Mashhur fransuz aktyori Alisher Navoiy obrazidan 25 yil o‘tib, Mirzo Ulug‘bek rolini talqin etadi

Fransuz kino va teatr aktyori, dramaturg va rejissyor Fransua Shatto – Samarqand mehmoni. 70 yoshli sahna ustasi ko‘p yillik tajribasiga qaramay, hali ham har bir ijro ustida jonkuyarlik va mas’uliyat bilan yondashar ekan.

Fransiyadagi Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish assotsiatsiyasi tashkil etilganining 30 yilligini nishonlashga bag‘ishlangan xalqaro tadbirda Fransua Shatto “Mirzo Ulug‘bek” spektaklida bosh rolni ijro etadi. Ushbu spektakl bundan ikki yil oldin Samarqand viloyat musiqali drama teatrida o‘zbek davlat drama teatri rejissyori Olimjon Salimov tomonidan sahnalashtirilgan edi.

- Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish assotsiatsiyasi rahbari Frederik Bressand xonim tashabbusi tufayli dunyo ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan Mirzo Ulug‘bek obrazini yaratish uchun yurtingizga keldim, - deydi “Komedii Fransez” teatri aktyori Fransua Shatto. - Bu O‘zbekistonga ilk tashrifim emas. 1994 yilda Frederik xonimning taklifi bilan Toshkentdagi teatrda Alisher Navoiy rolini ijro etgandim. Bir necha yildan so‘ng Samarqanddagi Tillakori madrasasining ichida yana bir boshqa spektaklda o‘ynashga muyassar bo‘lgandim. Bu musiqali asarda Alisher Navoiy, Bobur kabi allomalar ijodi haqida so‘z ketib, she’riy tarzda talqin etiladi. Bu yerda Munojot Yo‘lchiyeva va Bahodir Yo‘ldoshev bilan birga ishladim.

Mirzo Ulug‘bek obrazini ijro etishda deyarli qiyinchiliklarga duch kelmayapman. Chunki ssenariy juda chiroyli, sodda, ravon tilda yozilgan. Bu ssenariyni o‘qib, o‘zimni shu obrazda ko‘ra oldim. Mirzo Ulug‘bekning ilmiy qarashlari, bir vaqtning o‘zida ham sulton, ham astronom sifatida faoliyat olib borishi murakab psixologik jarayon. Buning qiyinchiligi ham shunda. Uning onasi, ukalari bilan kechgan suhbati o‘sha qiyinchilikni menga his qildira oldi.

“Komedii Fransez” teatri aktyori yetmish yoshida buyuk allomamiz Mirzo Ulug‘bekni ijro etish uchun yurtimizga kelib, aktyorlar bilan hamkorlikda ish olib borayotgani uning jasorati, yurtimizga, ajdodlarimizga bo‘lgan hurmati ifodasidir.

Nasiba Jonto‘rayeva.