Mavlono Rumiy poyidagi o‘ylar

Avval xabar qilganimizdek, yaqinda Turkiyaning Ko‘niya shahrida Mavlono Jaloliddin Rumiy xotirasiga bag‘ishlangan “Shabi Arus” xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi. Ushbu festivalda ishtirok etgan samarqandlik yozuvchi va jurnalist Karimberdi To‘ramurod bizga Jaloliddin Rumiy hazratlari yotgan tabarruk maskanni ziyorat qilgani va ziyorati chog‘ida o‘qigan va eshitganlari haqida yozib, bizga jo‘natdi. Quyida uning Mavlono Jaloliddin Rumiyning ustozi, otasi va o‘g‘li bilan yaqinroq tanishtirishni ifoda etgan maqolasini e’tiboringizga havola qilamiz.

Mavlononing ustozi

Shamsiddin Muhammad ibn Ali Malikdod Tabriziy mashhur ozarbayjon shoiri va donishmandi, o‘z davrining dongdor so‘fiylaridan biridir. Uning tarjimai holiga doir manbalar juda kam va bori ham siru-sinoatga to‘la. Uni Ozarbayjon shohlari avlodidan, deyishadi. Keyinchalik Alloh ishqida darvishlikni ixtiyor qilgan donishmandning faoliyati, ayniqsa, qoldirgan adabiy merosi uning yuksak bilimlarni egallaganidan dalolat beradi.

Shamsiddin Tabriziy o‘ta bilimdonligi va qobiliyati bois yoshligidanoq “Murshidi komil” nomini olgan edi. U g‘ayrioddiy chiroyi va ruhi tozaligi bilan ajralib turgan. Tabriziyning umri safarlarda o‘tgan va karvonsaroylardagina to‘xtagan.

Rivoyat qilishlaricha, inson Haqqa yetkazadigan barcha ilmga ega bo‘lgan Shams o‘z quyoshini “ko‘chirib o‘tkazish”, keyinchalik u orqali butun insoniyatga nur sochish uchun munosib shogird qidirgan. Shunday o‘quvchini berishni Allohdan so‘ragan. “Evaziga nima berasan?” degan ovozga “Hayotimni”, degan. Va ilohiy ishora bilan Tabriziy Ko‘niyaga yo‘l olgan.

“Ikki dengiz”ning uchrashuvi esa 1244 yilning kuzida sodir bo‘lgan. Bir yig‘inga dabdaba bilan ketayotgan Jaloliddinni uchratgan Tabriziy savol bilan murojaat qiladi:

– Ayt-chi, kimning martabasi yuqoriroq, Muhammad alayhissalommi yoki Boyazid Bistomiymi?

“Sulton al-orifin” taxallusini olgan Bistomiy X asrda yashagan zohid, so‘fiy peshvolardan. U “Ilon o‘zining po‘stini tashlagandek, men o‘zimni uloqtirib tashladim. O‘z mohiyatimga nazar soldim va, oh, men U bo‘ldim!” degan.

Jaloliddin ajablanib, javob beradi:

– Albatta, Muhammad (s.a.v.) baland!

Ana shunda Shams o‘zining asosiy savolini bergan:

– Nima uchun unda Muhammad alayhissalom: “Mening yuragimni zang bosadi va men har kuni yetmish marotaba Rabbimga tavba qilaman!” deydi-yu, Boyazid esa: “Men o‘zimni barcha nomukammal sifatlarimdan tozaladim va badanimda Xudodan bo‘lak hech narsa yo‘q. Men sharaflanganman, o, qanchalar mening martabam buyuk”, degan?

– Muhammad (sav) har kuni yetmish manzilni o‘tar edi va har safar yangi bosqichga yetgach, o‘zining oldingi bosqichdagi nomukammal bilimidan o‘kinib, tavba qilardi. Boyazid esa o‘zi yetgan birdan bir manzilning ulug‘ligi bilangina o‘zidan ketib qoldi va gumrohlikka berilish bois ushbu so‘zlarni aytdi, – deb javob beradi Jaloliddin.

