Kun tartibida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi masalasi
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining o‘ttiz birinchi sessiyasi o‘tkazildi.
Sessiyani Kengash kotibiyati mudiri Sh.Yo‘ldoshev boshqardi.
Deputatlar sessiya kun va ish tartibini, kotibni tasdiqladilar.
Bu galgi sessiya kun tartibiga asosan, qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlarning natijalarini tahlil etish va kelgusida vazifalarni belgilab olish bilan bog‘liq masalalar kiritilgan edi.
Dastlab viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari F.Abilovning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni tashkil etish, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari sun’iy o‘sishining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlari to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.
Hisbotda qayd etilishicha, o‘tgan yil viloyatimizda jami 4 million 479 ming tonna qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirilib, qish-bahor mavsumi uchun jami 80,2 ming tonna mahsulot zaxiraga jamg‘arildi. Shuningdek, bir mingdan ortiq tayyorlov korxonasi tomonidan 40,2 ming tonna kartoshka, 19 ming tonna piyoz, 13,8 ming tonna sabzi va 7,2 ming tonna guruch zaxira qilindi. Joylarda arzonlashtirilgan yarmarkalar tashkil etildi. Buning natijasida bozorda qishloq xo‘jalik mahsulotlari narxi barqarorligi ta’minlandi.
Ammo o‘simlik yog‘ining narxi 50 foizgacha, shakar 15 foizga, tuxum esa 29 foiz o‘sishi kuzatildi. Mazkur mahsulotlar uchun zarur bo‘lgan xomashyolarning narxi oshganligi hamda importi keskin kamayganligi hisobiga ularning narxini ko‘tarilishiga sabab bo‘lmoqda. Shu sababli bu yil viloyatimizda 6 ming gektar yerda soya, 5,1 ming gektar kungaboqar va 4,1 ming gektar kunjut ekildi.
– Viloyatda 2021 yilda umumiy qiymati 4,7 trillion so‘mlik 2869 ta oziq-ovqat loyihalari amalga oshiriladi, – dedi F.Abilov. – Sabzavot, poliz, moyli va dukkakli ekinlari urug‘larini yetishtirish sanoat usulida tashkil etilib, yuqori avlodli urug‘lik yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Jomboy, Bulung‘ur, Toyloq va Samarqand tumanlarida sabzavot, poliz, dukkakli, moyli ekinlar urug‘lariga ixtisoslashgan 4 ta elita urug‘chilik xo‘jaliklari tashkil etiladi. Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Nurobod va Qo‘shrabot tumanlarida 150 gektar maydonda 15 ta urug‘chilik fermer xo‘jaliklarida poliz urug‘chiligi yo‘lga qo‘yiladi. Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bo‘yicha joriy yilda qiymati 1 231 milliard so‘mlik investitsiyalar evaziga quvvati 658 ming tonna bo‘lgan 108 ta oziq-ovqat sanoat loyihalari amalga oshiriladi. Viloyatda 631,4 ming aholi xonadonlari va dehqon xo‘jaliklaridagi 70 ming gektarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiriladi.
Deputatlar go‘sht narxi oshib ketishining oldini olish, suv taqchilligi kuzatilayotgan bugungi sharoitda qishloq xo‘jaligida zamonaviy, suv tejamkor texnologiyalarni keng qo‘llash, tomorqa imkoniyatlaridan samarali foydalanish yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdilar.
Shundan so‘ng viloyat kishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Z.Ergashev O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni 2020 yilda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturining ijro etilishi holati to‘g‘risida hisobot berdi.
Z.Ergashevning ma’lum qilishicha, strategiyadagi ustuvor yo‘nalishlarga muvofiq viloyatda 2021 yil davomida 12 ta yo‘nalishda 4,7 trillion so‘mlik 2869 ta yangi loyiha ishga tushiriladi. Buning natijasida yil yakuni bilan fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalarida 242 ming tonna meva, 389 ming tonna uzum, 682 ming tonna sabzavot, 377 ming tonna kartoshka, 101 ming tonna poliz mahsulotlari yetishtiriladi.
Bugungi kunda viloyatda 43 ta klasterlar mavjud bo‘lib, ularga 151 ming 900 gektar yer maydoni biriktirilgan. 2022 yilda g‘alla maydonlari qisqartirilgan tumanlarning yer maydoni to‘liq klasterlarga beriladi va meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 5 ta yangi klaster tashkil etilib, ularning soni 18 taga yetkaziladi.
Deputatlar viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A.Norqo‘ziyevning viloyatda 2021 yilda ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini tashkil etish va ularning faoliyatini takomillashtirish, belgilangan loyihalarning amalga oshirilishini ta’minlash borasida olib borilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotini eshitib, mazkur yo‘nalishda ham o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.
Sessiyada geografik ob’yektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha viloyat komissiyasi hamda boshqa tashkilotlarning Nurobod va Narpay tumanlaridagi 17 aholi punktini nomlash to‘g‘risidagi taklif va xulosalari ma’qullandi.
Sessiyada Kengash vakolatiga tegishli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, qarorlar qabul qilindi.