Kattaqo‘rg‘onlik yigit suvga cho‘kayotgan 3 yoshli bolaning hayotini saqlab qoldi
Qish o‘z hukmini o‘tkazayotgan shu kunlarda, kunduz soat ikki yarimlarda (Kattaqo‘rg‘on tumani) Jumaboy mahallasi Jumaboy kishlog‘ida yashovchi 7 yoshli Qilichbek ukasi, 3 yoshli Nishonbek bilan o‘ynab kelish maqsadida uyidan 750 metrcha uzoqlikdan oqib o‘tadigan zax ariq - zovur yoniga boradi.
Zovur qirg‘og‘i qirovning erishi tufayli sirpanchiq bo‘lgani bois Qilichbekning ukasi Nishonbek zovurda oqayotgan oqava suvga tushib ketadi va suvda oqa boshlaydi.
Nishonbekning suvga tushib ketganidan qo‘rqqan akasi nima qilishini bilmay uyi tomon yuguradi. Shu ketishda zovurdan taxminan 500 metrcha uzokliqda yumush bilan yurgan Jumaboy mahallasi, Past qishlog‘ida yashovchi Jo‘rabek Ziyodovga duch keladi. Jo‘rabek Qilichbekning gaplaridan holatni tezda tushunib, bolani qutqarish uchun zovur tomonga yuguradi. Zovur yoqalab bir chaqirimdan ortiq yugurib borayotib, suv ustida qimirlamay oqib ketayotgan bolani ko‘radi va ust-boshi bilan o‘zini suvga tashlab, bolani suvdan olib chiqadi. Lekin, bola hushsiz va nafas olmayotgandi.
Jo‘rabek bolaning nafas olishi uchun qo‘ldan kelgan hamma ishni qiladi. Nishonbekning tilini tortadi, sun’iy havo beradi, bolaning ko‘krak qismini ketma-ket bosib, oyog‘ini osmonga ko‘taradi. Shu yo‘l bilan uni hayotga qaytarishga harakat qiladi. Ko‘rsatilgan ushbu yordamdan so‘ng bola bir seskanib, chuqur nafas oladi va hayotga qaytadi.
Jo‘rabek bolaning ho‘l bo‘lgan ust-boshlarini yechib, uni o‘zining to‘niga o‘raydi, bolani ko‘targancha qishloq tomon yuradi. Yordamga boshqa kishilar ham yetib kelishadi, tez yordam chaqiriladi.
Jo‘rabek bolani qo‘lidan qo‘ymay, tibbiy tez yordam mashinasida shifoxonaga ham boradi. Shifokorlarning tegishli muolajalaridan keyin Nishonbek o‘ziga keladi va uning yuziga kulgu yugurganini ko‘rgandan keyingina Jo‘rabek ust-boshi jiqqa namligini, o‘zi ham sovuq qotayotganini sezadi...
Hozirda Nishonbekning sog‘lig‘i joyida. Jo‘rabek Ziyodov esa o‘z yumushlari bilan band.
Jo‘rabekning bu odamiyligi va qahramonligidan bolakayning ota-onasi, qolaversa, barcha Jumaboy mahallasida istiqomat qilayotgan yoshu qari birdek minnatdor.
Farhod QARShIYeV,
Jumaboy mahallasi raisi.