Hovlisidagi hovuzda 6 tonnagacha baliq yetishtirayotganlar bor
Ayrim fermer va tadbirkorlar katta-katta suv havzalaridan maqsadsiz, xo‘jasizlarcha foydalanib kelayotgan bir paytda jomboylik Yunusxon Najmiddinov xonadonida, ikkita kichik hovuzchada tonnalab baliq yetishtirib, ro‘zg‘ori obodligini ta’minlayapti, bozor to‘kinligiga hissa qo‘shyapti.
Jomboylik tadbirkor Yu.Najmiddinov ikki yil avval “Hasanxon tilla baliqlari” oilaviy korxonasini tashkil qilib uy sharoitida, intensiv usulda baliq parvarishlay boshladi. Katta bir xonada ikkita hovuzcha qurib, har biriga 1500 tadan Afrika laqqa balig‘i chavoqlarini tashlagan edi. Bu yerda yiliga uch marta, har mavsumda 6 tonnagacha baliq yetishtirish mumkinligini birov eshitsa, ishonmaydi. Ammo bu uddalasa bo‘ladigan yumush ekan.
– Bir necha yil avval oilaviy sharoitimni yaxshilash maqsadida chetga chiqib ishladim, – deydi Saroy mahallasida yashovchi Yunusxon Najmiddinov. – Pul topdim-u lekin buniyam o‘ziga yarasha mashaqqati bor. 2017 yilda qishloqqa qaytganimda ilgarigidek elektr energiyasida uzilish kamayganini ko‘rib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun imkoniyatlar yaratilayotganini eshitib, tavakkal qilib oilaviy korxona ochishga kirishdim. Ikki yil avval “Agrobank” tuman filialidan 3 yil muddatga 90 million so‘m imtiyozli kredit olib, xona sharoitida 3x4 metr bo‘lgan 2 ta hovuzda baliq parvarishlay boshladim. Birinchi yil biroz qiyin bo‘ldi. Keyin tajriba to‘pladik, o‘rgandik. Endi har mavsumda 60 million so‘mgacha daromad qilyapmiz. Sohaga qiziqqan qishloqdoshlarimizga men qilgan xatolarga yo‘l qo‘ymasligi uchun baliq boqish sirlarini o‘rgatyapman. Ularga baliq chavoqlarini ham o‘zim yetkazib beryapman.
Yunusxon akaning o‘g‘li, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi talabasi Xurshidxon Yahyoyev ayni paytda karantin sabab o‘qish jarayonlarida onlayn ishtirok etib, uyida otasiga baliq parvarishlashda ko‘maklashmoqda.
Bu oila kichik tomorqadan ham unumli foydalanar ekan. Bir sotixli issiqxonada qishda pomidor, bodring va turli xil ko‘katlar yetishtiriladi. Yozda esa baliq hovuzlari uchun zarur bo‘lgan suvni ilitib berish vazifasini bajaradi. Natijada 3-4 oy davomida suv isitish uchun ishlatilishi lozim bo‘lgan gaz iqtisod qilinadi.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV.