Kambag‘allikni qanday kamaytiramiz?
Prezidentimiz Murojaatnomada birinchi bor rasman kambag‘allik to‘g‘risida gapirib, mamlakatimizda kambag‘allikni kamaytirish dasturini ishlab chiqish bo‘yicha vazifa qo‘ydi.
Davlat rahbarining mamlakatimizda kambag‘al odamlar qatlami borligini ochiq-oydin gapirishi, avvalo jasoratdir. Chunki Prezident bu bilan bir vaqtning o‘zida muammoni bartaraf etish bo‘yicha katta mas’uliyatni zimmasiga oldi. Ikkinchi tomondan, bu mamlakatimizda erkin gapirish, kamchiliklarimizni yashirmasdan ro‘y-rost ayta olish davri kelganligini ham anglatadi. Axir yaqin paytlargacha kamchiliklarimizni aytishdan tortinib keldik.
Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiy jihatdan baquvvat mamlakatlarda ham aholining kambag‘al qatlami bo‘lishi, ya’ni jamiyatda moddiy jihatdan tabaqalanish kuzatilishi mumkin. Iqtisodiy o‘sish sur’ati yaxshi bo‘lib, aholisining kambag‘allik darajasi o‘zgarmaydigan mamlakatlar ham bor. Bu odatda aholisi tez ko‘payib, iqtisodiy o‘sishi faqat ayrim sohalarda bo‘layotgan davlatlarda kuzatiladi. Boy mamlakatlar aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirib, masalani ma’lum darajada yechishi mumkin. Biroq bu masalaning to‘liq yechimi emas.
Asosiysi, mehnatga yaroqli aholi o‘rtasida yaxshi daromad olish, yaxshi yashashga intilish uchun harakatni shakllantirish kerak. Buning uchun esa davlat tomonidan barcha sharoitlar yaratilishi lozim. Avvalambor, mukammal qonunchilik bazasi yaratilishi, jamiyatda barcha uchun teng bo‘lgan, o‘z imkoniyatlari, iste’dodini to‘liq namoyon qilishga ko‘mak beradigan tizim bo‘lishi shart.
Endi har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat darajasida haqiqiy sharoit, ahvol tahlil qilinadi. Buning uchun avvalo, kambag‘allikka oid real ahvol o‘rganiladi, keyin tuman va shaharning salohiyati, tabiiy resurslari, yer va infratuzilma imkoniyatlari xaritasi tuziladi. Bu kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha bajarish lozim bo‘lgan barcha ishlar rejasini belgilab olish uchun juda muhim.
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, kichik biznes, tadbirkorlikni rivojlantirish kambag‘allikni kamaytirishda eng muhim omil. Aholini tadbirkorlikka o‘rgatish, kasbiy malakasini oshirish orqali kambag‘allikni kamaytirish eng asosiy masala sifatida belgilandi. Bu borada tadbirkorlik yaxshi rivojlangan va aholi zich joylashgan hududlar atrofida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan va bo‘sh turgan yer maydonlarida kichik sanoat zonalari tashkil etish taklifi g‘oyat katta ahamiyatga ega. Bu zonalarda zarur infratuzilma yaratish uchun byudjetdan katta mablag‘lar ajratilishi belgilandi. Demak, ishlarni bajarish uchun moliyaviy ta’minot masalasi ham hal qilingan.
Xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasida ishsizlik darajasi Samarqand viloyatida ham yuqori ekanligi qayd etildi. Foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni kambag‘al aholiga ajratib berish, zarur joylarda artezian va quduqlar qazish bo‘yicha topshiriq berildi. Viloyatimizda adir, lalmi yerlarimizning ko‘pligi bois bu imkoniyatdan samarali foydalanish yaxshi natija berishi aniq.
Bu borada avvalo, tomorqa yerlarimizdan unumli foydalanishimiz kerak. Ayrim qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxlarining bozorlarimizda keskin tushib ketishi ularni yetishtirayotgan dehqonlarimiz mehnatini samarasiz qilib qo‘yadi. Mehnat yaxshi foyda keltirishi uchun mahsulotlarni chetga eksport qilish masalasini ham yengillashtirish kerak. Albatta, bunda o‘zimizning oziq-ovqat xavfsizligimizni ta’minlash lozim.
Kambag‘allikni kamaytirishda dunyo bo‘yicha Xitoy tajribasi namunali. Iqtisodiy islohotlar boshlangan o‘tgan asrning 80-yillaridan boshlab hozirgacha Xitoy 800 milliondan ziyod aholini kambag‘allikdan chiqardi. 2020 yil kambag‘allikni butunlay tugatish yili deb e’lon qilingan. Bugungi kunda aholini, ayniqsa, qishloq joylarida band qiladigan asosiy yumush – bu mayda ishlab chiqarish korxonalaridagi mehnat, oilaviy biznes. Deyarli barcha mahsulotlar onlayn savdo bilan iste’molchilarga yetkaziladi. Bizda yaqinda joriy etilgan Bosh vazirning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi hamda hukumatda alohida kotibiyat tuzilmasi Xitoyda ham mavjud. XXRning davlat Kengashida kambag‘allik bilan kurashish qo‘mitasi faoliyat yuritadi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, yaxshi hayot o‘z-o‘zidan yaratilmaydi, buning uchun mehnat qilish kerak. Yaxshi, to‘q, farovon hayotni bizga hech kim yaratib bermaydi, uni o‘z mehnatimiz bilan yaratamiz.
Baxtiyor XO‘JAYoROV,
xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi deputati, Samarqand davlat universiteti professori.