Koronavirusga chalinganlarni davolayotgan shifokorlar o‘rin almashdi
Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar instituti klinikasining 67 nafar xodimi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov boshchiligida mas’ullar tomonidan alohida ehtirom bilan reabilitatsiyaga kuzatildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining ma’lum qilishicha, endilikda ular o‘rnida navbatdagi fidoyi tibbiyot xodimlari faoliyat boshlaydi.
Ushbu klinika jamoasining xalqaro standartlar asosida davo muolajalarini olib borganliklari uchun kecha 10 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar butunlay sog‘ayishga erishdi.
Ayni paytda mazkur shifoxonada davolanayotgan yuzdan ziyod bemorlarni darddan forig‘ etish yo‘lida tibbiyot xodimlari jasorat va fidoyilik namunasini ko‘rsatib mehnat qilishmoqda. Bu esa tez kunlarda yana ko‘plab bemorlarimizning butunlay tuzalib ketishlariga zamin yaratishi, shubhasiz.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov birdamlikda, bor mahorati va tajribasini ishga solgan holda mehnat qilgan tibbiyot xodimlariga chuqur ehtirom ko‘rsatdi va ular o‘rnida faoliyat boshlagan shifokorlarga muvaffaqiyat tiladi.