Shams ushbu javobni eshitgan zahoti hushidan ketib yerga yiqiladi. Shundan keyin Jaloliddin bu g‘alati odam bilan yaqin munosabatda bo‘ladi va uning dunyoqarashida jiddiy o‘zgarishlar yarata olgan Shamsiddin Tabriziy bilan suhbati betinim uch oy davom etadi. Shundan so‘ng olamga butunlay yangi bir Jaloliddin kirib kelgandek bo‘ladi.

Ko‘niyada ikki Shams uchrashgan joyda yodgorlik o‘rnatilgan (suratda).

Ikki do‘stning buyuk xizmati shu ediki, ular Insoniyatga Insonni ochib berdilar. Ular bo‘lmaganida O‘rta Osiyodan Arabistongacha, Indoneziyadan Afrikagacha bo‘lgan hududdagi millionlab insonlar butunlay boshqacha o‘ylayotgan bo‘lar edilar.

Bu vaqtda otasi Bahouddin Valaddan qolgan ishlarni davom ettirayotgan, mudarrislik qilayotgan Jaloliddin o‘zining hamma ilmiy ishlarini yig‘ishtirib qo‘yadi. Mudarrislikdan ham voz kechadi. U o‘zining his-tuyg‘ulariga erk berib, Shamsiddin Tabriziy bilan qo‘shiq aytib, raqs tushish, g‘azal bitish, musiqa tinglash bilangina mashg‘ul bo‘ladi.

O‘sha paytda Jaloliddinning shogirdlari Tabriziyga tazyiq qila boshlashadi. Oqibatda Tabriziy Damashqqa ketadi. Do‘stidan ayrilgan Jaloliddin telba bo‘lish darajasiga yetadi. Shunda do‘stlari uning o‘g‘li Sulton Validdan Tabriziyni topib kelishni so‘rashadi. Uch oylik yo‘lda Tabriziy mingan ulovning jilovini tutib kelgan Sulton Valid ham undagi ko‘p ilmlardan bahramand bo‘ladi va otasi nega bu zotga bunchalik katta muhabbat qo‘yganini anglaydi.

Tabriziy qaytgach, Mavlono undan bir lahza ham ajralmaydi. O‘zining qizi Kimyoni unga nikohlab beradi. Ammo “rashkchi shogirdlar” uni o‘ldiradilar...

Do‘stini abadiy yo‘qotgan Mavlono “Shamsi Tabriziy devoni”ni yozadi va shoir bo‘lib, ustozini o‘zida qayta tiriltiradi. Keyinchalik Shamsiddin Tabriziy boshlagan ishlarni poyoniga yetkazgan Jaloliddin biz bugun bilgan Mavlono Rumiy bo‘lib taniladi.

Mavlononing otasi

So‘fiylik tariqatining buyuk vakili Sulton ul orifin Shayx Bahouddin Valad choriyorlardan Abu Bakr Siddiq zurriyodlaridan hisoblanadi. Otasi zamonasining e’tiborli allomasi Husayn Xatib, onasi Aloiddin Muhammad Xorazmshohning qizi edi. Bahouddin Valad kubraviyya tariqatining asoschisi Shayx Najmiddin Kubroning muridlaridan bo‘lgan. Bahouddin Valad o‘z davrining donishmandlaridan hisoblangan. Uning “Al-Ma’orif” asari kelajakda tasavvuf olamining eng buyuk namoyandasiga aylangan Jaloliddin Rumiy dunyoqarashi shakllanishida muhim rol o‘ynagan.

Xorazmshohning tushiga kirgan Payg‘ambarimiz (s.a.v.) “Qizingni Husayn Xatibga nikohlab ber!” deydilar. Bu nikohdan tug‘ilgan Valad ikki yoshdan ilm ola boshladi va hali yosh yigit chog‘ida Payg‘ambarimiz tushida unga Sulton ul ulamo nomini beradi. Shuncha g‘aroyib voqealar ro‘y berishiga qaramay, hasadchilar Xorazmshoh bilan Bahouddin Valadning orasida ziddiyat chiqaradi, oqibatda o‘zlari istiqomat qilib turgan Balx (Afg‘oniston)dan chiqib ketadi. Bu vaqtda Jaloliddin hali besh yoshda edi.

