Mas’ullarning mas’uliyatsizligi yangi muammolar kelib chiqishiga sabab bo‘lyapti
Shu yil 21 iyul kuni viloyat hokimining telegram messenjeriga Paxtachi tumanining Mirzo Olim mahallasida yashovchi Ahmad Vafoqulov tadbirkorlik yuritish uchun yer maydoni ajratishda ko‘mak so‘rab murojaat qildi.
Murojaatning mazmuni quyidagicha: «Paxtachi tumanining yashash manzilimga yaqin bo‘lgan Mirzo Nodim mahallasi 127-konturidagi tuman hokimligi zaxirasida turgan 6 sotix yer maydonini olib, bu yerda tadbirkorlik yuritish uchun tuman yer resurslari va kadastr bo‘limiga bir necha marta murojaat qildim. Har bir murojaatimdan keyin ushbu idora xodimlari kelib, bu yer maydoni auksionga qo‘yilsagina uni sotib olib, faoliyat yuritishim mumkinligini aytishdi. Hatto viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi o‘rinbosari ham yer maydoni auksionga qo‘yilishini ta’kidladi. Rozi bo‘ldim. Ammo mana, qariyb 5 oydirki, ishim bir tomonga hal bo‘lmaydi: kadastr xodimlaridan biri yer maydonini «Auksionga qo‘yamiz», deydi, biri «Bu suvli yer maydoni, mumkin emas», deydi. Yana biri «Auksion bo‘ladi, tizimga kiritdik», desa, boshqasi murojaatimni «yopish» uchun viloyat hokimligiga videolavha tayyorlab, «Biz keldik, fuqaro kelishishdan bosh tortdi», deb aldaydi. Men esa tadbirkorlik faoliyatimni boshlolmay sarsonman».
Yer maydoni nega auksion savdosiga qo‘yilmadi?
Ushbu murojaatni joyida o‘rganish, holat bilan tanishish va bu borada tadbirkor hamda mutasaddi rahbar va mutaxassislarning fikrini bilish maqsadida Paxtachi tumanida bo‘ldik.
Sultonobod shaharchasida tuman hokimi M.Hamdamovga duch keldik. U hozirgina ushbu murojaatda ko‘tarilgan masalani yechish, unga oydinlik kiritish maqsadida murojaatchi va mutaxassislar bilan birga joyida gaplashib olgani, Ahmad Vafoqulov faqat tuman yer resurslari va davlat kadastri idorasiga tadbirkorlik yuritish va bu yer maydonini ajratish bo‘yicha murojaat qilgani, ammo biror marta o‘ziga muammo yuzasidan uchrashmagani, ariza ham yozmaganini aytdi. «Agar A.Vafoqulovning maqsadi tadbirkorlik qilish bo‘lsa, tumanimizda bunday faoliyat yuritish uchun yer maydonlari bor. Ammo u aynan shu yer maydonini olmoqchi. Biroq bu joy suvli yer bo‘lganligi bois auksion savdosiga qo‘yib bo‘lmaydi», dedi hokim.
Shundan so‘ng biz tuman hokimligi vakili, viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi mutaxassisi, tuman kadastr idorasi rahbari, arxitektor va A.Vafoqulov bilan birga murojaatga sabab bo‘lgan yer maydoniga bordik.
Dastlab ko‘rganimiz va bilganimiz shu bo‘ldi: birinchidan, yer maydoni 6 emas 9 sotix ekan, ikkinchidan, bu yerda issiqxona qurish uchun yog‘ochdan karkas tayyorlanib, yerni ekin ekishga hozirlab qo‘yishibdi.
- Men 5 oydan buyon ushbu 127-konturdagi bo‘sh turgan va yantoq bosib xaroba holga kelib qolgan yer maydonini olib, tadbirkorlik qilish uchun «yugur-yugur» qilib, yer tuzuvchilar aldovi, «nog‘orasiga o‘ynab» yuraveribman, - deydi Ahmad Vafoqulov. – Avval tuman kadastr idorasida ishlovchi Jonibek, Asror ismli xodimlar, so‘ngra o‘zini viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosariman, deb tanishtirgan Muxtor ismli yigit mening murojaatimni o‘rganib, «Masala siz so‘ragan yer maydonining auksion savdosiga qo‘yilganidan keyin, tanlovda qatnashib sotib olsangiz hal bo‘ladi», deyishdi. Oradan ancha vaqt o‘tib, may oyida ularga qayta murojaat qilganimda «Auksionga chiqarildi, mana, ko‘ring, 1 iyun kunlari savdosi e’lon qilinadi», deb ushbu yer maydonining savdo uchun maxsus tizimga kiritilgani haqidagi xabarnomani ko‘rsatdi. Mayliga, har bir ish qonuniy bo‘lgani durust, savdo tanlovida qatnashib, yer maydoni narxi qancha bo‘lsa sotib olib, bu yerda avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi quraman va 4-5 kishini ish bilan ta’minlagan holda faoliyat boshlayman, deb niyat qildim. Afsuski, oradan yana ancha vaqt o‘tgach, ular «Siz so‘rayotgan yer maydoni suvli yer sirasiga kiradi. Suvli yer maydonini esa auksionga qo‘yib bo‘lmaydi», deyishdi. Bunga nima deysiz? Qani bu yerda mantiq? Agar 127-kontur qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan suvli yer maydoni va auksionga qo‘yish zid bo‘lsa, qanday qilib aynan shu kontur hududida namunali loyihadagi uy-joylar, to‘yxona, avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasi, aholi uy-joylari, savdo ob’yektlari qurilgan?
