Koreya bog‘chasida oliy ma’lumotli tarbiyachilar ishlaydi: Ular 3000 AQSh dollarigacha maosh oladi

Yaqinda  viloyatimiz hokimi E.Turdimov rahbarligidagi bir guruh ishbilarmon va tadbirkorlar Janubiy Koreya Respublikasida bo‘lib qaytdik. Safar davomidagi rasmiy uchrashuvlarda uzoq kelajakka mo‘ljallangan iqtisodiy bitimlar tuzildi.

Tashrif davomida o‘z kasbim doirasida ta’lim muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanishishga harakat qildim. Chunki bu mamlakat ta’lim tizimi dunyodagi rivojlangan mamlakatlar ta’lim tizimlari bilan raqobatlashishi qatorida ayrim xususiyatlari bilan bizdagi ta’lim tizimiga (odob-axloq, bola tarbiyasi, urf-odat va qadriyatlarga sodiqlik jihatlari bilan) o‘xshab ketadi. Ushbu muassasalarga tashrif buyurish uchun yuqori tashkilotlardan, ya’ni meriya qoshidagi ta’lim muassasalari faoliyatini nazorat qilish organlaridan ruxsatnoma olish lozim ekan. (Ta’lim muassasalariga hatto ota-onalar ham ruxsatsiz qo‘yilmas ekan).

O‘zbekiston xalqiga bo‘lgan hurmat va bizga safar davomida hamrohliq qilgan In Young Yoning sa’y-harakatlari bilan Inchxon shahrida joylashgan “Global Rainbow kindergarten”  («Katta kamalak») maktabgacha ta’lim muassasasiga tashrif buyurdik. Muassasa binosi o‘ziga xos zamonaviy usulda qurilgan bo‘lib, shahar markazida joylashgan. Bu yerda 500 ga yaqin bola  tarbiyalanadi. Muassasa faoliyatiga doir savollarimizga uning rahbari Ayelisha Li xonim sharqona iltifot va samimiy tabassum bilan javob berdi.

Muassasaga 2-6 yoshli bolalar qabul qilinishi belgilab qo‘yilgan bo‘lib, talabgorlar yashash joylaridan qat’i nazar, o‘z hujjatlarini onlayn usulida jo‘natar va bolalar kompyuter orqali alohida dastur asosida tanlanar ekan. Bu usul bizda ham qabulda uchraydigan ayrim sub’yektiv, salbiy oqibatlarning oldini oladi, albatta.  Ota-onalar to‘lovi oyiga 250-300 AQSh dollari atrofida bo‘lib, xuddi shuncha mablag‘ har bir bola uchun davlat tomonidan ham ajratiladi. Ta’lim muassasalari faoliyati hukumat qoshidagi ta’limni nazorat qilish organlari tomonidan nazorat qilinar ekan.

Bolalar har guruhda 15-18 nafarni tashkil etib, ularga oliy ma’lumotli tarbiyachilar biriktirilgan. Pedagog xodimlar, albatta, universitetlarning pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha 3-4 yillik kurslarini bitirgan bo‘lib, ularning bilim darajalari maxsus attestatsiya komissiyasi tomonidan tekshirilib, ularga 2-darajali sertifikat beriladi va oradan 5 yil o‘tgach, birinchi kategoriya uchun imtihon topshirar ekan.

Ularning oylik maoshlari bilim malakasi va ish stajidan kelib chiqib 2700-3000 AQSh dollarini tashkil qiladi.

Muassasani oziq-ovqat mahsulotlari bilan xuddi bizdagi kabi tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan firmalar ta’minlaydi.

Muassasada bolalar uchun har xil qiziqarli mashg‘ulotlar, amaliy san’at, rasm, ashula, sport, o‘qish, yozish va ingliz tili mashg‘ulotlari o‘tkazilib boriladi.

Binoning uchinchi qavatida mo‘’jazgina suzish havzasi joylashgan bo‘lib, har bir tarbiyalanuvchi muntazam ravishda suzish bilan shug‘ullanadi. 

Tarbiyalanuvchilarni muassasaga olib kelish va kechqurun uylariga olib borish maxsus transportlarda amalga oshiriladi.

Janubiy Koreyada ham yurtimizdagi kabi bola tarbiyasi o‘ta muhim ekanligiga ishonch hosil qildim.

Safarimiz davomida diqqatimni jalb qilgan yana bir  narsa, hozirgi vaqtda yoshlar o‘rtasida keng tarqalgan “internetga qaramlik” kasalligining oldini olish borasida sa’y-harakatlar bo‘ldi. Jumladan, metro vagonlarida, har bir tashkilot, korxonalarda va hatto shifoxonalarda ham kutubxonalar tashkil etilgan bo‘lib, bu yoshlarni internet-o‘rgimchak to‘ridan xalos etishda dastlabki qadam bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu holat o‘rganishga arziydi. Xuddi shuningdek, tabiatga bo‘lgan muhabbat, bir qarich yer yoki har bir dov-daraxt ham inson mehridan chetda qolmaganligi bizni hayratga soldi. 

Biz mo‘’jizaviy Koreyadagi taassurotlardan qanchalik hayratga tushmaylik, ona-yurt mehri va sog‘inchi qalbimizni safarimiz davomida tark etmadi.

Safar yakunida Janubiy Koreya bilan hamkorlik – kelajakli hamkorlikdir, degan xulosaga keldim.

Abdumalik Majidov,

“Samarqand intellekt” xususiy maktabi direktori.