Ular Bag‘dodda va to‘rt yil Ozarbayjonda, yetti yil Loranda (Turkiyaning hozirgi Qahramon shahri)da turgach, Ko‘niya sultonligi hukmdori, ilm, ma’rifat homiysi Alovuddin Kayqubod taklifi bilan Ko‘niyaga kelishadi. Bu vaqtda Jaloliddin voyaga yetib, o‘n sakkiz yoshida uylangan ham edi.

Bahouddin Valad Ko‘niya madrasasida mudarrislik qildi. Atrofida minglab muridlar, shogirdlar paydo bo‘ldi. Aslida, biz bilgan mavlaviylik tariqatining ibtidosi Bahouddin Valaddan boshlangan edi, desak xato bo‘lmaydi. Zero, Bahouddin Valadning muridlariga rahnamo bo‘lib qolgan Jaloliddin o‘sha maktab asosida o‘zining xalqasini tuzgan edi.

Bahouddin Valad 73 yoshida (1231 yil 12 yanvarda) vafot etadi.

(Orqadagi, chap tomondagi qabr Bahouddin Valadning qabri.)

Mavlononing o‘g‘li

Sizu biz bilgan Mavlaviylik tariqati aslida Bahouddin Valaddan ibtido olib, poydevori Jaloliddin Rumiy tomonidan barpo qilingan bo‘lsa-da, bu tariqatning asoschisi Mavlono Rumiyning o‘g‘li Sulton Valad hisoblanadi.

Sulton Valad 1226 yil 24 aprelda Kichik Osiyoning Loran (hozirgi Turkiyaning Qahramon) shahrida tug‘ildi. Onasi Xurosondan kelgan Sharafiddin Samarqandiyning qizi Gavhar xotun edi. Sulton Valad ilk saboqni hali kichkinaligidanoq otasidan olgan bo‘lsa, keyinchalik Shamsiddin Tabriziydan so‘fiylik ta’limotini o‘rgandi. Shomda tahsil oldi. Uning salohiyati yuksalishida Hisomiddin Chalabiyning hissasi ham katta. Keyingi yetti yil Shayx Karimuddin ibn Bektemurga murid bo‘ldi. Ammo otasining ustozi Tabriziy fojiasi takrorlanishidan qo‘rqib, unga muridligini sir tutdi.

Sulton Valad otasining so‘nggi nafasigacha birga bo‘ldi. Otasining vafotidan so‘ng do‘stlari uning o‘rnini egallashini so‘rashdi, ammo Mavlono o‘z o‘rniga Hisomiddin Chalabiyni tayin qilgani uchun rad qildi. Oradan o‘n bir yil o‘tib, Chalabiy dunyodan o‘tgachgina otasi tuzgan xalqaga bosh bo‘ldi. Ulardan mavlaviylar jamoasini tuzdi. Qonun-qoidalari Mavlono tomonidan yaratilgan bu jamoa negizida Mavlaviya tariqati shakllandi. Tariqatni tarqatish maqsadida turli hududlarda o‘z xalifalarini tayin qildi. Uni saljuqiy hukmdorlar ham, turk sultonlari ham, hatto chingiziy hukmdorlar ham qo‘llab-quvvatladi.

Sulton Valad 86 yoshida 1312 yilning 11 noyabrida Ko‘niyada vafot etdi va otasining bosh tomoniga dafn etildi. (Ma’lumot uchun: Mavlono Rumiy ham otalarining bosh tarafiga dafn etilgan.)

Sulton Valaddan katta ilmiy meros qolgan - 12719 baytdan iborat “Devon”. Devondagi g‘azallarning aksari Mavlononing g‘azallariga taqlidan yozilgan, 10 g‘azal turkcha, ayrim baytlar otasi yozganidek, grekcha, qolgani forsiy tilda. Mavlononing “Masnaviy”siga taqlidan yozilgan “Ibtidonoma”, “Rubobnoma”, “Intihonoma” kabi masnaviy kitoblari va bobosi Bahouddin Valadga taqlidan yozilgan “Maorif”, shuningdek, “Ishqnoma”, “E’tiqod risolasi”, “Taroshnoma” kabi asarlari ham qadrli.

Karimberdi TO‘RAMUROD,

Ko‘niyadan Zarnews.uz sayti uchun maxsus.