MIB rasmiy izoh berdi: Samarqandda xodimlarga qarshilik ko‘rsatish holatida hech kimga shikast yetmagan

To‘lov intizomini mustahkamlash orqali qarzdorlikni kamaytirish, energiya tarmoqlariga noqonuniy ulanish, sud va boshqa organ hujjatlarining ijrosini ta’minlash kabi vazifalarni bajarish Byuro xodimlariga oson kechmayapti.

Ayrim hollarda fuqarolarimiz xodimlarning qonuniy talabini bajarish o‘rniga kuch ishlatib, qarshilik ko‘rsatish bilan masalani o‘z tomoniga hal etish mumkin, deb hisoblamoqda.

Voqea holatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2020 yil 21 yanvar kuni soat taxminan 14:20 larda MIB Samarqand shahar bo‘limi davlat ijrochisi M.Bekmuhamedov ish yurituvidagi javobgar D.Roziqovani Samarqand shahar, Navoiy shoh ko‘chasi 49-uy, 16-xonadondan majburiy chiqarish haqidagi FIB Samarqand shahar sudining 2019 yil 12 sentyabrdagi ijro hujjatiga asosan, 12 nafar davlat ijrochilarining amaliy yordamida majburiy ijro harakatlarini boshlagan vaqtida D.Roziqova davlat ijrochilarini aldab, xonadonga kirib, ichkaridan sochiqni yoqqan holda ko‘tarib chiqqan va kirish yo‘lagida to‘planib turgan davlat ijrochilariga qarata uloqtirgan.

Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latovning yozishicha, sochiq davlat ijrochilariga tegmasdan, uyning birinchi qavati chiqish zinasiga tushgan. Lekin D.Roziqova bu bilan chegaralanmasdan, xonadon ichidagi yelim idishga (baklashkaga) solingan benzin yoqilg‘isini har tomonga, shu jumladan, yonib turgan sochiqqa sepa boshlagan. Sepilgan benzin davlat ijrochilarining kiyimlariga ham tushgan bo‘lsa-da, davlat ijrochilarining o‘zini chetga olganliklari tufayli alanga ularga jiddiy shikast yetkazmagan.

Mazkur holatda biror bir MIB xodimi yoki fuqarolar tan jarohatlari olishmagan. D.Roziqova IIB xodimlari tomonidan tinchlantirilgan va turli joylardagi yong‘in o‘choqlari yong‘in xavfsizligi xodimlari tomonidan bartaraf etilgan.

Ushbu holat yuzasidan fuqaro D.Roziqovaga nisbatan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan 2020 yil 21 yanvarda Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

To‘lov intizomi ko‘p jihatdan iste’molchilarning to‘lov madaniyatiga rioya etishlariga bevosita bog‘liq.

O‘z vaqtida amalga oshirilgan energiya resurslari, suv ta’minoti va qattiq maishiy chiqindilar uchun amalga oshirilgan to‘lovlar aholining ijtimoiy himoyasi va ichki infratuzilmani rivojlantirish, energetika sohasini modernizatsiyalash hamda yangi texnologik loyihalarni jalb etishda muhim o‘rin tutadi.

Achinarlisi, to‘lov qobiliyati ega bo‘lgan ayrim fuqarolar, qarzdorlikni bartaraf etish o‘rniga, ijtimoiy tarmoqlar orqali Byuro faoliyati haqida bo‘htonli xabarlarni joylashtirishga harakat qilishmoqda.

Ma’lumot uchun, kecha, 22 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi rahbariyati hamda mas’ul xodimlari bilan “Kommunal sohadagi asossiz qarzdorliklar, ularning kelib chiqish sabablari va bartaraf etish bo‘yicha qilinayotgan ishlar” mavzusida brifing bo‘lib o‘tdi.

Brifingda, ish hajmining ko‘pligi va og‘ir sharoitda ishlashni xohlamagan 6300 nafardan ortiq xodimlar o‘z xohishi bilan ishdan bo‘shatilgani, birgina, o‘tgan yil davomida Byuro xodimlariga qarshilik ko‘rsatish bilan bog‘liq 132 ta holatlar aniqlanib, aybdorlarga qonuniy chora ko‘rilgani aytildi.

Shuningdek, Byuro tashkil etilgandan buyon 4 nafar xodim o‘z vazifasini bajarish vaqtida vafot etgan. 200 nafardan ortiq xodimlarga turli darajada tan jarohati yetkazilgan.