​Jo‘shda jo‘shqin ish jarayoni

Jo‘sh – Samarqand viloyatining olis qishloqlaridan biri. Viloyat markazidan 140 kilometr uzoqlikda joylashgan bu maskan Qo‘shrabotning ham chekka hududi sanaladi.

26 mingdan ortiq aholi istiqomat qilayotgan qishloqda ijtimoiy soha, bozor infratuzilmasi ob’yektlari mavjud bo‘lsa-da, ulardagi sharoit va imkoniyatlar bugungi kun talablariga javob bermaydi. Aholi uchun zamonaviy turmush sharoiti yaratish borasidagi ishlar ham boshqa hududlarga nisbatan ancha sust...

Ha, ayni paytda Jo‘sh haqida gap ketsa, shunday fikrlar bildirilishi tabiiy. Ammo bu vaqtincha. Nasib etsa, joriy yil yakuniga borib, Jo‘sh haqida jo‘shib gapirish uchun asos ham, imkoniyat ham paydo bo‘ladi. Chunki bu yil Jo‘shda “Obod qishloq” dasturi asosida keng ko‘lamli bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Hokim ham, hakimlar ham shu yerda

Jo‘shdagi ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha shtab joylashgan qishloq markazidagi kasb-hunar kollejiga borganimizda Qo‘shrabot tumani hokimi sektor rahbarlari, mutasaddi tashkilotlar mas’ul xodimlari va mahalla faollari bilan birga hududda amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil iilayotgan ekan.

– “Obod qishloq” dasturiga kirgan boshqa hududlarga nisbatan bu yerdagi ishlar ko‘lami keng, salmog‘i katta, buni hech birimiz unutmasligimiz kerak, – deydi tuman hokimi H.Oqbo‘tayev. – Bu yerda bitta-ikkita emas, sakkiz mahalla bor. 3 ming 400 dan ortiq xonadon, 5 mingga yaqin oila mavjud. Ularning har biriga kirish, turmush sharoitini o‘rganish, muammo va takliflarini eshitish lozim. Har bir oila a’zosining salomatligi, nima ish bilan mashg‘ulligi, daromadi, kelgusi maqsadlarini o‘rganishimiz talab etiladi. Shu asosda vazifalarni belgilab olib, ularni amalga oshiramiz. Obod qishloqni avvalo, xonadonlardan, odamlarning ko‘nglini obod qilishdan boshlashimiz kerak. Maktab, bog‘cha, tibbiyot muassasasi, yo‘l va boshqa yirik qurilishlar davlat tomonidan amalga oshiriladi. Ehtiyojmand kishilar, nogironligi bo‘lgan shaxslarning uy-joyini ta’mirlashga ham yordam beriladi. Bu haqda gap bo‘lishi mumkin emas. Lekin boshqalar ham o‘z uyi va uning atrofini obod qilishga intilishi kerak. Bugun bu borada tushuntirish ishlari olib borishimiz zarur. Ayniqsa, aholini tadbirkorlikka o‘rgatish, yerdan samarali foydalanishni targ‘ib etishga mas’ullar bu masalaga jiddiy yondashishi lozim. Shunchaki xonadonlarga kirib-chiqish, kredit olasizmi-yo‘qmi, deb so‘rash bilan ish bitmaydi. Odamlarga ularning qiziqish va intilishi, oilaviy sharoitini hisobga olib, qaysi faoliyat bilan shug‘ullanish manfaatli ekanini sodda qilib tushuntirsakkina uyma-uy yurganimiz o‘z natijasini beradi.

Ta’kidlanishicha, hozirgacha mahallalardagi 3 ming 281 xonadon o‘rganilgan va ularda mavjud muammolar qayd etilgan. Kredit olish istagini bildirgan 555 oiladan 217 tasining hujjatlari tayyor. 33 kishiga “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturi asosida 800 million so‘mga yaqin mablag‘ ajratilgan. Xonadonlar xatlovdan o‘tkazilib, 2 ming 700 dan ortiq uy-joyning kadastr hujjatlari tayyorlab berilgan. O‘rganish natijalari asosida 840 xonadon suyultirilgan gaz balloni bilan ta’minlangan.

Aholi salomatligini muhofaza qilish, ularga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida ayni paytda jo‘shliklar viloyatdagi tibbiy markazlarning 20 dan ortiq mutaxassisi tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.

– Barcha shifokor va mutaxassislar zarur tibbiy apparat va vositalar bilan kelib, shu yerning o‘zida aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda, laboratoriya tekshiruvlari amalga oshirilmoqda, – deydi Qo‘shrabot tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i B.Egamberdiyev. – Bu ishga viloyatdagi ixtisoslashgan tibbiyot markazlari mobil tekshiruv mashinalari ham jalb etilgan. Hozirgacha 11 mingdan ortiq aholi ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning 3 ming 300 nafarida turli kasalliklar aniqlandi. 2 ming 300 kishiga ambulator, 900 kishiga statsionar davolanish tavsiya qilindi. Ularga viloyat va tuman tibbiyot muassasalariga yo‘llanma berildi. Shuningdek, 8 nafar bemor Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlariga davolanish uchun order oldi.

