Nolishni bas qiling
To‘q va osoyishta zamonlarda odamlar to‘xtovsiz shikoyat qilishar ekan. Qanchalik to‘kin-sochin yashasa, hayotidan shunchalik norizo ekan. Juda g‘alati. Shikoyat qilish uchun alohida bir sabab bo‘lmasa-da, bolaligida onasi o‘yinchoq sotib olib bermagan o‘tmishdagi xotiralar ishga tushar ekan...
Otasi ham e’tibor qilmagan, umuman u bilan ishi bo‘lmagan, u ishlardi axir, oila boqishi kerak edi. Atrofdagilar ham... beparvo va befarq edi. Xullas shikoyatlarning cheki yo‘q.
Shaxsan o‘zim ikki-uch yil oldin bir oilaning do‘konda oziq-ovqat ortilgan ulkan arava bilan turib, baland ovozda e’tiroz bildirayotgani guvohi bo‘lgandim. Xotini g‘azab bilan forel (olabaliq) borligidan shikoyat qilardi. Lekin losos (qizil baliq) yo‘q ekan! Qizil baliq bo‘lmasa, qanday yashash kerak? Ertaga qarindoshlar mehmonga kelishadi. Olabaliq unchalik mazali emas. Ular qovurilgan lososni yaxshi ko‘rishadi. Qarang-a...
Dam olish kunlariga Misrga uchib borib-kelgan oddiy ofis xodimlarini ham ko‘rdim. Bu ishlaydigan kompaniyasining ularga beradigan shunday korporativ dam olish imkoniyati ekan. Ular samolyotda parvoz qilish uzoq bo‘lganidan shikoyat qilishardi, ovqati ham uncha yaxshi emas ekan. Tovuq yoki baliq. Yaxshirog‘ini berishsa ham bo‘lardi. Bu safar ham “to‘rt yulduz”li mehmonxonadan joy olishibdi, xasis xo‘jayini “ultra” sotib olishga qurumsoqlik qilibdi.
Mexaniklardan biri qimmat bo‘lganligi tufayli yangi chiqqan mashina xarid qila olmaganidan shikoyat qila ketdi. Eskiroq, ishlatib qo‘yilganini sotib olishga majbur bo‘pti. Axir ko‘rgazma zalidagi premium-klassdagi xorijiy avtomobilni sotib olmaslik bu sharmandalik-ku. Mana, endi eskini kiygandek u “Lada”da yuradi.
Ish ko‘pligidan shikoyat qilishadi. Dam olishga vaqt yo‘q! Jin ursin nega ish bunchalar ko‘p bo‘lmasa? Dam olishdan shikoyat qilishadi. Mehmonxonadagi xona ular xohlaganchalik keng emas. Bepul muzqaymog‘ida qandaydir g‘alati ta’m bor.
Hamkasbi atirining hidi yaxshi emas. Benzin qimmat. Avtomobillar ham qimmat. Hamma narsa qimmat. Hammasi bepul bo‘lishi kerak... muzqaymoqdek. Kreditlar qaytarilishi kerak emish. Dahshat. Nafaqalar kam, pensiyalar ham kam.
To‘xtovsiz shikoyat qilishardi. Internetdagi har qanday yaxshi matn yoki video ostida, darhol tajovuzkor va qayg‘uli sharhlar paydo bo‘ladi. Ovqatlanish paytida shukr qilish o‘rniga oshpaz tomon kamsitishlar “otiladi”.
Robinzon Kruzo haqidagi kitobda esa hamma narsasini yo‘qotgan odam nomidan hikmatli so‘zlar yozilgan. U nafaqat mulkini yo‘qotdi, o‘zini hech kim yashamaydigan orolda butunlay yolg‘izlikda topdi. Va ko‘p narsani tushundi. Quyida Defoning so‘zlari keltirilgan:
“... agar hozirgi holatimizni boshqasi, hatto undan ham yomoni bilan solishtirib, Tangri bir lahzada barchasini almashtirib, tajriba orqali avvallari qanchalik baxtli bo‘lganimizni ko‘rsatishi mumkinligini yodda tutsak qanchalik foydali bo‘lardi!
...Men vaziyatimning qorong‘u tomoniga emas, balki yorqin tomoniga ko‘proq qarashni va nimadan mahrum bo‘lganimdan ko‘ra, bor narsam haqida ko‘proq o‘ylashni o‘rgandim. Bu menga so‘z bilan ifoda etib bo‘lmaydigan ichki xursandchilikni in’om etardi.
Buni hamma narsadan norozi, hech qachon qoniqishi yo‘q, o‘zlariga berilgan ne’matlardan xotirjam bahramand bo‘lolmaydigan baxtsizlar uchun aytyapman, chunki ular doimo o‘zlarida yo‘q narsani xohlashadi. Biz nimadan mahrum bo‘lganimiz haqidagi barcha shikoyatlarimiz, bizda bor narsaga shukronalik bildirmasligimizdan kelib chiqadi.”
Bu so‘zlarni tushunish uchun ba’zi odamlar o‘zlarini kimsasiz orolda yoki resurslari kam va tez orada ahvol yaxshilanishi kutilmaydigan qiyin vaziyatda topishlari kerak.
Shikoyatlar baxtsizlik keltiradi, biz shuni bilib olishimiz lozim. Eskisidan qoniqish bo‘lmasa, oldingisi yangisiga almashinadi. Bu qonun. Faqat yangisi umuman yaxshi bo‘lmasligi mumkin. U taqqoslash uchun beriladi: shikoyat qilishni to‘xtatish uchun, ovqatlanish vaqtida shukr qilib so‘ng duoga qo‘l ochishni o‘rganish uchun...
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.