Malinachilik Nayman mahallasining drayveriga aylandi
Jomboy tumani qishloq xo‘jaligida meva-sabzavotchilik asosiy tarmoq hisoblanadi. Hududda juda katta maydonda intensiv bog‘lar yaratilgan, shuningdek, sabzavot yetishtiriladigan yer maydonlari ham boshqa ekinlarga qaraganda ancha ko‘p.
Shu paytgacha bu yerlarda an’anaviy dehqonchilik ekinlari parvarishlangan bo‘lsa, keyingi yillarda brokolli karami, soya, gulkaram, luk pari, malina singari yangi turdagi mahsulotlar yetishtirilmoqda.
Xususan, malina yetishtirish bugun jomboyliklar uchun serdaromad yumushlardan biriga aylandi. Tumanning Nayman mahallasida esa malinachilik drayver sifatida belgilangan. Bunga shu mahallada yashovchi O‘tkir Abdullayev oilasi sababchi bo‘lgan, desak xato bo‘lmaydi.
– O‘zimizning hovlimizda, tomorqamizda 200 dona ko‘chat ekish bilan ishni boshlaganmiz va yillar davomida sekin-asta ko‘paytirib, gektarga aylantirdik, – deydi O‘tkir Abdullayev. – Juda foydali, eng muhimi, serdaromad ish. Lekin avvallari bizda hech kim malina yetishtirish bilan shug‘ullanmagan. Bundan o‘n yilcha oldin Koreya, Rossiya davlatlariga borib ishlash jarayonida shu ekin parvarishi bilan qiziqib, keyin o‘zimizning hovlida ekib ko‘rdim. Rossiyaning “Bobe leto” navini ekanmiz va bu nav bizning iqlimimizga juda mos keldi. Malina ko‘p suv talab qiladigan ekin, har uch kunda sug‘orib turamiz, havo harorati ham juda issiq bo‘lmasligi kerak. Bizning yerlarimiz Zarafshon daryosi va Mirzaariqqa yaqin bo‘lgani uchun malina yetishtirishga qulay ekan-da. Yaxshi hosil beradi. Birinchi yildan gektariga 1 tonnagacha hosil olish mumkin. To‘rtinchi yildan esa 8-10 tonnagacha yetadi. O‘rta hisobda 200 million so‘m sof daromad qilish mumkin. Daromadning 30 foizi ishchilarga beriladi, chunki mavsum davomida 35-40 nafar ayol malina teradi. Umuman, bir gektar malinasi bor dehqon 15-20 kishini ish bilan ta’minlaydi. Iyundan dekabrga qadar malina terish mumkin.
O‘tkir Abdullayev tomorqasida 3-4 sotix yerda malina yetishtirib, bu ishning hadisini olgach, o‘zi va oila a’zolari uchun ijaraga yer olib, hozirda 3 gektar maydonda malinazor tashkil etgan. Unga havas qilib, undan o‘rganib xonadonida malina parvarishlayotgan oilalar ham Naymanda bugun ko‘payib qoldi. Hatto shu yo‘nalishda dehqon xo‘jaliklari tashkil etildi. Aytishlaricha, bugun ushbu mahallaning o‘zida o‘ndan ortiq dehqon xo‘jaligi tasarrufida 6 gektar malina plantatsiyasi yaratildi. Qo‘shni qishloqlardagi maydonlar bilan hisoblaganda malina maydonlari 20 gektarga yetdi, deyishyapti naymanliklar.
– Hozir mahallamizdagi 200 ga yaqin xo‘jalik malinachilik bilan shug‘ullanyapti, – deya so‘zida davom etadi O‘tkir Abdullayev. – Ularning qariyb 100 tasiga o‘zim ko‘chat berganman. Bu ekinning daromadini ko‘rgan odam boshqa ish bilan shug‘ullanmaydi, faqat malina ekadi. Men dastlab shu ish bilan shug‘allanganimda “kim oladi buni, hech kim yemaydiku” deganlar ham bo‘ldi. To‘g‘ri, ilgari malinani asosan shaharda boshqa millat vakillari xarid qilardi. Mana, endi o‘zimizning xalqimiz ham malinaning foydali, shifobaxsh ne’mat ekanligini angladi. Muhimi, mahsulotga xaridor izlamaymiz. Mahallamizdan kelib olib ketishadi. Ayni paytda Samarqanddan tashqari, Qashqadaryo, Buxoro, Navoiy, Xorazm viloyatlaridan xaridorlarimiz bor, Toshkentga ham yetkazib beramiz. Men shu paytgacha malinaga xaridor topolmay qolgan odamni ko‘rmadim. To‘g‘ri, boshida Samarqand shahriga borib, o‘zimiz mahsulotni sotganmiz, konditer sexlari bilan hamkorlik qilganmiz. Endi esa Samarqand shahridagi qaysi bozorga bormang, bizning mahallada – Naymanda yetishtirilgan malinani yetkazib beruvchilar va sotuvchilar bor.
