IIB xodimlari tomonidan qiynoqqa solingan fuqaro vafot etdi
2020 yil 30 may kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga Andijon shahar Salohiyat ko‘chasida yashovchi fuqaro A.Abdukarimov tan jarohatlari bilan kelib tushgan.
Mazkur holat yuzasidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilib, shu kuni Andijon shahar IIO FMB 4- IIB xodimlariga nisbatan JKning 206-moddasi 1-qismi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Aniqlanishicha, IIB JQB tezkor vakillari ish yurituvdagi ariza yuzasidan fuqaro A.Abdukarimovni IIB ma’muriy binosiga olib kelib, hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib, noqonuniy ravishda ushlab turganliklari oqibatida uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgan.
A.Abdukarimov sog‘lig‘i yomonlashganligi sababli Andijon shahar IIO FMB 4-IIBdan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga yotqizilgan.
Jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tergov harakatlari davomida 2020 yil 1 iyunda uch nafar ichki ishlar xodimlariga nisbatan JKning 206, 234 va 235-moddalari bilan ayb e’lon qilinib, “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Jabrlanuvchi A.Abdukarimovga shifokorlar tomonidan barcha tibbiy yordamlar ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramasdan, 2020 yil 11 iyunda vafot etgan.
Bosh prokuraturaning jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinovning xabar berishicha, hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.