Nega topganimizda baraka yo‘q, bozorlarda savdo sust, qimmatchilik?
Uyda qurilishni boshlab, bozorga bordim. Taxta bozori. Ustalar "5x3 o‘lchamdagi reka kerak", dedi. Bozordan reka qaradim. Bir metrining narxi 5500 so‘m ekan. Bir sotuvchi aytdi: "Aka, sizga 5x3 kerakmi? Bular 5x3 degani bilan shuncha chiqmaydi. Mana...", deb o‘lchab berdi.
Haqiqatda uning o‘lchami 4x2 ekan. 5x3 olish uchun 6x4 deganidan olish kerak ekan. Rozi bo‘lib, 6x4 o‘lchamdagisini oldim. Ustalar bo‘yini 6 metrlik bo‘lsin, degan edi. 6 metrlik so‘radim. "Mana", deb darrov yuklashni boshladi. Birdan kallamga fikr kelib qoldi.
- Uka, metrni oling, - dedim-da, o‘lchadim. 6 metr deb sotilgan reka 5 metr-u 70 santimetr chiqdi. Ham enidan, ham bo‘yidan....
Yurtda baraka yo‘q. Savdo yo‘q. Qimmatchilik...
Ustalar bilan g‘isht urishga shartnoma qildim. G‘ishtni urganidan emas, mashinada kelganidan sanar ekan. Zilda kelgan g‘ishtni erinmay donalab sanadim. 5000 ta deyilgan g‘ishtdan insofligi 300 ta, standarti 500 ta kam kelar ekan. Usta shuni bilgani uchun urganidan emas, kelganida hisob olar ekan. Ham mashinada kelganidan, ham ustadan olib yeysiz.
Yurtda baraka yo‘q. Savdo yo‘q. Qimmatchilik...
Ustalar hammasi "dom stroy" (qurilish materiallari sotadigan katta do‘kon) ga yetaklaydi. Ustalar u yerdan karta ochib olgan. Plastikka o‘xshagan. Uyni egasi borib savdo qiladi. Ustaning kartasiga qilingan savdoning 10 foiz puli kelib tushadi.
Yurtda baraka yo‘q. Qimmatchilik...
Bir aka antifriz chiqardilar. Antifriz qog‘ozda yozilgani kabi -20 daraja va -40 darajalik chiqdi. Bozordagi hamma mahalliy antifrizdan qimmat. Sababini tushunmay, hamma antifrizlarni olib kelib, -5 gradus xolodilnikka qo‘yilgan. Uch soatda hamma antifriz taxta bo‘lib qolgan. Ishlab chiqaruvchilarga bu holat videoga olib, yuborilgan. "Hoji aka"lar parvoyiga ham olmagan.
Yurtda baraka yo‘q. Qimmatchilik...
O‘rtog‘im benzin zapravkada ishlaydi. Eng insoflik zapravka o‘niga bir litr, qolganlari ikki litr urar ekan. "Meni bilganim urmaydigani yo‘q", deydi. Hamma bilar ekan shundayligini.
Yurtda baraka yo‘q, hammayoq qimmatchilik emish...
Boshqa bir tanishimning ishi porasiz, otkatsiz bitmas emish. Pora bermasa, davlat tashkilotlari olmas emish. Aytishicha, Yurtda baraka yo‘q. Avvalgiday savdo yo‘q emish.
Uyfurushlarga uyingizni sotmoqchi ekanligingizni aytasiz. Bo‘ldi, naqdga o‘zimiz olamiz, deb baholaydi. Tabiiyki, siz qimmatroq narx xohlaysiz. U yog‘iga tuzog‘iga tushganingiz shu. Kanalida e’lon beradi uyingiz sotilishi haqida. Siz mijoz kutasiz. Uyingizni olmoqchi bo‘lgan xaridor uyfurushga telefon qiladi. Uyfurush u uy sotilganini, istasa, boshqa uy borligini aytadi. Sizga esa hamtovog‘ini jo‘natadi. Hamtovoq uyingizni ko‘rib, dastlabki uyfurush aytgan narxdan ancha past baho aytadi. Shu tariqa uchinchisi, to‘rtinchisi kelib arzon narx aytaveradi. Toqatingiz toq bo‘lib, birinchi aytgan narxingizga o‘zingiz olib qo‘ya qoling, deysiz. Xo‘p, deydi deb o‘ylaysizmi? Sodda bo‘lmang. Endi uyingizni birov olmayotganini, boshida berganda, mayli, deb olishini, hozir esa yana 500 yoki 1000 dollar arzonga olib qolishini aytadi. Pul zarurligidan rozi bo‘lib yuborasiz. Bu "priyom"ni hammaga ham qilmaydi. Pul zarur, "pojar" degan odamlar "jirniy" mijoz.
Bozorda kabelchilar bor. Davlat muassasalariga, qurilish ob’yektlariga sim sotishadi. Ulgurji. Zavoddan kabelni olib, cho‘zishadi. Xato eshitmadingiz. Eshiladi. 2x2.5 kabel, 2x2 yoki undan ham kamroqqa, metri ko‘proqqa aylanadi. Zavodning qadog‘ini qaytadan qilib, sizga berishadi. Butun boshli katta zavodlar qurib, kabel sotib yotishibdi. Sexda qilingan, birortasi aytilgan talabga javob bermaydigan kabellar. Lekin tonnalab, navbatga qo‘yib sotishadi. Otkat bor ekan, kabel sotilaveradi.
Lekin avvalgiday savdo yo‘q. Baraka yo‘q...
Bu kabi ishlarning sanog‘i yo‘q. Oddiy soda bor. Sovet davridan beri 500 grammlik qadoqda bo‘lar edi. Grammi kamayib, kamayib, 250 grammga tushgan. Bilmagan "Haqiqiysi falonchida qimmat ekan, mana bu arzon sotadi", deb olaveradi. Ichi to‘la bo‘ladigan gugurt yarim bo‘lib qolgan. Santimetrlab, milligrammlab urilaveradi. Kamayaveradi.
Darvoqe, sementga qum qo‘shayotganlar, sutga suv qo‘shayotganlar hech kimga sir bo‘lmay qolgan. Shuning uchun topganimizda baraka yo‘q, savdo sust, qimmatchilik...
***
P/s: Ushbu maqolani joylashtirayotganimizda bundan avvalroq telegram kanalimizga buyuk savdogar Abdulla ibn Muborakning savdo ishidagi halolligi va bu halollik natijasida baraka kelishi, bunga amal qilgani bois boyligi haddan ziyod ortgani haqidagi gaplarini berganimizni esladik.
Darhaqiqat, tarixda savdogarlar halollik orqali boy-badavlat va saxiy bo‘lganini o‘qiganmiz. Bugungi tadbirkor va savdo ishi bilan shug‘ullanuvchilar ulardan ibrat olsa yaxshi bo‘lardi.