8 mahallada 8 mahalla markazi va mini-futbol stadioni quriladi

Dastur doirasida qishloqdagi umumiy uzunligi qariyb 200 kilometrlik ichki yo‘llarni tekislash, tosh-shag‘al yotqizish rejalashtirilib, bu ish ayni paytda jadal suratda olib borilmoqda. Buning uchun 15 yuk avtomashinasi va 12 yuklovchi va tekislovchi texnika jalb etilgan. Shu paytgacha yozda chang-tuproq, qishda loy kechib o‘tilgan ko‘chalarga ham ilk bor tosh to‘kilib, tekislanmoqda. Transport vositalari va piyodalar uchun qulaylik yaratish maqsadida qishloq ichidan o‘tgan soylardagi ko‘priklarni ta’mirlash, 2 ta yangi ko‘prik qurish ham dasturga kiritilgan. Bundan tashqari, qishloqdagi 5 kilometrlik markaziy ko‘chani kengaytirish va asfalt yotqizish, piyodalar yo‘lagi tashkil etish rejalashtirilgan.

 

40.JPG
 
41.JPG
 
42.JPG
 
43.JPG
 
44.JPG
 
46.JPG
 
48.JPG
 
49.JPG
 
50.JPG

Ana shu yo‘llar yoqasida o‘tgan asrning turli yillarida o‘rnatilgan va bugunga kelib yaroqsiz bo‘lib qolgan eski simyog‘ochlar ham temirbeton to‘sinlarga almashtirilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, qishloqda bu yil elektr uzatish havo tarmoqlari uchun 1000 dan ortiq yangi temirbeton tayanch o‘rnatiladi. Shuningdek, 8 ta qo‘shimcha transformator o‘rnatish, 6 ta transformatorning quvvatini oshirish ko‘zda tutilgan. Bu yumushlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

– Qishlog‘imizdagi bunyodkorlik ishlari yanvar oyining dastlabki kunlarida boshlangandi, – deydi “Jo‘sh ota“ mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abdualim Nosirov. – Viloyat hokimi mutasaddi idoralar rahbarlari bilan bir necha bor kelib, amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlarni muhokama qildi. Barcha mahallalarda, ko‘cha va xonadonlarda bajariladigan ishlar belgilab olindi, qurilish ishlari loyihasi tayyorlandi. Endi bu loyihalarni ko‘rib, ko‘z quvnaydi-da. Odamlar nahotki, qishlog‘imiz shunchalik chiroyli bo‘ladi, deb hayajonda.

Ayniqsa, ko‘p yillardan buyon umuman e’tibordan chetda qolib kelgan yodgorlik majmuasining ta’mirlanishi va uning atrofida istirohat bog‘i barpo etilishini eshitgan xalqimizning quvonchi cheksiz. Yana deng, har bir mahallada savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, mahalla markazi, sun’iy qoplamali mini-futbol maydonlari tashkil etiladi. Shu paytgacha eski kolxoz binosida faoliyat olib borgan tuman markaziy shifoxonasining Jo‘sh filiali uchun yangi bino qurilmoqda. Bu yerda aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoit yaratiladi. Tez yordam shoxobchasi tashkil etiladi.

Jo‘shliklar zamonaviy uy-joylarda yashaydi

Bu yil qishloqda ilk bor 20 ta arzon uy-joy qurilib, ehtiyojmand oilalarga berish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, soy bo‘yida yoki noqulay joylarda joylashgan uyi buziladigan oilalarga ham yordam ko‘rsatilib, ularga arzon uylar qurib beriladi.

 

– Ochig‘i, shu vaqtga qadar odamlar yo‘l, elektr energiyasi, suv ta’minotini hisobga olmagan holda o‘zi istagancha uy-joy qurib olavergan, – deydi “Chimmos“ mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Sa’dulla Abdusamatov. – Shu sababli, qishloqdagi uylarning joylashuvi turli- tuman – biri yo‘lga chiqib ketgan, boshqasi soyga yaqin. Eng yomoni, bu uylardagi sharoit ko‘ngildagidek emas. Endi qishlog‘imizda yangi, zamonaviy uylar qurilishi boshqa xonadonlarda ham yangicha turmush madaniyati shakllanishiga turtki bo‘lishi shubhasiz. Kishilar bir-birining yashash tarzini ko‘rib, shunga odatlanadi-da. Muhimi, qishloqdoshlarimiz maktablar rekonstruksiya qilinayotgani, sport zallari qurilayotganidan, farzandlarining zamonaviy maskanlarda ta’lim-tarbiya olishidan xursand. O‘tgan yil dekabr oyida qishlog‘imizda yangi bog‘cha qurilgan edi, hozirda mahalla markazi bunyod etilyapti, yo‘llar ta’mirlanmoqda. Bu o‘zgarishlar aholining ertangi kunga ishonchini mustahkamlayapti, ularni mudroqlikdan uyg‘otyapti.

Darvoqe, jo‘shliklar asosan bog‘dorchilik – uzum yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Lekin ularning tomorqasida boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlari parvarishlash uchun ham sharoit bor. Afsuski, shu paytgacha bu imkoniyatdan hamma ham foydalanmagan. Shu bois ayni paytda viloyat, tuman jamoatchiligi, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi vakillaridan iborat guruhlar uyma-uy yurib, tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini bermoqda. Kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalarga sabzavot urug‘i, mevali daraxt ko‘chatlari tarqatilmoqda.

Xullas, bu yil Jo‘shda bahor o‘zgacha jo‘shqinlik bilan boshlandi. Butun qishloqni qamrab olgan bunyodkorlik ishlari katta-yu kichikni g‘ayrat-shijoat bilan mehnat qilishga, o‘z hayotini, turmush tarzini o‘zgartirishga chorlamoqda. Yashil libos kiyayotgan dalalarda erta-indin boshlanadigan Navro‘z shodiyonalariga ham qishloq ahli ana shunday kayfiyatda, o‘zgacha ishtiyoq bilan tayyorgarlik ko‘rmoqda. Zero, bu yil jo‘shliklar uchun tarixiy yil bo‘lib qolishi shubhasiz.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat).