Jamoat parklari: Go‘zalkentdagi xiyobon qayta tiklanadi

«O‘zbekiston – 2030» strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish bilan bog‘liq tadbirlar rejasida barcha shahar va tumanlarda har 50-100 ming nafar aholi uchun jamoat parklarini tashkil etish vazifasi belgilangan. Xo‘sh, viloyatimizda mazkur yo‘nalishda qanday ishlar olib borilyapti?

Biz ushbu jarayonni Past Darg‘om tumani misolida o‘rganishga harakat qildik.

Tumandagi birinchi jamoat parki quriladigan manzil - Go‘zalkent mahallasiga yetib bordik. Unga tutash Olti Qahramon, Paxtakor, Zormon, Guliston mahallalarini qo‘shib hisoblaganda, hududdagi aholining o‘zi 15 ming nafardan oshar ekan. E’tiborlisi, park bir vaqtlar Go‘zalkentning tashrif qog‘ozi bo‘lgan, ayni kunda qarovsiz holatdagi xiyobon o‘rnida tashkil etiladi.

– Ilgari xiyobonimiz doimo aholi bilan gavjum bo‘ladigan ko‘rkam va manzarali maskan edi, - deydi Go‘zalkent mahallasi raisi Ilhom Norboyev. – Keyin u qarovsiz qoldirildi, hech bir mas’ul hududni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirishga e’tibor qaratmadi. Mahallada esa buning uchun mablag‘ yo‘q. Yillar davomida xiyobonni yon-atrofdagi xonadon egalari obodonlashtirib turdi. Bu vaqt davomida uni daraxtkushlardan himoya qilish uchun ham ozmuncha zahmat chekmadik.

Darhaqiqat, xiyobon hududida ko‘kka bo‘y cho‘zib, yon-atrofga salqinlik ulashib turgan 50-60 yillik chinor, katalpa, turli archa daraxtlarini ko‘rishingiz mumkin. Bog‘da sug‘orish tizimi nosozligi sababli ayrim joylardagi daraxtlar allaqachon qurib, ochiq maydonchalar hosil bo‘lgan. Mahalliy aholi bilan suhbatimiz chog‘ida ko‘pchilik jamoat parkini qurish bahonasida mavjud daraxtlar ham kesilishidan xavotir bildirdi.

– Xiyobon hududida 400 tupga yaqin daraxt mavjud, - deydi tuman ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i Akmal Tursunov. – Ularning barchasi tegishli reyestrga kiritilgan, kesilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Park uchun joy tanlashda bu ham inobatga olingan. Loyiha bo‘yicha xiyobonni yashil makonga aylantirish va unda fuqarolarning tabiatdan bahramand bo‘lib, ma’naviy hordiq chiqarishi uchun barcha sharoitlarni yaratish belgilangan. Ya’ni, loyiha nafaqat fuqarolarning qulayligiga, balki hududdagi ekologiyaning yaxshilanishiga ham xizmat qiladi.

Bu tumandagi yagona loyiha emas. Olti Qahramon mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Anhor kanali qirg‘og‘ida ham yashil jamoat parkini tashkil etish rejalashtirilgan. Biz ayni maqsadda ajratilgan 50 sotix yerni borib ko‘rganimizda, yerni tayyorlash, atrofini obodonlashtirish ishlari boshlab yuborilganiga guvoh bo‘ldik.

Huddi shunday parklar Oqdaryo tumanining Mustaqillik mahallasi hududida bo‘sh turgan 0,7 gektar, Paxtachi tumanining Shamsnazar mahallasi hududida bo‘sh turgan 1 gektar, Payariq tumanining Xo‘ja Ismoil mahallasi hududida bo‘sh turgan 3,5 gektar yer maydonida tashkil etilishi belgilangan. Boshqa tumanlarda ham qaror ijrosi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

– Joriy yilning kuz mavsumida viloyatda jami 64,15 gektar yer maydonida yashil jamoat parklarini tashkil etish rejalashtirilgan, - deydi viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bioxilma-xillikni asrash, raqamlashtirish va kadastrni yuritish bo‘limi bosh mutaxassisi Muxlisxon Buzrukov. – Bundan tashqari, shu davrda 19,12 gektar yer maydonida 16 ta hokimlik bog‘i, shuningdek, davlat tashkilotlari tomonidan 50 sotixdan 2 gektargacha yer maydonida tashkilot bog‘lari barpo etiladi. 7 ta shahar va tumandagi 28,4 gektar yerda «yashil bog‘»lar hamda atrof-muhitga zararli ta’siri xavfi 1 va 2-toifaga kiruvchi yirik sanoat korxonalari tomonidan 71,8 gektar maydonda 120 ming tup daraxt ko‘chati ekilib, «yashil belbog‘» tashkil etiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat hududida 2023 yilning bahor mavsumida «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida 10 million 364 ming dona mevali va manzaralari daraxt hamda buta ko‘chatlari ekilgan. Xususan, Past Darg‘om tumanida bu 1 million 78 ming tupni tashkil etadi. Monitoring davomida ularning 287 tasi qarovsiz qolganligi sababli quriganligi aniqlanib, 18 ta holatda mas’ullarga jarima chorasi qo‘llanilgan.

Asqar Barotov.