Malinachilikning yana bir foydali jihati – ko‘chat yetishtirib sotish. Malina urug‘idan yoki qalamchasidan ko‘paytirilmaydi, yonidan o‘sib chiqadi. Har yili ularni olib, ko‘chat sifatida sotamiz. Bu ham hech qanday ortiqcha xarajat, mehnat talab qilmaydi. Faqatgina fevral oyida, malina uyg‘onishidan oldin ko‘chatni kovlab olib, sotish kerak. Boshqa paytda ham ko‘chatni olish, ekish mumkin. Lekin ko‘chatlarning barchasi amal olishi qiyin. Fevralda esa barcha ko‘chatlar to‘liq ko‘karishiga amin bo‘lganmiz. Masalan, biz har yili gektaridan 15-20 mingtagacha ko‘chat kovlab olib, shundan ham 200 million so‘mgacha daromad qilamiz. Malina shoxlarini qancha siyrak qilib qoldirsangiz shuncha ko‘p hosil olasiz. Eng muhimi, malina ko‘chati ekilgan yilidayoq hosilga kirib, xarajatlaringizni qoplaydi, daromad ham beradi. Qishlog‘imizdan bir qo‘shnimiz shu yil boshida mendan 22 million so‘mga ko‘chat sotib olib, malinazor yaratgandi. Aytishicha, shu paytgacha 30 million so‘mlik malina sotibdi.
Ekinga ishlov berish ham o‘sha paytda – fevralda bo‘ladi. Eski shoxlar kesib tashlanadi, qator oralariga go‘ng va ammofos solib, yer ag‘dariladi. Boshqa paytda hech qanday agrotexnik tadbirlar bajarilmaydi, shoxlari g‘ovlab ketmasligi uchun sim tortilib, ko‘tarib qo‘yiladi.
Birniki mingga, mingniki tumanga, degan gap bor xalqimizda. Naymanda ham O‘tkir Abdullayev boshlagan malinachilik bugun butun mahalla ahlining asosiy daromad manbaiga aylandi. Aholi tomorqasidan tashqari, hatto uyning orqasida, yo‘l yoqasida ham malina ekib, daromad qilishga intilmoqda.
– Ikki yildan buyon mahalla raisiman, asosiy drayverimiz – malina yetishtirish, – deydi “Nayman” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Sanjar Karimov. – Bunga ko‘p vaqt bo‘lgan emas, uch yildan buyon hokim yordamchisi bilan birga aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib boryapmiz. Hozir 200 dan ziyod xonadon shu ish bilan shug‘ullanadi va ularning safi yil sayin kengayib bormoqda. Daromadi yaxshi bo‘lgani uchun mana shu Nayman ko‘chamizda ham yo‘lning ikki tomonida odamlar malina ekishgan.
– Mahallalarda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish yo‘lga qo‘yilganda biz malinachilikni tanlaganmiz, – deydi Nayman mahallasidagi hokim yordamchisi Yorqin Mardonqulov. – Chunki 200 dan ortiq xonadonda malina parvarishlanadi va bir sotixdan 4-5 million so‘m daromad qilinadi. Har bir xo‘jalikda o‘rtacha 5-6 sotixdan tomorqa borligini hisobga olsak, shu yerdan bir yilda 25-30 million so‘mgacha daromad qilish mumkin. Mehnati unchalik og‘ir emas, xarajat talab qilmaydi. Shuning uchun 2026 yilga borib mahallamiz to‘liq malinachilikka ixtisoslashishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, aholini tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘rgatish orqali daromad topishini ta’minlashga ham e’tibor qaratyapmiz. Davlatimiz rahbari topshiriqlari asosida mahallalarda mikroloyihalarni amalga oshirish belgilangandi. Bizda ham shu paytgacha 12 ta mikroloyiha tayyorlanib, shu paytgacha 11 tasi ishga tushdi. Buning uchun mahalladoshlarimizga 9 loyiha bo‘yicha imtiyozli kredit, 1 ta loyiha uchun subsidiya berildi. Yil yakuniga qadar mikroloyihalarni 30 taga yetkazishni rejalashtirganmiz.
Bugun Nayman mahallasi misolida aytish mumkinki, Jomboy tumanidagi 38 mahallaning har birini rivojlantirishning asosiy drayverlari aniqlanib, aholi daromadlarini oshirish, hudud infratuzilmasini yaxshilash borasida aniq dasturlar asosida ish olib borilmoqda.