Mahmudxo‘ja Behbudiy: “Ikki emas, to‘rt til lozim”
Behbudiy jadid maktablarining Buxoro uchun zarurligini, chunki u ham Rossiya tasarrufida ekanligini ta’kidlab, dushmanning tilini o‘rganmay turib, ulardan xalos bo‘lish mumkin emasligini aytib o‘tadi.
Yuqorida izohlangan maqolada rus tilini o‘rganish zaruratini ochib bergan bo‘lsa, umuman, har bir turkistonlik uchun qanday tillarni bilish kerakligi haqida “Oyina” jurnalida yozgan “Ikki emas, to‘rt til lozim” (Oyina», 1913, 1-son) maqolasida batafsil to‘xtaladi:
“Biz turkistonliklarga turkiy, forsiy, arabiy va rusiy bilmoq joizdur. Turkiy, ya’ni o‘zbekini sababi shuki, Turkiston xalqining aksari o‘zbekcha so‘ylashur”.
Demak, o‘zbek tilini bilishning zarurligi bu yurtda ko‘pchilikning ushbu tilda gapirishi, ya’ni aksariyati o‘zbeklar bo‘lgani va ular bilan so‘zlashish uchun kerakligi bilan isbotlanyapti. Shu tariqa Behbudiy bu tillarning nima uchun zarurligini izohlaydi:
“Forsiy bo‘lsa, madrasa va adabiy tilidur. Bu kungacha Turkistonni har tarafindag‘i eski va yangi maktablarinda forsiy nazm va nasriy kitoblari ta’lim berilib kelgandur.
Barcha madrasalarda shar’iy va diniy kitoblar arabiy ta’lim berilsa ham, mudarrislarni tahriru tarjimalari forschadur.
Bu qoida, ya’ni dars kitobi arabiy, muallim turkiy, tahriru tarjimoni forsiyligi xiyla ajibdur. Turkistonda eski amiru xonlarni amr-farmoyishi va nomalari doimo turkiy, yana ayni zamonda, dorulqazo va adabiyot tahrirlari forsiy yozilar ekan. Bu qoidalar zotan yaxshidur. Ammo bora-bora yoinki kela-kela usuli ta’lim va kitobatg‘a a’mol paydo bo‘lub, hozir bir darajag‘a kelibdurki, ahli savod yoinki ahli ilmni yuzdan to‘qson to‘qqizi bu uch tilda mukammal tahriri adabiyg‘a molik yo‘qdur, ya’ni usuli ta’lim va tadrisni isloh etmak kerak. O‘tayluk, Turkistonni Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida forscha so‘ylaydurg‘on bir necha shahar va qishloqlari bordur. Buxoro hukumatining tili forsiydur.
Fors shoiru adibosi asarlari qiyomatg‘acha lazzati ketmayturg‘on xazinai ma’naviydurki, mundin foydalanmoq uchun ovrupolilar miliyardlar sarf etarlar. Bizga saodatdurki, turkiy va forsiyni tahlilsiz bilamiz. Har turkni forsiy va har forsni turkiy bilmog‘i lozimdur” (o‘sha manba).
Behbudiyning asli kelib chiqishi bu ikki til sohiblariga taalluqli bo‘lmasa-da, o‘zini ulardan yiroq tutmaydi. Ushbu til sohiblari bilan bahamjihat ekanligidan or qilmaydi. Bunday fikrni u “Turkestanskiye vedomosti” gazetasining muxbiri savoliga bergan javobida ham ta’kidlaydi: “Bobolarimiz arablardan bo‘lishgan. Bunga ko‘p bo‘lgan, ya’ni kamida 100-200 yil ilgari kelishgan bo‘lishi mumkin. Hozir bizning naslimizda arabchadan hech narsa qolmadi. O‘zimizning Samarqand, Buxoro madrasalarida o‘qidim...”
Lekin turkiy va forsiy lisonning ikkalasiga ham yaxshi, ya’ni musulmon ko‘zi bilan qaraydi, har birining zaruratini sezadi.
“Forsiy bilgan kishi Firdavsiy, Bedil, Sa’diy, Rumiydan qanday lazzat olsa, turkiy bilganlar Fuzuliy, Navoiy, Boqiy - Somiy, Abdulhaq Homid, Akrombek, Sanoiy, Nabiy, Nojiylardan, yana Tolstuy, Julvern va ulamoyi zamoniy asarini turkiy tarjimasidan shunday lazzat oladur. Farang va rus donishmandlaridan foydalanmoq turkiy yo rusiy va farangiy bilmoq ila mumkin bo‘lur. Na uchunki, bugun Usmonli, Qozon va Kavkaz turklari zamona ulamosi asarini turkiyg‘a tarjima qilib ko‘payturg‘ondurlar. Ya’ni, turkiy bilgan kishi zamonni bilur. Turk tilig‘a har bir naf’lik kitoblar barcha tildan tarjima bo‘lgandur. Arab madaniyati yunoni Suqrot, Buqrot, Aflotunlardan foydalanganidek, zamoni hozira madaniyati Tolstuy, Julvern, Kipler, Kopernik, Niyutonlardan foydalanur”.
