Kuchli g‘oya va ezgu maqsad davlat va xalqning yakdilligi, hamjihatligini ta’minlamoqda
Bu xulosani maqola indallosida bejiz keltirmadim. Har qanday jamiyatda o‘z fuqarolari orzu-umidini anglab yetgan, dunyo maydonida ana shu ezgu niyatlar, maqsadlar ro‘yobi yo‘lida ularni kuchli g‘oya ostida birlashtira olgan davlatgina qudratli bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqandda o‘tgan navbatdagi sammiti yakunlari O‘zbekistonda bu borada muayyan tajriba to‘planganini ko‘rsatdi.
Biz ana shu holatlarni nimalarda kuzatishimiz mumkin?
Birinchidan, O‘zbekistonda rivojlanishning evolyusion yo‘li, ya’ni Harakatlar strategiyasidan Taraqqiyot strategiyasiga o‘tish yo‘li hayotimizdagi muammolarni izchil hal etish, davlatchilik tizimini mustahkamlab borishga imkon yaratyapti.
Ikkinchidan, dunyo hamjamiyati bilan hamkorlikka intilish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish, mahalliy xomashyoni qayta ishlash eksport salohiyatmizni oshirmoqda.
Uchinchidan, byudjet xarajatlarining ijtimoiy sohaga, ijtimoiy himoyaga yo‘naltirilishi, xususan, fan, ta’lim-tarbiyaning qo‘llab-quvvatlanishi ijtimoiy muhitga jo‘shqinlik bag‘ishlayapti.
To‘rtinchidan, tadbirkorlikka keng yo‘l ochish, ishbilarmonni himoya qilish odamlarning o‘z hayotini farovon qilishga intilishini kuchaytiryapti.
Beshinchidan, sammitga tayyorgarlik mamlakatda o‘tkazilayotgan keng qamrovli islohotlar doirasida amalga oshirildi. Ya’ni, bunda eng avvalo, xalq manfaati, hayotimiz farovonligini oshirish, Samarqandni xalqaro sayyohlikning xabiga aylantirish maqsadi birinchi o‘ringa qo‘yildi.
O‘zbekistondagi ana shu ochiq siyosat ShHT davlat rahbarlarining bu galgi sammitga katta ishtiyoq bilan kelishini ta’minladi. Negaki, ular globallashuv sharoitida, dunyoda qarama-qarshiliklar avj olgan bir paytda bu sammitdan o‘z davlatlari uchun manfaat ko‘rishga ishondilar. ShHTning Samarqand sammiti dunyo hamjamiyatiga faqat hamkorlik, samimiy raqobat har bir mamlakat taraqqiyotini ta’minlashini yana bir karra isbotladi.
Aynan shuning uchun ham sammit kutilgan natijani berdi. Binobarin, barcha davlat rahbarlari o‘z yurti manfaatini ko‘zlagan holda bu hamkorlik tashkiloti safida yangi marralarga erishish reja va taklifi bilan keldi.
Tasavvur qiling, birgina “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston”, shuningdek, “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘li qurilishi bir nechta mamlakatlarning, Yevroosiyo mintaqasining rivojlanishiga xizmat qiladi. O‘zbekiston o‘rtaga tashlagan 50 dan ortiq taklif va g‘oyalarning har biri tomonlarning manfaatlariga mos keldi va harakat uchun qabul qilindi.
Yana bir fikrni aytish kerakki, ShHT sammitiga tayyorgarlik jarayoni xalqaro hamjamiyatga O‘zbekiston qudratini namoyish etdi. Bular bir yil davomida tashkilot a’zolari bo‘lgan davlatlar bilan murakkab kelishuvlar, loyihalar muhokamasi, yangi a’zo va kuzatuvchi davlatlarni rasmiylashtirishgina emas, balki sammit o‘tishi uchun joy va sharoitni tayyorlash bilan ham bevosita bog‘liqdir. Bu ish Taraqqiyot strategiyasi loyihalari bilan baravar amalga oshirildi. Shu sababli Samarqandda qisqa mud¬datda “Buyuk ipak yo‘li” sayyohlik shaharchasi bunyod etildi. Undagi inshootlarda qadimiylik, tarixiylik barobarida zamonaviy inshootsozlik va sayyohlikning barcha talablari o‘z aksini topdi.
Masalaning yana bir tomoni bu – xalqimizning bunday tadbirlarga katta ishtiyoq bilan tayyorgarlik ko‘rishi. Misol uchun, keyingi ikki yil ichida Konigil qishlog‘ida, qariyb ikki kilometr keladigan Siyob arig‘i bo‘yida sayyohlik markazi barpo etildi. 20 dan ziyod yangi mehmonxonalar qurildi. Abulqosim Firdavsiy, Abu Abdulloh Rudakiy ko‘chalarida ikkala mashhur allomalar nomi bilan maydonchalar, Universitet xiyobonida Konfutsiy maydoni yaratildi. Ma’rifatparvar jadidlar – Mahmudxo‘ja Behbudiy, Saidrizo Alizoda, buyuk oqinlar – Ergash Jumanbulbul, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li uy-muzeylari ta’mirlandi. Tarixiy binolarda ikkita muzey ochildi. O‘nlab obidalarda ziyorat qilish uchun sharoitlar yaxshilandi. Ko‘chalar, yo‘llar kengaytirildi, obodonlashdi, ayniqsa, shahar ko‘chalari gullarga burkandi. Sayyohlarga xizmat ko‘rsatishda yangi, zamonaviy talablar joriy etildi. Bularning barchasi viloyat hokimligi va jamoatchilik kuchi bilan amalga oshirildi.
Bir so‘z bilan aytganda, Samarqandda ShHT sammitining muvaffaqiyatli o‘tishi va ko‘zlangan maqsadga erishilishi jahon hamjamiyatiga O‘zbekiston qudratini yana bir karra namoyish etdi. Davlatimiz rahbari “Buyuk ipak yo‘li” sayyohlik markazi va “Boqiy shahar” majmuasi ochilishidagi nutqida ta’kidlaganidek, endi biz o‘z kuchimizga ishondik va bunday ulug‘ inshoot va markazlarni yurtimizning boshqa hududlarida ham yaratamiz.
Farmon TOShEV,
Oliy Majlis Senati a’zosi.