"Obod qishloq" dasturiga kiritilgan qishloqlar obod bo‘lyaptimi?
Joriy yilgi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida Samarqand viloyatining 717 ta qishloq va 198 ta mahallasi me’moriy qiyofasini yangilash, hududlarini obodonlashtirish uchun 1 trillion 805 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Mazkur vazifalar davlatimiz rahbarining 2021 yil 2 apreldagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida bajariladi. Ushbu dasturlarning amaliy natijasi sifatida aholining turmush sharoitini yaxshilash, hududlar obodligini ta’minlash, kommunikatsiya, irrigatsiya, yo‘l va transport infratuzilmasini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish, muxtasar aytganda, fuqarolarning bugungi kunidan rozi bo‘lishi ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Shu maqsadda viloyatimizda yil yakunigacha belgilangan reja asosida 856 ta qishloq va mahallada ichki yo‘llar ta’mirlanadi, 150 ga yaqin hududda ichimlik va oqova suv tarmoqlari tortiladi. Hududlardagi transformatorlar ta’mirlanadi, eskilari yangilanadi, elektr va gaz tarmoqlari tortiladi, ehtiyoji bor aholiga gaz ballonlari tarqatiladi. Hududlarda 31 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 66 ta maktab, 26 ta tibbiyot muassasasi, 21 ta mahalla va 2 ta madaniyat markazi ta’mirlanadi. Avtobekatlar qurilib, yangi avtobus yo‘nalishlari tashkil etiladi, piyodalar yo‘lakchasi, sport maydonchalari tashkil etiladi, tungi yoritish tizimi yaxshilanadi, hududlarda 4 544 ta aholi xonadoni ta’mirlanadi. Sayyohlik sohasi rivojlantiriladi, madaniy meros, turizm ob’yektlari ta’mirlanadi, savdo, xizmat ko‘rsatish va bozor infratuzilmasi yaxshilanadi, kichik sanoat zonalari rivojlantiriladi.
Mazkur vazifalardan kelib chiqib, ishlar tizimli olib borilib, hududlarda ijobiy o‘zgarishlar bo‘y ko‘rsatmoqda.
Jumladan, Bulung‘ur tumanida Birlik va Farmontepa qishloqlari “Obod qishloq” dasturiga kiritilib, ishlar boshlab yuborildi. Dastur doirasida qishloqlar obodonchiligi uchun respublika byudjetidan 9,4 milliard so‘m va mahalliy byudjetdan 5,4 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Ushbu mablag‘ hisobidan qishloqlarda elektr va gaz tarmoqlari tortiladi, maishiy xizmat va savdo majmualari tashkil etiladi. Transport, irrigatsiya tizimlari, ichki yo‘llar, ichimlik suvi, ta’lim va tibbiyot muassasalari, yakka tartibdagi uylar ta’mirlanishi rejalashtirilgan. Hozirgacha Farmontepa qishlog‘ida aksariyat ishlar hashar yo‘li bilan nihoyasiga yetkazilayotgan bo‘lsa, tuman markazidan 13 kilometr olisda joylashgan Birlikda obodonchilik ishlari davom etmoqda.
“Obod qishloq” dasturiga kiritilgan qishloq o‘z nomi bilan ham yon atrofdagi aholi masssivlaridan tamomila o‘zgacha qiyofaga kiradi. Aholining yashash tarzi, infratuzilma ob’yektlari, tadbirkorlik, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va savdo sohasida sezilarli yangiliklar joriy etiladi. Oddiy qilib aytganda, hududdagi zamon shiddati va rivojlanishdan ortda qolayotgan qishloqlar o‘zgarib, aholi ongida ham yaratuvchanlik hissi ortadi.
