Oila qurayotgan yoshlar uchun berilayotgan muddatdan kim norozi? Yigitmi, qizmi, ota-onami?

O‘zbekiston Respublikasi «Oila kodeksining 13-moddasiga muvofiq, nikoh tuzish nikohlanuvchilarning fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganlaridan keyin bir oy o‘tgach, shaxsan ularning ishtirokida amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.

Mazkur qonun normasining asosiy maqsadi - nikoh quruvchi yoshlarni bir-birini sinab, o‘zaro oila qurishga ahd qilgan bo‘lsalar-da, ularga yana bir bor o‘ylab ko‘rishlari uchun berilgan imkoniyatdir.

Ammo ming afsuski, yoshlar mazkur muddatni iloji boricha qisqartirishga harakat qilib, berilgan imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanmaydilar. Aksar hollarda ular qolib, ota-onalar ham iloji boricha to‘yni tezroq qilish harakatiga tushib qoladi.

FHDYo idorasiga ariza kelib tushgan kuniyoq, qiz tomonda mebel va boshqa uy jihozlarini izlash, kelin kiyadigan ko‘ylak, qudalarga beriladigan sarpolar g‘avg‘osi boshlansa, kuyov tomon mashhurroq restoran tanlash, “kazo-kazo” mehmonlarni, qo‘shiqchilarni taklif etish, to‘y dasturxoniga qo‘yiladigan 20 xil noz-ne’matlarni keltirish, nikohga boruvchi avtomashinalar soni bilan mashg‘ul bo‘ladi.

Hech kim yoshlarni oilaga tayyorlash, ikki yosh nima uchun oila qurmoqchi, ularning oila, er-xotin haqida tushunchalari bormi, kuyov oilaga tayyormi, ertaga o‘zini va oilasini boqa oladimi kabi savollarga javob izlamaydi. Hatto, kelinning salomatligi, uning qaynota-qaynona oldidagi burchlari haqida tushuncha berishga hech kim bosh qotirmaydi.

Shulardan kelib chiqib, Samarqand viloyati xotin-qizlar qo‘mitasi va fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi tashabbus bilan chiqdi: hamkorlikda «Siz oila qurmoqchimisiz…» nomli tavsiyanoma chop ettirdi. Bu tavsiyanomani oila qurish ostonasida turgan yoshlar uchun foydali maslahat, deb qabul qilish mumkin.

50 ming nusxada bosilgan tavsiyanomada oila, nikoh yoshi, oilada erning va xotinning vazifasi, ota-onaning farzand oldidagi haqi va mas’uliyati, qonuniy nikohsiz oila bo‘lib yashashning huquqiy oqibatlari haqida atroflicha ma’lumot berilgan. Ushbu muammolarga yoshlarni va ularning ota-onalarini e’tiborini ozgina qaratish uchun ishlab chiqilgan tavsiyalar, o‘ylaymizki, yoshlar uchun foydadan xoli bo‘lmaydi.

Ma’rufjon Tojiboyev,

Sudyalar oliy kengashi huzuridagi sudyalar oliy maktabi o‘qituvchisi.