Muhammadkarim Xurramov Osiyo-Okeaniya chempionatining bronza medalini qo‘lga kiritdi
Birlashgan Arab Amirliklarining Fujayra shahrida dzyudo bo‘yicha Osiyo-Okeaniya chempionatining yakkalik bellashuvlari yakunlandi.
Kattalar o‘rtasidagi musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi bo‘lgan -100 kilogramm vazn toifasida tatamiga chiqqan Muhammadkarim Xurramov musobaqaning bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Muhammadkarim yarim finalga qadar pokistonlik Husayn Shohni mag‘lub etdi. Bundan tashqari xitoylik Lu Guan Zhi va avstraliyalik Ozcicek Takagi Kayhonlardan ustun keldi. Sportchimiz yarim finalda korealik Won Jonghoonga imkoniyatni boy berdi. Bronza medali uchun kechgan bellashuvda pokistonlik Husayn Shohni mag‘lub etib, Osiyo chempionatida bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu yutuq orqali dzyudochimiz Tokio Olimpiadasi uchun qimmatli reyting ochkolarini o‘z hisobiga yozib qo‘ydi.
Muhammadkarim ayni paytda Samarqand davlat universiteti Jismoniy madaniyat fakulteti talabasi. U Samarqand ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab internati murabbiyi O‘ktam Rahmonov qo‘l ostida shug‘ullanadi.
Eslatib o‘tamiz, Muhammadkarim Xurramov joriy yilning 20 mart kuni Samarqand shahrida “Navro‘z” umumhalq bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan milliy kurash sport musobaqasida mutloq vazn toifasida bosh sovrin “NEXIA-3”ni qo‘lga kiritgandi.
Shuningdek, u 29-31 mart kunlari Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida dzyudo bo‘yicha an’anaviy “Gran-Pri” xalqaro turnirida 52 davlatning 371 nafar sportchilari orasida munosib ishtirok etib bronza medaliga loyiq topilgan edi.