Nafaqa tayinlashda endi muammo bo‘lmaydi

Bugun dunyo mamlakatlari koronavirus pandemiyasiga qarshi jiddiy kurash olib boryapti. Virusning tezlik bilan tarqalishi jahon iqtisodiy o‘sish sur’atlarining pasayishiga, o‘z-o‘zidan davlatlar iqtisodiyoti va moliya tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi. Doimiy daromadga ega bo‘lmagan, kam ta’minlangan oilalar qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Ana shunday murakkab sharoitda yurtimizda yolg‘iz qariyalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ehtiyojmand oilalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, oziq-ovqat, dori-darmon mahsulotlari narxi oshishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘rilyapti.

Ochig‘i, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar nafaqa olish uchun haftalab, oylab chopishiga to‘g‘ri keladi. Bu boradagi me’yoriy hujjatlarda juda ko‘p murakkabliklar, ayrim chalkashliklar bor. Masalan, ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam tayinlash to‘g‘risidagi arizaga oilaning tarkibi va daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ilova qilinadi. Ushbu hujjatlar asosida oila a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik jami daromad miqdori aniqlab chiqiladi.

Bu jarayonda oilaning moddiy va mulkiy holatini tekshirish bo‘yicha ish olib boriladi. Shundan keyingina tegishli nafaqa yoki moddiy yordamni tayinlash yoki rad etish to‘g‘risida xulosa taqdim etiladi. Xullas, nafaqa olish uchun murojaat qilgan fuqaro uning yugur-yuguridan tortib, tekshir-tekshirigacha bo‘lgan jarayondan o‘tishga juda qiynaladi.

Ehtiyojmand har bir fuqaro ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega. Bu, ayniqsa, hozirgi murakkab sharoitda dolzarb masala. Vaqtincha ishlamayotgan, moddiy qiyinchiliklarni boshidan kechirayotgan ko‘plab oilalar uchun ijtimoiy nafaqa bugun suv va havodek zarur. Shu jihatdan davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni yordamga muhtoj ko‘plab oilalarning ijtimoiy himoyasini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Farmonga asosan Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda ijtimoiy nafaqalarni tayinlash va to‘lashning amaldagi tartibiga oilalarning ijtimoiy nafaqa olishga muhtojligini baholash tartib-taomillarini soddalashtirishga qaratilgan bir qator o‘zgartirishlar kiritishi kerak. Jumladan, ijtimoiy nafaqa olish uchun ariza bilan birga taqdim etiladigan hujjatlarni kamaytirish, davlatning ijtimoiy yordam choralari hisoblanuvchi alohida transfertlarni oilaning jami daromadlaridan chiqarib tashlash belgilandi.

Bu tartib-tamoyilni davlatimizning xalqimiz, fuqarolarimizga yana bir g‘amxo‘rligi deb qarash mumkin. Zero, bugungi sinovli kunlarda davlat va jamiyat bir-birini qo‘llab-quvvatlasa, karantin bilan bog‘liq cheklovlar og‘ir oqibatlarni keltirib chiqarmaydi.

Sherbek BO‘RONOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.