Kattaqo‘rg‘onda har gektardan 20 tonnagacha qulupnay hosili olinmoqda
Kattaqo‘rg‘on tumani birinchi sektor hududidagi qishloqlarda aholi azaldan qulupnay yetishtirish bilan shug‘ullanib kelgan. Shu paytgacha bu yerda qulupnayning mahalliy navlari yetishtirilar edi. 2018 yilda tumanning sobiq hokimi A’zamxon Bahromovning tashabbusi bilan Polshadan keltirilgan “Zenga-zenga” navli qulupnay yetishtirishga kirishildi.
- Rahmatli ustozimiz A’zamxon Bahromov tashabbusi bilan amalga oshirilgan loyihalar bugun o‘z samarasini beryapti, - deydi tuman hokimining o‘rinbosari Qobiljon Tog‘ayev. – Shulardan biri tumanimizda qulupnayning Polshadan keltirilgan “Zenga-zengana” navi ko‘paytirilishi bo‘ldi.
Dastlab 2020 yilda 5 gektar maydonda ko‘chatzor barpo etildi va shu yilning o‘zida 500 gektar yerga ko‘chatlar o‘tqazildi. 150 gektari “Samarqand qulupnay IMPEX” MChJga, qolgan 350 gektar maydon tumanimiz fermer xo‘jaliklariga to‘g‘ri keladi. Ko‘chatlar plyonka ostida, tomchilatib sug‘orish texnologiyalari asosida parvarishlandi. 3 yil davomida bir joyda meva beradi va yildan-yilga hosili ko‘payib boradi. Shu yilning o‘zida har bir gektaridan 18-20 tonnagacha hosil olindi. Uning kilosi o‘rtacha 10 ming so‘mdan sotilgan bo‘lsa, gektaridan 200 million so‘m daromad olish mumkin degani. Bugungi kunda qulupnay Qashqadaryodan to Qoraqalpog‘istongacha sotilyapti. Kelgusida “Samarqand qulupnay” MChJ tomonidan bu meva tumanimizda qayta ishlanib, xorijga eksport qilinishi rejalashtirilgan.
Tumanning Valijon mahallasida joylashgan “Negmatov Azizbek” fermer xo‘jaligining 1 gektar maydoniga qulupnay ekilgan.
- Uch yil avval har biri 800 so‘mdan sotib olingan 30 ming dona qulupnay ko‘chatini yerga qadadik, - deydi fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Mehriddin Rashidov. – Birinchi yili har bir tup ko‘chat 30-40 donadan, ikkinchi yili 70-80 donadan meva tugdi. Uchinchi yilda esa 120-150 donagacha hosil berar ekan. O‘tgan yili shu bir gektarlik qulupnay maydonidan 50 million so‘mlik daromad qilgan bo‘lsak, bu yil 120 million so‘m sof foyda oldik. Bir mavsumda 15-20 kun hosil yig‘iladi.
Qishlog‘imizda 20 nafarga yaqin yoshlarni, xotin-qizlarni mavsumiy ishga jalb qildik. Ularning har biriga bir kunda kamida 70 ming so‘mdan haq to‘landi.
To‘lqin SIDDIQOV,
Sulaymon MARDIYeV.