Muammoga yechim izlanmaydigan «muloqot»ning kimga keragi bor?

Joriy yilning 6 yanvarida Samarqand viloyat teleradiokompaniyasining «Ochiq muloqot» ko‘rsatuvi orqali Ishtixon tumani hokimligi mutasaddilariga savol yo‘llagan o‘ndan ziyod murojaatchilarga qo‘ng‘iroq qilib, bildirilgan masalalarining o‘rganilgani hamda yechimi yuzasidan suhbatlashdik.

- O‘zim va turmush o‘rtog‘im hech qayerda ishlamaymiz, - deydi tumanning Qirqqiz qishlog‘ida yashovchi B.Joniqulov. – Shuning uchun hovlimizdan uy-bog‘cha ochishga qaror qildik. Buning uchun guvohnoma va ruxsatnomani rasmiylashtirdik. Ishni hali boshlamagan bo‘lsak-da, soliqchilar oyiga 290 ming to‘lashimizni aytishdi. Ushbu masala yuzasidan tuman hokimiga murojaat qilgandim. Ammo tuman mutasaddilari murojaatimga ijobiy yechim topmadi. Natijada faoliyatimizni boshlamasdan fikrimizdan qaytdik. Tuman maktabgacha ta’lim bo‘limidan bolalarning yotishi uchun mebel, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash uchun muzlatkich so‘ragandim. «Siz boshlayvering, avval viloyatdan kattalarimiz kelib ko‘rsin. Keyin sizga yordam berishni o‘ylab ko‘ramiz», deyishdi. Axir faqat uy-joyimiz bo‘lgani bilan uning ichida yetarli shart-sharoiti bo‘lmagan bog‘chaga kim bolasini beradi? Qishlog‘imizda 87 ming 500 so‘mlik unning bir xaltasi 100-95 ming so‘mdan sotilayotgani, suyultirilgan gaz ballonlarini to‘ldirish 21 ming so‘mga amalga oshirilayotganini nazorat qilishlarini so‘ragandim. Bu ham e’tiborsiz qoldirildi.

Tumanning Do‘stlik mahallasida yashovchi Ya.Eliboyev Mitan shaharchasiga investitsiya jalb qilib, hududdagi paxta zavodi, g‘isht zavodlari, vino ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatini jonlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha taklifi yuzasidan tuman mutasaddilarining javobidan qoniqmaganligini ta’kidladi.

Bir hovlida besh oila bo‘lib yashayotgan G.Oblayeva uy-joy so‘rab qilgan murojaatiga ijobiy yechim topilmaganidan nolidi.

2-guruh nogironi bo‘lgan o‘g‘lining nafaqa pullarini vaqtida olmayotganini aytgani uchun H.Turonovni tuman moliyasi va bank xodimlari ariza yozdiraverib, pushaymon qildirishibdi.

- 65 yoshdaman, qaynonam esa 85 da, - deydi bo‘ronxo‘jalik B.Valiyev. – «Kattaqang‘li» qishloq vrachlik punkti xodimlari biz, keksalarning holidan xabar olmayotganini «muloqot» orqali aytuvdim. QVP do‘xtirlari o‘tgan bir yarim oydan ziyod vaqt mobaynida ikki marta kelishdi. Ikkalamizni ham tekshirib, sog‘lom deb tashxis qo‘yib ketishdi va har oyda bir marta xabar olishga va’da berishdi. Shunisiga ham shukr.

Murojatchilarning o‘n nafaridan atigi bir nafari o‘z murojaatiga ijobiy javob olganini ta’kidladi. Biz tasodifan faqat qonun doirasida rad etilgan murojaatchilarga qo‘ng‘iroq qilib qo‘ydikmikin, degan shubhaga ham bordik. Ammo tuman hokimligidan olingan quyidagi ma’lumot murojaatchilarning fikriga umuman qovushmasligini ko‘rsatdi: «6 yanvardagi «Ochiq muloqot» ko‘rsatuvida 80 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 60 tasi (75 foiz) ijobiy hal etildi, 1 tasiga qonun doirasida rad javobi, 19 murojaatchiga tushuntirish va huquqiy maslahatlar berildi».

Hokimlik va aholi murojaatlari bilan bog‘liq bunday tafovutga ortiqcha izohning hojati bo‘lmasa kerak.

Xo‘sh, kim kimni aldayapti? Joylarda aholini qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etish, kamchiliklarga yechim izlash o‘rniga ko‘zbo‘yamachiliklarga o‘rin berishning, xalq oldiga chiqib, quruq va’dalardan nariga o‘tilmaydigan bunday «Ochiq muloqot»ning kimga keragi bor?

Abdug‘ofur ShERXOLOV.