Oilasida hunarmandchilikni yo‘lga qo‘yganlar imtiyozga ega bo‘ladi

Hunarmandchilik bilan oilaviy shug‘ullanadigan fuqarolar endi oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratilayotgan mablag‘lar hisobidan 225 million so‘mgacha olishi mumkin.

Bu Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrda qabul qilingan “Hunarmandchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda belgilandi.

Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi J.O‘roqov ham qaror qabul qildi. Unga ko‘ra, viloyatda aholini hunarmandchilikka jalb qilish tizimini takomillashtirish, "Usta-shogird" an’analari asosida mahallalarda yoshlarga hunar o‘rgatish va bandligini ta’minlash, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirishga alohida e’tibor qaratiladigan bo‘ldi.

Shu maqsadda Samarqand viloyatida 2022 yilda hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha "Yo‘l xarita"si tasdiqlandi. 2022 yil 1 iyunga qadar viloyat markazida hunarmandlar ishlab chiqargan mahsulotlar savdosiga ixtisoslashgan hunarmandchilik mahsulotlari savdo paviloni tashkil etiladigan bo‘ldi. Bunda:

- savdo pavilonlari 150 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan maydonda, Qurilish vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan namunaviy loyiha asosida tashkil etilishi;

- savdo pavilonlarini tashkil qilish (qurish) mahalliy byudjet mablag‘lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi;

- foydalanishga topshirilgan savdo pavilvonlari Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmalariga operativ boshqaruv huquqi bilan berilishi;

- savdo pavilonlari orqali hunarmandchilik mahsulotlarini sotib olish hamda realizatsiya va eksport qilish ishlari tizimli tashkil etilishi belgilandi.

Shuningdek, 2022 yil 1 aprelga qadar viloyat markazi hamda hunarmandchilik rivojlangan tuman va shaharlardagi davlat xizmatlari markazlari binolari yoki unga tutash hududlarda doimiy faoliyat ko‘rsatadigan milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmalari va savdo rastalari faoliyatini yo‘lga qo‘yiladi.

Ta’kidlash lozimki, endi imtiyozli kreditlar hunarmandning talabi bo‘yicha naqd pul olish imkoniyati bilan taqdim etiladi. 2022 yildan boshlab “Usta-shogird” an’analari asosida yoshlarga hunar o‘rgatayotgan hunarmandlarga – shogirdlar tayyorlashi, zarur xomashyo sotib olishi va shogirdlarni ish haqi bilan ta’minlashi uchun 6 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda subsidiya beriladigan bo‘ldi.

Shu bilan birga, shogirdlarga – mustaqil faoliyatini boshlashi uchun zarur asbob-uskuna va jihozlarni sotib olishi, shuningdek, ustalarga – internet saytlarini tashkil etish, o‘z mahsulotlarini jahon elektron savdo maydonchalariga chiqarish va reklama xarajatlarining 50 foiziga subsidiyalar ajratish tartibi joriy etiladi.