Kim Chen In kim o‘zi?

Kim Chen In – Koreya Xalq Demokratik Respublikasi Davlat kengashi raisi, buyuk Koreya dohiysi Kim Ir Senning nabirasi va Kim Chen Irning uchinchi o‘g‘li. Xullas, egallagan lavozimi bobo meros. Ziddiyatlar yangi hukmdor tug‘ilganidan boshlanadi. Negaki, bu qachon ro‘y berganligi noma’lum. Ishonchliroq sana – 1982 yil 8 yanvar. Biroq shimoliy koreyalik razvedkachilar uni ikki yil keyin, yanvardan emas, iyulda tug‘ilganini ta’kidlaydilar. Pasportni esa yoshi katta va aqlli ko‘rinish uchun to‘g‘rilab olgan ekan.

Kim Chen In 2011 yilda otasi Kim Chen Ir vafotidan keyin KXDR boshlig‘i bo‘ldi. O‘smir hukmdorlikni o‘z amakisi Chan Son TXEKO bilan baham ko‘radi, deb taxmin qilingandi. Ammo unday bo‘lmadi. Bir necha yildan keyin nafaqat amakisi, balki mamlakatda ikkinchi odamni davlatga xiyonatda ayblab qatl ettirdi. Uning aybi nima edi? Son-sanog‘i yo‘q: axloqsizlik, chet ellik tadbirkorlarga yer sotish, mol-mulkni o‘g‘irlash va hatto davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik… Xullas, u otib tashlandi.

Shunday qilib Kim Chen In mamlakatda hokimiyatni o‘z qo‘liga oldi. U bobosi, buyuk dohiy Kim Ir Senga tashqi ko‘rinishidan o‘xshashligi bilan xalqda xayrixohlik uyg‘otdi. 2013 yilda Malayziya xususiy universitetida iqtisodiyot bo‘yicha doktorlik darajasini oldi. Uning yana ikkita «ilmiy» darajasi bor – «Ajoyib o‘rtoq, Yangi yulduz», «Daholar ichra daho». Ha, KXDR xalqi uni xuddi shunday ataydi.

Rasmiy tasdiqlanishicha, Kim Chen In yoshligida Shimoliy Koreyada emas, jahonning eng yaxshi o‘quv yurtlarida, jumladan, Shveysariyada tahsil olgan. Bo‘lajak KXDR dohiysi Pak In nomi bilan o‘qigan, kursdoshlari aynan u ekanligini ta’kidlashadi.

Kim Chen In hukmronligi raketa va yadro quroli ishlanmalarini davom ettirish, fazoviy yo‘ldoshlar uchirish, iqtisodiy islohotlar o‘tkazish, XXP bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatish, Shimoliy Koreya va G‘arb mamlakatlari bilan munosabatlarda 2015-2017 yillarda keskin yomonlashishdan 2018 yilda yumshashgacha o‘zgarib turdi. Uning davrida KXDR Janubiy Koreyani ortda qoldirib, kosmik qudratli davlatlar klubiga kirdi. Shimoliy Koreya o‘z tarixida uchinchi marotaba yadro sinovi o‘tkazib, xalqaro mojaroga sabab bo‘lgani ma’lum. Bunga BMT qat’iy norozilik bildirib, KXDRga qarshi sanksiya e’lon qilgan edi. Kim Chen In esa AQShga yadro zarbalari berish bilan tahdid qilgandi.

O‘shanda, 2013 yilda KXDR 1953 yilda hujum qilmoqlik to‘g‘risida Janubiy Koreya bilan tuzilgan shartnomani bekor qildi.

- Ammo, - dedi dohiy, - yadro quroli mudofaa sifatida qo‘llanadi. Shuni ta’kidlash kerakki, KXDR yadro zaryadini 13 ming kilometr uzoqlikka, ya’ni Yer sharining istalgan nuqtasiga yetkazadigan raketalarga ega.

Bu xalqaro ko‘lamda Kim Chen Inning siyosiy mavqeini ancha ko‘tardi. U chet ellarga safarga chiqa boshladi, muxoliflarini o‘zi bilan hisoblashishga majbur etdi. Pekinda, Vladivostokda bo‘ldi, Donald Tramp bilan Singapurda uchrashdi. AQSh Prezidenti Koreya yarim orolini to‘liq yadro qurolidan xoli qilishni talab qildi. Ammo Kim Chen In bunga rozi bo‘larmidi? Albatta, yo‘q!

KXDR XXR dagi singari iqtisodiy islohotlarga qo‘l urdi. Davlatning xususiy biznesga munosabati yaxshilandi, xorijiy sarmoyalarni jalb qilib, iqtisodiy zonalar yaratishga keng imkoniyatlar ochildi. Oilaviy pudratga o‘tish agrar siyosatda bosh rol o‘ynadi. Axborot texnologiyalari rivojlana boshladi. Xitoyda 83 million dollarlik smartfon va mobil telefonlar import qilindi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Kim Chen In Janubiy Koreya bilan munosabatlarni yaxshiladi. Ikki mamlakatning birlashishiga uzoq vaqtdan keyin bo‘lsa-da, birinchi qadam tashlandi.

«Mir novostey» (2020 y, 18-son)dan qisqartirib olindi.

T.ShOMURODOV tayyorladi.