JCh-2026, Saralash: Futbolchilarimiz Shimoliy Koreya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi
Bugun futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo qit’asida Jahon chempionati 3-saralash bosqichining 6-turi doirasida KXDR termasiga qarshi safarda o‘ynaydi.
Milliy terma jamoamiz bu bellashuvda to‘liq ko‘k, darvozabonimiz esa yashil libosda harakat qiladi. KXDR futbolchilari esa an’anaviy qizil formada maydonga tushadi.
Mazkur uchrashuvdan avval har ikkala terma jamoaga oid statistikaga e’tibor qaratsak: Futbolchilarimiz KXDR termasi bilan jami 12 marotaba o‘zaro to‘qnash kelgan. Ushbu o‘yinlarning 6 tasi o‘rtoqlik, 5 tasi jahon chempionati saralashi va bittasi Osiyo kubogi doirasida o‘tkazilgan. Unda vakillarimiz 7 marotaba g‘alaba qozongan bo‘lsa, 3 marta durang qayd etilgan va 1 marotaba mag‘lub bo‘lgan.
1998 yil o‘tgan O‘zbekiston va KXDR uchrashuvida 4:0 hisobi qayd etilgan bo‘lsa, so‘nggi bahs joriy yilning 5 sentyarb kuni Jahon chempionati 3-saralash bosqichining birinchi davrasida o‘tkazilgan va unda futbolchilarimiz Toshkentda 1:0 hisobida g‘alaba qozongan.
Ushbu saralashda terma jamoamiz “A” guruhida 10 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. Eron esa 13 ochko jamg‘argan holda yaqqol peshqadamga aylangan. BAA hamda Qatar termalari hisobidagi ochkolar 7 taga yetdi va ular 3-4-o‘rinlarga joylashdi. Qirg‘iziston 3, KXDR 2 ochko bilan keyingi pog‘onadan o‘rin egalladi.
Bugun bu guruhda Qirg‘iziston – Eron, BAA – Qatar terma jamoalari bahsiga guvoh bo‘lamiz.
Ma’lumot uchun: KXDR - O‘zbekiston o‘yini Toshkent vaqti bilan soat 17:00 da boshlanadi. Uchrashuvga Laos poytaxti Ventyan shahridagi “Lao” stadioni mezbonlik qiladi.
Bahsni quvaytlik hakamlar brigadasi boshqaradi - Ali Ahmad bosh hakam sifatida ishlasa, unga qanotlarda Alanezi Abdulhadi va Abbos Ahmad yordam beradi. To‘rtinchi rasmiy hakam — Ammar Ashkanani, VAR’da esa Abulloh Jamali faoliyat ko‘rsatadi.