Karantinda xaridga pasport bilan chiqish kerakmi?

Bugun, 13 apel kuni AOKA shtabida Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati rahbari Shohruh G‘iyosov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Karantin davrida nonga, bozorga, oziq-ovqat olishga ko‘chaga chiqyapmiz. Shunda ichki ishlar organlari xodimlari bir necha marotaba pasportimni so‘rashdi, men pasport olib yurishim shartmi? degan murojaatchilarning savoliga javob berildi.

Ichki ishlar organlariga boshqa idoralar bilan hamkorlikda fuqarolarning karantin qoidalariga rioya etishlarini nazorat qilish, tartib buzganlarga nisbatan keskin chora ko‘rish vazifasi yuklatilgan.

Agar Siz karantin davrida ko‘chaga chiqsangiz, bilingki, har bir ichki ishlar organi yoki Milliy gvardiya xodimi Sizni to‘xtatib, ko‘chaga chiqish maqsadingizni so‘raydilar. Bunda albatta, shaxsingizga aniqlik kiritish zarur. Agar yoningizda shaxsingizni tasdiqlovchi hujjat bo‘lmasa, Sizni ichki ishlar organiga olib borib, shaxsingizni aniqlashtirishga zarurat tug‘ilishi mumkin.

Shuning uchun, hayotiy zarurat tug‘ilganida ko‘chaga chiqsangiz pasportingiz yoningizda bo‘lishi ShART!

Agar Siz ishga ketayotgan bo‘lsangiz, qo‘shimcha, ishxona guvohnomasi va Siz ishga jalb etilganingiz haqidagi rahbar tasdiqlagan ma’lumotnoma qo‘lingizda bo‘lishi shart.

Ko‘chada bemaqsad yurganingiz aniqlansa, Sizga nisbatan jarima qo‘llaniladi.