Jamoat mulkiga munosabatimiz o‘zgaradimi?
Tilimizda ko‘p qo‘llaniladigan “jamoat mulki” tushunchasi qonunchiligimizda aks etmagan. Biz umumiy foydalanuvda bo‘lgan davlat mulkiga shunday nisbat berishga o‘rganganmiz.
Bundan maqsad – aholi orasida mazkur mulk shakliga nisbatan “egalik” tuyg‘usini shakllantirish va shu orqali ularni asrashda jamoatchilik nazoratini o‘rnatish bo‘lsa kerak. Biroq buni barcha his qilmayapti. Aksincha, jamiyatimizda hamon jamoat mulkiga nisbatan befarqlik, undan ham yomoni, tajovuzkorona munosabat ustunlik qilmoqda.
Toptalgan yashil maydonchalar, shikastlangan daraxt va yoritkichlar, singan o‘rindiqlar, chiqindixonaga aylantirilgan bekat va ko‘chalar... Bu ro‘yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin. Achinarlisi, biz shunday manzaralarni har kuni va har yerda ko‘rganimiz uchun buni odatiy holat sifatida qabul qilishga o‘rganib boryapmiz. O‘zimizniki bo‘lmagan narsaga achinmaydigan bo‘lib qoldik.
Aslida davlat mulki ham begonaniki emas. U xalqning puli evaziga keladi. Biz uni tasarruf etish huquqinigina davlatga beramiz. Jamoat mulki tushunchasi esa davlat mulki tasnifiga ham unchalik to‘g‘ri kelmaydi.
Izohda nima deyilgan: Davlat mulki - mulkchilik shakllaridan biri, davlatga qarashli va uning o‘z vazifalarini bajarishi uchun zarur barcha mol-mulklar va mulkiy huquqlar. O‘ylab ko‘rsak, davlat o‘z vazifasini bajarishi uchun jamoat mulklari unchalik muhim emas. Ular asosan xalqning manfaati, uning yaxshi yashashi uchun xizmat qiladi. Biz o‘zimizga zarar yetkazuvchilarmiz.
Qo‘rqinchli odamlar o‘lkasi
“Mana shu yo‘laklarga shunday o‘rindiqlar kerak, deb Jomboy tumani rahbarlariga bir necha marta taklif beruvdim.
Taklifni jo‘yali hisoblashdi. Bir nechta nuqtaga mustahkam va sifatli o‘rindiqlar joylashtirildi. Maqsad, qariyalar, yosh bolali insonlar ko‘chada sayr qilish uchun chiqadi, zarurat tug‘ilganda biroz hordiq olishi mumkin. Harqalay madaniyat egalari yashaydigan o‘lkalarda shunaqa qulaylik bor.
Va, biz kimmiz? Suratga qarang!
Ba’zan qo‘rqib ketadi odam. Qachondir o‘zgaramizmi?”.
Bu hamkasblarimizdan birining ijtimoiy tarmoqdagi posti. Savol tug‘iladi? O‘rindiqdagi taxtalar biror kimga kerak bo‘ldimi? Yo‘q, albatta. Bu jamoat mulkiga bo‘lgan tajovuzkorona munosabatning yorqin namunasi. Ayrimlar shu tarzda o‘z “kuch”ini ko‘rsatishga urinadi. Ammo bu kuch emas, ko‘proq zaiflik belgisidir. To‘g‘ri-da, odamlar hordiq chiqarishi uchun qurilgan o‘rindiqni sindirib qahramon bo‘ladimi hech bir kishi? Alamzada bo‘lsang, jabrini hamma ko‘rishi kerakmi? Bundaylar jamiyatga qilayotgan xunrezliklari bilan emas, balki dunyoqarashi bilan ko‘proq zarar keltiradi. Boisi, ular ham ota yoki ona sifatida bolalariga “tarbiya” beradi yoki yoshlarga “qahramonlik”ni o‘rgatadi. Xullas, charxpalak aylanaveradi, muammo esa hal bo‘lmaydi.
Yana xorij tajribasidan misol keltirib, ulardan o‘rganaylik, demoqchi emasmiz. Madaniyat kerak bo‘lsa, u o‘zimizda ham ziyoda. Muammo uni jamoatchilikka yetkazishda qolmoqda. Agar ta’lim muassasalarida, jamoat joyida o‘zini tutish, mulkni asrash bo‘yicha mashg‘ulotlar, amaliy darslar o‘tilganda, televideniyeda shu mavzudagi ijtimoiy reklamalar ko‘paytirilganda vaziyat ijobiy tarafga o‘zgararmidi?! Qolaversa, kinolarimizda madaniyatli insonlarning imidjini targ‘ib qilish, xalqda “jamoaviy madaniyat” brendini yaratishga ko‘proq e’tibor berish kerak nazarimizda. Jamoaviy madaniyat individual emas, jamoaviy shakllantiradi.
Siz nima deysiz?
Asqar BAROTOV.