Behbudiy aytmoqchi to‘rt tilning oxirgisi rus tili edi. Biz quyida keltiriladigan ko‘chirmaga e’tibor bersak, anglaymizki, rus mustamlakachilari xohlagan yo‘l, ya’ni o‘z tariximizni unutib, faqat rus tarixini o‘qishimiz uchun rus tili kerak, degan xulosadan yiroq fikr aytiladi: “... rusiyni sababi shulki, biz Russiya tabaasi va grajdanimiz. Ruslar ila barobar huquqiy, madaniyati va mulkiyaga molikmiz. Ammo beiste’dodligimizga taassuf qilurmiz. Bonku savodxonlar, sud mahkamalari, notaryus, temiryo‘l, xulosa zamonni paydo qilgan har bir nimarsalarga muhtoj bo‘lsak, avvalg‘i qadamda ruscha bilmak lozim kelur”.
Bundan ilgariroq yozilgan “Munozara” haqinda” maqolasida qisman shu mulohazalarni aytgan bo‘lsa ham, keyingi maqolasida tillarni bilish zarurligi to‘g‘risida yaxlit fikrning bag‘rida beriladi. Behbudiy ruschaning aynan hayot uchun zarur jihatlarini alohida ta’kidlagandi: “Bizga lozimki, o‘z naf’imiz ruscha bilayluk, hukumat maktablarida o‘quyluk, davlat mansablariga kirayluk. Vatanimizg‘a va dinimizg‘a xizmat etayluk. Musulmon bo‘lub taraqqiylashayluk. Bu zamon tijorat ishi, sanoat va mamlakat ishlari, hatto dini islom va millatg‘a xizmat ruscha ilmsiz bo‘lmaydur”.
Behbudiy “musulmon bo‘lub” qolib, ruscha ilmni olmoq millat va dinga xizmat ekanligini anglatadi. Misol tariqasida u o‘sha paytda iste’molga kirib kelayotgan Duma haqida gapirib, ruscha bilganlar xalq va millat uchun foyda berishlarini yozadi: “... masalan, bu kungi (podshohlik duma)g‘a o‘z dini va bizga millatimiz naf’ig‘a so‘zlamoq bizlar uchun mumkin bo‘lur. Ammo anda borib so‘ylaguvchi kishi bizg‘a yo‘q. Anda borib naf’i vatan va millatg‘a so‘ylamoq uchun Russiya mamlakatlarida bir o‘n sana o‘qimoq kerak. Zamondin, qonundin xabardor bo‘lmoq kerakdur. Xulosa, bugun bizlarg‘a to‘rt tilg‘a tahriru taqrir etguvchilar kerak, ya’ni arabiy, rusiy, turkiy va forsiy. Arabiy til din uchun lozim bo‘lsa, rusiy ham tiriklik va dunyo uchun lozimdur. Arabiyni bilmasak — din, rusiyni bilmasak — dunyo qo‘ldin ketar, turkiy va forsiyni kerakligiga so‘z yo‘qdur. Yana bir til va xat borki, butun olam bir-biri ila aning ila suylashur. Ul Fransiya tili va xatidur. G‘ayridinning ilm va xatini o‘rganmoq shariatga durustdur” («Oyina», 1913, 1-son).
“Munozara” haqinda” maqolasida ruschani o‘rganmoqning zarurligi haqida tushuntirgach, bu gapni Turkiya shayxulislomi ham aytganini va buni eshitgan yurtdoshlarimizni guvoh sifatida davraga tortgandi. Asosiy maqsad esa til o‘rganmoqlikning musulmonchilikka zarari bo‘lmay, balki foydali jihatlarini ko‘rsatish kerak edi. Mana, oradan ikki yil o‘tib yozilgan maqolada Behbudiy Turkiya Shayx ul-Islomining o‘rniga “shariat ruxsat berganligi” va Muhammad payg‘ambar hadislarini asos qilib oladi: “Hadisi sharifdan ma’lum bo‘lurki, janob payg‘ambarimiz o‘z sahobalaridan Zayd ibn Sobitga yahudiy xatini o‘qib o‘rganmoqqa buyurgan ekanlar va ul janob amri va hazrat no‘buvvat panohi ila yahudiy xatini o‘rganib, hazrat payg‘ambarimizg‘a yahudiylardan kelaturgon xatlarni o‘qib berar ekanlar...”
Behbudiyning bu galgi asosi juda katta qudratga ega edi. Buni bilgan maqolanavis shiddatli xulosa chiqaradi: “Holbuki, ul zoti bobarakot payg‘ambarimiz quvvati hokima egasi edilar. Yahudiylar mahkum va tobe’ edilar. Alan Russiya hokim, bizlar anga tobe’ va o‘z tirikligimiz uchun alar xatini bilmoq zarur va hadisi sharif dalolatincha, durustlig‘ig‘a joyi inkor bo‘lmasa kerak”.
Hadisi sharif, undagi dushman tilini o‘rganishdan kelib chiqadigan manfaat har qanday ilm kishisini hushyor torttirishi tabiiy bir holdir. Bu publitsistning ko‘p o‘qiganligi, bilim doirasining kengligiga yana bir asos hisoblanadi.
Xulosa qilib aytishimiz mumkinki, Behbudiy til o‘rganishni, bilishni millatni taraqqiyotga eltadigan zarur vositalardan biri deb biladi.Uning o‘zi yuksak ma’rifatli inson bo‘lgan. Qur’onni yoddan bilgan, hadislarni o‘rgangan, arab, fors tillarini mukammal bilgan. Shuningdek, rus tilini o‘rgangan, hatto fransuz tilini ham o‘rganishga harakat qilgan, dunyo falsafasini kuzatgan, kitoblar yozgan, qisqasi, boshqalarga ibrat bo‘lib yashagan.
Halim SAIDOV,
filologiya fanlari doktori, professor.
(Davomi bor)