Kimyogarlar shaharchasining “Madaniyat”i va “Nurafshon” yo‘llariga mas’ullar qachon nazar soladi?

“Mahallangizga Prezident kelsa...” rukni ostida maqola tayyorlash uchun bu gal olis qishloqlargamas, Samarqand shahrining yo‘ldosh shaharchasi Kimyogarlar qo‘rg‘oniga bordik.

Hududda keyingi yillarda ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilganidan ko‘pchilik yaxshi xabardor. Aholi uchun dam olish maskanlari, bolalar o‘yin maydonchalari bunyod etilib, ko‘p qavatli uylar atrofiga gul va daraxt ko‘chatlari o‘tqazilgan. Bu yaxshi, albatta. Ammo ularni asrab-avaylash, yaratilgan sharoitning qadriga yetish kerakligini mahalliy aholi va mas’ullar qay darajada his qilyapti?

Nurafshon nurli ko‘chalarida suv yo‘lini topolmay halak

Ko‘p yillar e’tibordan chetda qolgan Nurafshon mahallasi bugun o‘zgacha ko‘rinishda. Ta’mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirilganiga hali ko‘p bo‘lmagan madaniyat saroyi viloyatning asosiy bayram tadbirlari o‘tkaziladigan maskanlardan biriga aylandi. Unga eltuvchi yo‘l ravonlashdi, atrofi obod bo‘ldi. Tungi yoritkich chiroqlari o‘rnatildi. Ammo shu ko‘chadagi ikki ariqdan oqib boradigan suv aynan yangilangan madaniyat saroyi yaqiniga borib yo‘lini topolmay qoladi.

- Hududimizdagi eski bir imoratni ta’mirlab, yaqinda ko‘chib o‘tdik, - deydi mahalla raisi Muzaffar Eshmatov. – 7 xonadan iborat binoda xodimlar uchun zarur sharoit yaratishga harakat qilyapmiz. Binomiz va mahalladagi mavjud 102 ta hovli hamda 32 ta ko‘p qavatli uy atrofida obodonlashtirish ishlarini hashar yo‘li bilan amalga oshiryapmiz. O‘tgan yili shu ishlarga ko‘maklashish uchun mahallamizga jamoatchilik asosida ishlaydigan ikki nafar ishsiz fuqaro biriktirilgandi. Ular bir muddat og‘irimizni yengil qildi. Agar yana shunday ish o‘rni ajratilsa yaxshi bo‘lardi.

Obod bo‘lgan mahallaning ayrim joylarida tashlab ketilgan chiqindilarni ko‘rib, ko‘ngil xira tortadi. Atrof toza-ozoda bo‘lishi uchun faqat mahalla faollarining e’tibori kamlik qiladi. Obod bo‘layotgan ko‘chalarga chiqindi tashlab ketilishida kim aybdor bo‘lishi mumkin?! Bunda, albatta, jamoatchilik nazorati ham zarur.

Madaniyat mahallasidagi daraxtlar suvsizlikka mahkummi?

Mahallaning Istiqlol ko‘chasidagi 28- va 33-ko‘p qavatli uylar oldida barpo qilinganiga hali ko‘p bo‘lmagan bolalar maydonchasi e’tiborsizlik tufayli achinarli ahvolga kela boshlagan. Arg‘imchoqlarning o‘rindiqlari yo‘q, boshqa o‘yin qurilmalarining xavfsizlik to‘siqlari yaroqsiz.

Narpay ko‘chasidagi 17- va 18- ko‘p qavatli uylarning o‘rtasidagi maydonga ekilgan manzarali daraxtlar suvsizlikdan qurib qolgan. Bu qarovsiz bog‘da it va mushuklar sayr qilib yuribdi.

- Bu daraxtlarni sug‘orishning imkoni yo‘q, - dedi shaharchada yashovchi fuqarolardan biri San’at Yo‘lchiyev. – Ichimlik suvidan foydalansa jarimasi bor ekan. Bu yerlarga ariqdan suv kelmasa, shahar markazidagi bog‘lardagidek favvoralar o‘rnatilmagan bo‘lsa, nima qilish kerak?

Darhaqiqat, mazkur ko‘p qavatli uylarning atrofini ko‘kalamzorlashtirishda sug‘orish masalasini mas’ullar hech o‘ylab ko‘rganmikan?!

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov (foto).