A.Vafoqulovning bu savollariga tuman yer resurslari va davlat kadastri boshlig‘i Ahror Qahhorovning javoblari shunday bo‘ldi:
- To‘g‘ri, ushbu mahalla hududidagi 127-kontur suvli maydon sirasiga kiradi. Biroq 2013 yilda Prezident qarori bilan ushbu kontur bosh reja asosida namunaviy loyihadagi uy-joylar barpo etish va atrofida zarur infratuzilma ob’yektlarini qurish uchun ruxsat berilgan. Shu bois, o‘sha yili bu yerda namunali loyihadagi uy-joylar, to‘yxona, avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasi va boshqa infratuzilma ob’yektlari qurilgan.
Nizoli yer maydonining auksion savdosiga qo‘yilishi bilan bog‘liq masalaga kelsak, ko‘p yildan buyon foydalanilmay kelinayotgani, tashlandiq holatda ekanini inobatga olib, A.Vafoqulov bu yerdan samarali foydalansin, degan maqsadda auksion savdosiga qo‘yish uchun «YERELEKTRON» avtomatlashtirilgan axborot tizimiga zarur hujjatlarni tayyorladik. Biroq qo‘mitamizdan ushbu yer maydoni tadbirkorlik qilish uchun auksion savdosiga qo‘yilishi mumkin emasligini bildirishdi.
- Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 dekabrdagi «Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun bo‘sh turgan yer uchastkalarini berish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan tadbirkorlik yuritish uchun faqatgina joylardagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalari fuqarolarga elektron onlayn-auksion orqali beriladi, - deya qo‘shimcha qildi viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi mutaxassisi Shakarboy Bo‘tayev. – Shunga ko‘ra, Ahmad Vafoqulov so‘rayotgan yer maydoni qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasi sanaladi va bu yerda faqat dehqon xo‘jaligi sifatida foydalanishga ruxsat beriladi.
Mana shu javoblardan so‘ng haqli savol tug‘iladi: A.Vafoqulov 5 oydan buyon aldangani, shuncha vaqt sarson bo‘lgani bois bu yerni dehqon xo‘jaligi sifatida foydalanish uchun bo‘lsa ham olaman, degan. Ammo yer resurslari va davlat kadastri xodimlari unga bu borada jo‘yali maslahat ham, taklif ham, ko‘mak ham, hatto murojaatiga javob ham bermagan. Nega?
Bir o‘zboshimchalik ikkinchi o‘zboshimchalikni olib keldi
Maqolamiz avvalida «Bu yerda issiqxona qurish uchun yog‘ochdan karkas tayyorlanib, yerni ekin ekishga hozirlab qo‘yishibdi», degan edik. Xo‘sh, 5 oydan buyon bu yer maydonida bir fuqaro tadbirkorlik faoliyati yuritishi uchun uni xarid qilish maqsadida u idoradan bu idora eshigiga chopsa-yu boshqa fuqaro bu yer maydonida issiqxona qura boshlasa. Buni qanday tushunish mumkin? Mahalla oqsoqoli, profilaktika noziri, mutasaddi idoralar vakillari, tuman hokimining tegishli o‘rinbosari bu holatni ko‘rishmaganmi?
- Keyingi yillarda ayrim sabablarga ko‘ra oilamiz og‘ir ahvolga tushib qoldi, oqibatda ro‘zg‘or tebratishga qiynaldim, - deydi tumanning «Hunarmand» mahallasida yashovchi Marg‘uba Siddiqova. - Farzandlarim dastyor bo‘lib qolgan, shuning uchun yer maydoni olib, dehqonchilik qilish maqsadida tuman hokimligiga murojaat qildim. Biroq natija chiqmadi. Shundan keyin uyimning qarama-qarshi tomonida joylashgan, yillar davomida yantoq bosib, tashlandiq holga kelgan ushbu yer maydonini tozalab, issiqxona qurib, mahsulot yetishtirish uchun ishga kirishdim. A.Vafoqulov bu yerni sotib olmoqchi ekanidan xabarim yo‘q.
