O‘lim jazosini qo‘llash korrupsiyaga qarshi kurashda yordam beradimi?
O‘lim jazosi dunyoning ko‘p davlatlarida qo‘llaniladi. O‘lim jazosi bir vaqtlar sobiq ittifoq davrida ham mavjud edi, bunday jazo o‘ta xavfli jinoyatchilarga va xalq dushmanlariga nisbatan qo‘llanilgan.
Ayrim davlatlarda qotillar, odamxo‘rlar va boshqa ashaddiy jinoyatchilar bilan bir qatorda, o‘zlarining qilmishlari bilan davlatga va jamiyatga jiddiy ziyon yetkazayotgan poraxo‘rlar ham xavfli jinoyatchilar qatoriga kiradi. Korrupsiya uchun o‘lim jazosi ko‘pgina Osiyo va arab davlatlarida qo‘llaniladi, oxirgi yillar ichida ushbu davlatlarda o‘nlab poraxo‘rlarni narigi dunyoga ravona qilishdi. Jazoning bu turi ayniqsa, korrupsiya muammosi bilan ko‘pdan beri va qattiq kurashib kelayotgan Xitoyda keng qo‘llaniladi.
Jazoning bunday turi ko‘p davlatlarning Jinoyat kodeksida ko‘rsatilgan. Biroq o‘lim jazosi amalda har doim ham qo‘llanilmaydi, chunki o‘lim jazosi vaqt o‘tishi bilan ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda insonparvarlik qadriyatlariga zid deb topildi va umrbod qamoq jazosiga almashtirildi. Bundan tashqari, agar mamlakatda o‘lim jazosi mavjud bo‘lsa ham ko‘p hollarda hukm chiqarish va uni ijro etish o‘rtasida o‘n yillab vaqt o‘tishi mumkin.
Hozirgi kunda o‘lim jazosi amalda qo‘llanilayotgan 22 ta davlat mavjud. Bular: Afg‘oniston, Bangladesh, Baxrayn, Belorussiya, Misr, Iordaniya, Iroq, Eron, Yaman, Xitoy, Quvvayt, Malayziya, BAA, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Shimoliy Koreya, Singapur, Suriya, Somali, AQSh, Janubiy Sudan va Yaponiya.
Ushbu davlatlarning ko‘pchiligida o‘lim jazosi alohida holat hisoblanadi va juda kam hollarda qo‘llaniladi. Biroq o‘lim jazosi keng qo‘llaniladigan davlatlar ham mavjud va har yili o‘nlab ba’zida esa yuzlab o‘lim jazosi hukmi ijro etiladi. Mazkur jazoni qo‘llashda Xitoy, Eron, Iroq, Saudiya Arabistoni, Somali, Pokiston va AQSh yetakchilik qilishadi.
Xitoyda korrupsiya uchun o‘lim jazosi
Dunyoda iqtisodiy jinoyat uchun, xususan korrupsiya va poraxo‘rlik uchun o‘lim jazosini qo‘llaydigan davlatlar yanada kam. Bu borada eng ko‘zga ko‘rinadigan davlat Xitoy, garchi mazkur jazo turi Tailand, Eron, Iroq, Pokiston, Shimoliy Koreya, Singapur va bir qator boshqa davlatlarda ham korrupsiyachilarga nisbatan qo‘llaniladi.
Xitoy korrupsiyachilarni qatl qilish soni bo‘yicha dunyoda yetakchilik qiladi. Bu mamlakatda haqiqatdan ham, dunyoning boshqa yerida uchramaydigan juda qattiq qonunlar amal qiladi. Xitoyning barcha korrupsiyachilari uch guruhga bo‘linishadi: yo‘lbarslar, pashshalar va tulkilar. Eng xavflilari yo‘lbarslar hisoblanishadi – katta miqdordagi korrupsiyaga aralashgan partiyaning yirik boshliqlari. Pashshalar – joylardagi mayda poraxo‘rlar, tulkilar esa – o‘g‘irlaganlarini chet elga olib chiqib ketishni uddasidan chiqqanlar.
Yo‘lbarslarni tabiiyki qattiqroq jazolashadi. Xitoy qonunchiligiga binoan, o‘lim jazosi faqatgina 463 ming dollardan ortiq pora bilan yoki davlat mulkini o‘g‘irlash bilan qo‘lga tushgan amaldorlarga nisbatan qo‘llaniladi. Mazkur qonun 2016 yildan boshlab qo‘llanila boshladi, shundan keyin korrupsiya uchun otilganlarning soni keskin kamaydi. 2000 yilning boshidan beri korrupsiya uchun Xitoyda 10 mingga yaqin odam o‘lim jazosiga hukm qilingan va otilgan. Hozirda esa shunga o‘xshash hukmlar sanoqli uchraydi.
E’tiborlisi shundaki, jazoning shafqatsiz shakliga qaramasdan Xitoy ham, Singapur ham yoki boshqa bir Osiyo yoki arab davlatlari ham korrupsiyaga qarshi reytingning yetakchisi hisoblanishmaydi. Birinchi o‘rinlarni ultraliberal davlatlar, xususan, Finlyandiya va Daniya egallashgan. Mazkur davlatlarda ham korrupsiya va poraxo‘rlikka nisbatan o‘ziga yarasha qattiq choralar ko‘riladi, biroq antikorrupsion siyosatning asosini jamoatchilik tarbiyasining umuman boshqa usullari tashkil qiladi. Bu davlatlarda pora olish shunchaki jamoatchilik axloqi nuqtai nazariga to‘g‘ri kelmaydi, agar mansabdor korrupsiya yoki poraxo‘rlik bilan qo‘lga tushsa, unga shunchaki mansab kursilariga eltuvchi barcha yo‘llar yopiladi.
Bekzod Musurmonov tarjimasi.