Moliyaviy mustaqillik institut imkoniyatlarini kengaytirdi

Samarqand davlat chet tillar institutining 1000 o‘rinli o‘quv binosi mukammal qayta ta’mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi asosida oliy ta’lim muassasalarining bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazilishi, ularga moliyaviy va akademik mustaqillik berilishi o‘quv dargohlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, talabalar va professor-o‘qituvchilarga zamon talablariga mos shart-sharoit yaratishga xizmat qilmoqda.

Xorijiy tillar bo‘yicha yetuk mutaxassislar tayyorlab kelayotgan Samarqand davlat chet tillar instituti ham mamlakatimizda o‘zini o‘zi moliyalash tizimiga o‘tgan dastlabki oliy o‘quv yurtlaridan biri hisoblanadi.

– Ilgari o‘quv binosi yoki talabalar turar joyi qurish uchun ularni investitsiya dasturiga kitirish, keyin mablag‘ kutishga to‘g‘ri kelardi, – deydi Samarqand davlat chet tillar instituti rektori I.To‘xtasinov. – Buning ustiga har yili bunday dasturlarga tushishning imkoni yo‘q edi. Endi esa o‘z mablag‘larimiz hisobidan yangi bino qurish yoki ularni ta’mirlash, talabalarimizning sifatli ta’lim olishi uchun qulay sharoit yaratish imkoniyatiga egamiz. Buning natijasida 2022 yilda 12 milliard so‘m mablag‘ evaziga 288 ming nusxadagi ilmiy, o‘quv va xorijiy adabiyotlar bilan boyitilgan Axborot-resurs markazi bunyod etildi. 1000 o‘rinli o‘quv binomiz ta’mirlandi. Shuningdek, 32 milliard so‘m sarflanib, 600 o‘rinli talabalar turar joyi qurildi, 200 o‘rinli talabalar turar joyi mukammal ta’mirdan chiqarildi. Bugun foydalanishga topshirilgan o‘quv binosini zamon talablariga mos rekonstruksiya qilishga 10 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. E’tiborlisi, bino tom qismida 100 kilovattlik quyosh panellari o‘rnatilyapti. Endilikda bu yerda ingliz filologiyasi va tarjimashunoslik fakulteti talabalari barcha qulayliklarga ega auditoriyalarda saboq oladi.

Bugungi kunda institutda 12 ming nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda. 6200 o‘rinli sakkiz o‘quv binosi mavjud. Ayni paytda institut hududida yana 2 ming o‘rinli o‘quv binosi qurilmoqda va kelgusi o‘quv yilida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.