Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kimdan nimani olamiz?

Tabiiyki, odam o‘zida yo‘q narsani boshqa joydan, birovdan oladi yoki o‘rganadi. Masalan,

-  eng avvalo, gapirishni onadan o‘rganamiz;

-  kiyim kiyishni ota-ona, katta yoshdagilardan o‘rganamiz;

-  g‘ururni naslimizdan, ajdodimizdan olamiz;

-  bilimni kitob va muallimdan olamiz;

 -  xasta bo‘lsak, muolajani, davoni tabib va doridan olamiz;

-  kuch-quvvatni yegan taomimizdan olamiz;

-  qarzni davlatmanddan yoki bankdan olamiz;

-  mehnatkashlikni chumolidan, tartib-intizomni asalaridan o‘rganamiz;

-  shiddatni ishonchdan, zavqni go‘zallikdan olamiz;

-  obro‘, salohiyatni eldan olamiz;

-  barcha fazilatni ota-onadan olamiz;

-  mustaqil fikrlash va hayot sabog‘ini ustozdan o‘rganamiz.

Bu ro‘yxatni istagancha davom ettirish mumkin. Keling, bir o‘ylab ko‘raylik, o‘zimiz oilaning, jamiyatning mahsuli ekanligimizni, biz jamiyatimiz, jamiyatimiz esa biz kabi bo‘lishini tan olamizmi? Hayotda o‘zimizga nimadir olgan insonni, joyni, holatni qadrlay bilayapmizmi?

Qush don yegan joyini, it esa mehr ko‘rgan kishisini unutmas ekan. Ot o‘z egasini u yiqilganda ham bosib o‘tmas ekan. Bir xil toifa baliq urug‘ qo‘ygandan so‘ng o‘lishini bilsa-da, sharsharadan o‘n metr balandlikka mashaqqat bilan chiqib, urug‘ qo‘yarkan.

Hammamiz biladigan bu holatlar nega bizga saboq bo‘lmayotir? Nega biz ota-onamiz, aka-opamiz, ustozimiz aytganlarini qilmay qo‘ydik? Nega biz hech kim bermagan vakolatimizni oshirib yuborayapmiz?

Farmon Toshev.