munosabatlarini bildirdi.

Yig‘ilishdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida N.Mavlonov jurnalist va blogerlarning savollariga javob berdi.