- Birlik qishlog‘ida 235 xonadonda 1400 ga yaqin aholi istiqomat qiladi, - deydi Mingtepa mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Bahriddin Suyarov. – Aholimiz asosan uzum yetishtirish va chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Uchta daftarda shu qishloqda yashovchi 415 nafar fuqaro bor. Ularga o‘zlariga mos ish topib, bandligi ta’minlanmoqda. Hisob-kitobimiz bo‘yicha dastur doirasida qishloqda 70 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.
- Birlik qishlog‘iga yo‘naltiriladigan 8 milliard 100 million so‘m mablag‘ning 2 milliard 93 million so‘mi respublika byudjetidan, 4 milliard 345 million so‘m mahalliy byudjet va qolgani tarmoq korxonalari mablag‘larini tashkil etadi, - deydi tuman mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Abduvali Hazratqulov. – Hozirda tarmoq korxonalari mablag‘lari hisobidan rejalashtirilgan ishlar bajarilmoqda. Rejaga asosan 1,2 milliard so‘m mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qishloqdagi 32-maktabga 120 o‘rinli qo‘shimcha bino quriladi va yangi o‘quv yilidan o‘quvchilar zamonaviy bilim dargohida o‘qishni boshlaydi. Eskirib qolgan Mingtepa mahalla fuqarolar yig‘ini binosi ham 200 million so‘m mablag‘ hisobidan yangi ko‘rinishga keltiriladi. 1,1 milliard so‘m respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan qishloqda tibbiy xizmat maskani tashkil etiladi. Infratuzilma yaxshilanib, tadbirkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
- Hozir qishloqning 50 foizdan ortiq qismi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan bo‘lsa, dastur doirasida aholi to‘liq toza ichimlik suvi ta’minotiga ega bo‘ladi, - deydi “Samarqand suv ta’minot” MChJ tuman filiali bosh muhandisi Asqar Kuliyev. – Dastur doirasida bitta suv inshooti hashar yo‘li bilan ta’mirlandi, keyinchalik yana bitta yangi inshoot quriladi. Qishloqning 6 ta ichki ko‘chasiga 5,5 kilometrlik aylanma tarmoq tortiladi. Bu agarda bitta inshoot ishdan chiqqanda ham aholining suvsiz qolib ketmasligini ta’minlaydi. Bu ishlar uchun respublika va mahalliy byudjetdan 900 million so‘m mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan.
Hozirda zarur texnikalar jalb etilib, tarmoq korxonalari mablag‘lari hisobidan qishloqdagi 6 ta ichki yo‘lga shag‘al to‘kildi, 1 ta yangi transformator o‘rnatildi. 30 dan ortiq aholi xonadoni ta’mirlanib, tomorqalar tartibga keltirildi. Tuman gaz idorasi tomonidan 30 dan ortiq aholiga maishiy gaz ballonlari tarqatildi.
“Obod qishloq” dasturining asosiy maqsadlaridan biri hudud obodligi, infratuzilmani yaxshilash bilan birga aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, ayniqsa, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash ustuvor vazifa hisoblanadi. Xo‘sh, Birlikda bu borada ahvol qanday, qishloq ayollari uchun mos ish joylari yaratiladimi?
- 10 sotix tomorqamiz bor va ro‘zg‘orga kerakli kartoshka, sabzavotlar o‘zimizdan chiqadi, - deydi To‘ygul Allaboyeva. – Bizga yaqin huddudda g‘isht zavodi bor, u yerga qatnaydigan og‘ir yuk mashinalari sabab bolalar doim chang yo‘lda yurishga qiynalardi. Endi “Obod qishloq” dasturi asosida yo‘llar ta’mirlanyapti, alohida piyodalar yo‘lagi qilinyapti. Agar ayollarga mos ish joylari yaratilsa yana ham yaxshi bo‘lardi.
Belgilangan vazifalarning amalga oshishi tufayli ko‘rimsizgina qishloq yangi qiyofa kasb etib, hududdagi obodonchilik, zamonaviy qurilishlar aholi ruhiyatida ham aks etadi.
O‘ktam Xudoyberdiyev.