- Yer maydonini egallash uchun qonuniy yo‘lni tanlash, zarur hujjat to‘g‘rilash, hokimlik ruxsatini olish kerak. O‘zboshimchalik bilan yerni egallab olish jinoyat ekanini nahotki bilmadingiz, - so‘raymiz M.Siddiqovadan.
- Bilaman, ammo oldimizdagi G‘ulom aka degan kishi katta yer maydonini noqonuniy egallab olgan, yo‘limizni ham yopib qo‘ygan, uning bu ishi jinoyat emasmi? Unga hech kim indamagach, tashlandiq yerni foydali maydonga aylantirib, bu yerda ekin yetishtirsam ham ro‘zg‘orimga, ham davlatga foyda bo‘ladi, dedim-da.
Mana sizga javob. «Bitta qonunbuzarlikdan ko‘z yumish ikkinchisini, bir o‘zboshimchalik ikkinchi o‘zboshimchalikni olib keladi», deganlari shu bo‘lsa kerak.
Xo‘sh, ortiqcha yer maydonini noqonuniy egallab olgan «G‘ulom aka degan kishi» kim? Tadbirkormi yo dehqon xo‘jaligi sohibi? Rostdan ham katta yer maydonini noqonuniy ravishda egallab olganmi? Bizni shu savollar qiziqtirdi. Negaki, u kishiga tegishli yer uchastkasi aynan nizoga sabab bo‘layotgan yer maydoniga tutash.
O‘zini G‘ulom Norbo‘tayev deb tanishtirgan bu kishining bizga taqdim qilgan hujjatlariga ko‘ra, Paxtachi tumani hokimining 2013 yil 7 noyabrdagi 602-sonli qaroriga asosan nizoli yerning «M-37» yo‘li tomonidan 15 sotix maydoni maishiy xizmat majmuasi va savdo do‘koni qurish uchun o‘g‘li Javlon Hasanov nomiga ajratib berilgan. Aytishicha, barcha hujjatlari joyida, hokimning qarori bor. Biroq tuman hokimligi huquqshunosi taqdim etgan hujjatlarga ko‘ra, J.Hasanov ajratib berilgan yer maydoniga yana 16 sotix yer maydonini ham qo‘shib, jami 31 sotix yerni egallagan, shuningdek, ushbu yer maydonini shlakoblokli devor bilan o‘rab olgan. Shu bois, ishni sudda ko‘rish uchun hujjat tayyorlangan.
“Bu yer ichimlik suvi quvuri himoya hududi”
Murojaatni o‘rganayotganimizda yoshi katta kishilar - Mirzo Nodim mahallasi raisi Burxon Eshtoyev va “Hunarmand” mahallasi faoli Ro‘zigul Qurbonova yonimizga kelib, muammo yuzasidan bir fikrni aytib qoldi: “Bu yer uchastkalari yillar davomida bekorga bo‘sh turgani yo‘q. Chunki yer ostidan ichimlik suv quvuri o‘tgan”. Ular shunday deya quvurning aniq qayerdan o‘tganligi haqida ikki xil fikr bildirdi. Bunga aniqlik kiritish maqsadida “Samarqand suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati Paxtachi tumani bo‘limiga qo‘ng‘iroq qildik. Ma’lum vaqt o‘tib, mazkur korxona boshlig‘i o‘rinbosari Yusuf Shernayev keldi.
- Ushbu yer maydonining 1,2 metr chuqurligi ostidan diametri 200 millimetr bo‘lgan toza ichimlik suv quvuri o‘tgan, - dedi Yu.Shernayev. - Bu quvur qariyb qirq yildan buyon mavjud. Mirzo Olim mahallasi hududidan boshlangan va ushbu yer maydoni ostidan o‘tib, «M-37» avtomobil yo‘lining o‘ng tomonidan Yobu mahallasigacha tortilgan. Shuning uchun bu yer maydonida tadbirkorlik qilish, qurilish ishlarini olib borish taqiqlanadi. Negaki, belgilangan tartibga ko‘ra ushbu suv quvuridan har ikkala tomonga 7,5 metrdan himoya hududi mavjud. Bu yer maydonidan faqatgina bir yillik qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirgan holda foydalanish mumkin. Shunda ham agarda quvurda nosozlik kelib chiqsa, uni sozlash uchun ekin maydoniga texnikalarimizni kiritish, ekinga zarar keltirilsa, uni o‘z hisobidan qoplanishiga rozi bo‘lishi haqida korxonamiz bilan tuzilgan shartnoma asosida beriladi. Ko‘p yillik ekin, masalan, daraxt va butalar ekishga ruxsat berilmaydi.
