Kitob – ulug‘ ustoz. O‘qimaslik shaxs uchun ham, jamiyat uchun ham baxtiyorlik keltirmaydi
Rus yozuvchisi Maksim Gorkiy o‘zining “Mening universitetlarim” asarida “men hayotda nimaiki yaxshi narsalarga erishgan bo‘lsam, kitobdan bir umr minnatdorman”, deganida ming bor haq edi. Darhaqiqat, inson kamolotida oiladagi tarbiya, maktab va oliy o‘quv yurtlaridagi ta’lim, jamiyatdagi ijtimoiy muhit, hayot saboqlarini inkor etmagan holda baralla aytish mumkin. Shaxsning ma’naviy saviyasi, dunyoqarashi, ongu tafakkuri shakllanishida kitob mutolaasining o‘rni beqiyos. Ta’kidlash kerak, kitobni hech kimga majburlab o‘qitib bo‘lmaydi. Buning uchun bolani qiziqtirish, kitob o‘qishda ota-ona, bog‘cha tarbiyachisi, o‘qituvchi o‘rnak bo‘lishi lozim.
Esimda, o‘tgan asrning 50-yillarida, to‘rtinchi sinfda o‘qiyotgan paytimizda yangi kelgan o‘qituvchimiz “O‘qish kitobi”dagi fransuz yozuvchisi Viktor Gyugoning “Gavrosh” hikoyasini maroq bilin o‘qib berdiki, biz qo‘limizda shunday ajoyib darslik borligini bilmaganimizdan ajablandik. Bizning qiziqib qolganimizni ko‘rgan o‘qituvchi Lev Tolstoyning “Kavkaz asiri” hikoyasini o‘qib berdi. Hikoya qahramoni Jilinning jasurligi, tog‘liklarga asir tushganda ham irodasi sinmagani, uning do‘sti Kostilinning qo‘rqoqligi, jur’atsizligi mo‘rg‘ak qalbimizda hayotda haqiqiy inson qanday bo‘lishi haqida ilk mushohada uyg‘otgandi.
Keyinchalik yuqori sinfda o‘qiganimizda rus tili va adabiyoti o‘qituvchimiz Nini Fedorova, nemis tili o‘qituvchisi Poshali Usmonlar (joylari jannatdan bo‘lsin) bizni mutolaaning go‘zal va cheksiz olamiga olib kirdi. Oradan yarim asr vaqt o‘tdi. Ularning adabiyotga, kitob mutolaasiga qiziqtirishlari sharofati bilan hamon qo‘limdan kitob tushmaydi.
Ko‘p kitob o‘qigan kishida yuksak insoniy fazilatlar – muomala madaniyati, mushohada, dunyoqarash kengligi, bilimdonlik, yurish-turish, kiyinish odobi, o‘zgalar fikriga hurmat bilan qarash, tinglash madaniyati sezilib turadi.
Mustaqillikning xalqimizga bergan bebaho ne’matlaridan biri shuki, keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan kitobxonlik, kitob nashr qilish, kutubxonalarni ko‘paytirish, ularni bosma va elektron adabiyotlar bilan to‘ldirish davlat siyosati, madaniy hayotimizning ajralmas qismiga aylandi va bu o‘z natijalarini ko‘rsata boshladi. “Eng yosh kitobxon”, “Kitobxon oila”, “Kim ko‘p kitob o‘qigan?” va boshqa tanlovlar o‘tkazilayotgani, g‘oliblar munosib taqdirlanayotgani, kitobxonlik jamiyatning barcha qatlamlarini qamrab olayotgani kishini quvontiradi. Kitob o‘qishga, bilimga tashna yoshlarimiz xalqaro fan olimpiadalarida faxrli o‘rinlarni egallamoqda.
Kitob mutolaasi poydevori oilada qo‘yiladi. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, farzandlarni majburlab mutolaa qildirib bo‘lmaydi. Oila davrasida kitob o‘qish yo‘lga qo‘yilishi va bunda ota-ona o‘rnak ko‘rsatishi kerak. Albatta, kitob kitobxonning yoshi, qiziqishiga mos bo‘lishi lozim. Har bir oilada turmush tarzi, ota-onaning kasbi, ijtimoiy mavqei, dunyoqarashi, ma’naviy saviyasi, bolalarning qaysi sohalarga qiziqishi, moyilligi, iqtidoriga qarab kitoblar tanlash va oila kutubxonasida ularning bo‘lishini ta’minlash muhim. Bu borada “O‘qituvchi – ota-ona” hamkorligi yaxshi samara beradi.
Kitob o‘qishga bolalikdan mehr uyg‘otish shaxsning kelajakda jamiyatdagi mavqeini, yuksak insoniy fazilatlarga ega bo‘lishi, tafakkur dunyosi kengligini ta’minlaydi. Ko‘p kitob o‘qigan inson tevarak-atrofga, voqealarga hushyor ko‘z bilan qaraydi, o‘zining mustaqil fikriga ega bo‘ladi. Har xil buzg‘unchi oqimlarga ko‘r-ko‘rona ergashib ketavermaydi. Har qanday mushkul vaziyatdan aql-idrok, to‘g‘ri qarorga kelishi bilan chiqib keta oladi. Kasbi-kori, yoshi, jinsidan qat’iy nazar muntazam kitob mutolaa qilish insonda hayotga, odamlarga, Vatanga muhabbat uyg‘otadi, insonni tafakkurning cheksiz va go‘zal olamiga yetaklab, umr mazmunini boyitadi. Yangi g‘oyalarga ilhomlantiradi.
Kitob o‘qishdan to‘xtagan kishi fikrlashdan to‘xtaydi. Bu esa o‘sha shaxs uchun ham, jamiyat uchun ham baxtiyorlik keltirmaydi.
Tog‘aymurod ShOMURODOV.