Masalani vaqtida yechishga hech kim hafsala qilmagan
Mutaxassisning bu gapi masalaga oydinlik kiritdi. Demak, bu yer maydonidan tadbirkorlik qilishga ruxsat berilmaydi. Ammo savol ketidan savol tug‘ilaveradi.
Xo‘sh, ushbu ichimlik suv quvuri qirq yil avval tortilgan ekan, nega yetti yil oldin J.Hasanovga maishiy xizmat majmuasi va savdo do‘koni qurish uchun bu yerdan joy ajratilgan? Tadbirkorning hujjatlarini ko‘rganimizda “Samarqand suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati Paxtachi tumani bo‘limi (avvalgi “Suvoqova” DUK tuman filiali) rahbari bu yerda tadbirkorlik yuritish mumkinligi haqida xulosa bergan. Yu.Shernayevga bu haqda aytganimizda “U vaqtda men bu idorada ishlamasdim”, dedi. Xo‘p, o‘sha payt ishlamagan ekan, ishlagan vaqtida tadbirkorga bu yerdan suv quvuri o‘tkazilganini bildirishi, imorat qurish, shlakoblokli devor bilan o‘rab olish mumkinmasligini aytishi kerakmasmidi? Yoki bu haqda tuman hokimligi, huquqni muhofaza qilish idoralariga taqdimnoma kiritishi lozimmasmidi?
J.Hasanov 2013 yilda yer maydonini tuman hokimi qarori bilan olgan. Buni qonuniy ham deylik. Nega hokimlik, qurilish bo‘limi, soliq idoralari uning faoliyat yuritmayotganiga e’tibor qaratmagan? Belgilangan yer maydonidan ortiqcha joyni egallab olgani, nahotki, shu paytgacha hech kimni qiziqtirmagan? Shuningdek, Mirzo Nodim va “Hunarmand” mahallasini ajratib turuvchi ariqning qariyb 100 metr hududi va “Hunarmand” mahallasining ariq yoqasi va yo‘lini ikki tomondan devor bilan yopib qo‘ygani qaysi qonun va odamgarchilik me’yorlariga to‘g‘ri keladi?
127-konturdagi avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi bosh reja asosida qurilgan ekan, uning yonidagi issiqxona yaqinda loy devor bilan o‘ralgan. Devor ham ichimlik suv quvuri ustidan qurilgani aniq ko‘rinib turibdi. Bunga kim barham beradi?
Endi o‘zingiz ayting, A.Vafoqulovning bu yer maydonidan tadbirkorlik qilish uchun joy tanlaganiga shu kabi o‘zboshimchaliklar, xususan, J.Hasanovning savdo do‘konini ko‘rib, “Bu yerda faoliyat yuritsa bo‘larkan”, degan xulosaga kelgani sabab emasmi? Qolaversa, tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi xodimlari 127-konturni suvli maydon, degan. Unda nega 2020 yil may oyida aynan shu konturdan 3 sotix yer maydoni “E-IJRO AUKSION” savdosiga qo‘yilib, sotilgan. Bu holat qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi? A.Vafoqulovning viloyat hokimi telegram messenjeriga shu yer maydonini auksionga qo‘yilishida ko‘mak bering, deya qayta-qayta murojaat qilayotgani sabablaridan biri ham shu emasmi?
Tuman hokimligi, sektor rahbarlari, tuman yer resurslari va davlat kadastri hamda suv ta’minoti idoralari masalaga mas’uliyat bilan yondashganida mazkur muammo allaqachon yechimini topgan bo‘lar, A.Vafoqulov 5 oy sarson bo‘lmay biror joyda tadbirkorligini boshlagan yoxud o‘zi so‘ragan joyda dehqon xo‘jaligi tashkil etgan, M.Siddiqova ham o‘zboshimchalik bilan yerni egallab, shundog‘am qiynalib turgan ro‘zg‘oridan orttirib, xarajat qilmagan bo‘lar edi.
Shu o‘rinda tuman hokimligi va qishloq xo‘jaligi bo‘limi mutasaddilariga bir taklifimiz bor. Ko‘ryapmiz, tumanda issiqxona qurish, kam hosilli yer maydonlaridan samarali foydalanish va dehqonchilik madaniyatini oshirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinyapti. Bu yaxshi. Mazkur yer maydonida ham dehqon xo‘jaligi tashkil etilishi mumkinligini inobatga olib, murojaatchi va boshqa aholiga 2-3 sotixdan bo‘lib berilsa va bir xildagi ixcham, yengil konstruksiyali issiqxona qurilsa, o‘nlab kishi ishli va daromadli bo‘ladi.
Akram Haydarov,
“Zarafshon”ning maxsus muxbiri.
***
Baxtiyor Mustanov olgan suratlar.