Oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirish soddalashtirildi. Abituriyentdan atigi uchta hujjat talab qilinadi, xolos
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyunda qabul qilingan “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjatlarni qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirish jarayoni soddalashtirilib, turli byurokratik to‘siqlar bartaraf etildi. Qarorga muvofiq, 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab abituriyentlar quyidagi ro‘yxatdagi oliy ta’lim muassasalariga hujjatlarni faqatgina davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi.
1. Toshkent davlat yuridik universiteti;
2. Qoraqalpoq davlat universiteti;
3. Guliston davlat universiteti;
4. Farg‘ona davlat universiteti;
5. Samarqand davlat universiteti.
Jumladan, ilgari abituriyentlardan qabul qilinadigan 086-U shaklidagi tibbiy ma’lumotnoma, pasport nusxasi, 3x4 (6 dona) fotosurati, kanselyariya mollari (papka, konvert, oq qog‘oz va hokazo), oliy ta’lim muassasi joylashgan hududga borib hujjat topshirish uchun vaqt va mablag‘ sarflash kabi talablar bekor qilindi.
Har yili 15 iyundan 15 iyulgacha (shu kuni ham) abituriyent Davlat xizmatlari markaziga davlat qonunlariga bo‘ysunish tamoyili asosida, bir vaqtning o‘zida uchta universitetga hujjatlarni topshirish uchun ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega.
Bunda abituriyent Davlat xizmatlari markazi xodimlariga:
* ichki ishlar bo‘limlari tomonidan berilgan fuqarolik pasporti yoki tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma (16 yoshgacha bo‘lgan shaxslar uchun);
* umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasini tugatganligi haqidagi hujjat (ilovasi bilan);
* O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Vazirlar Mahkamasining normativ-huquqiy hujjatlarida belgilanadigan tartibda imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlar imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxalarini taqdim qilishi kifoya.
Zarur ma’lumotlarni rasmiylashtirgandan so‘ng Davlat xizmatlari markazi xodimi abituriyentga asl hujjatlarni qaytaradi va QR-kod (matritsali shtrix kod) qo‘yilgan so‘rovnomani ikki nusxada chop etib, abituriyentga beradi. Abituriyent ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirib, so‘rovnomani o‘z imzosi bilan tasdiqlaydi, bir nusxasini o‘zida olib qoladi va ikkinchi nusxasini markaz xodimiga beradi.
Biroq, davlat xizmatlari ko‘rsatilgani uchun joriy yil bitiruvchilaridan hamda nogironligi bo‘lgan yoki to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslardan davlat xizmatlari ko‘rsatilgani uchun to‘lov undirilmaydi. Boshqa barcha abituriyentlardan eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida (101 365 so‘m) to‘lov undiriladi. Shuningdek, davlat xizmatini olish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat etilganda 10% lik chegirmani qo‘lga kiritadi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan va bugun hayotimizdan tobora chuqur o‘rin olayotgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyili hamda yurtdoshlarimizning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga zamin yaratmoqda.
Bugun poytaxt Toshkent shahridan to mamlakatimizning eng uzoq hududida yashayotgan yurtdoshimizga qadar islohotlarning real natijasini o‘z hayotida ko‘ra boshlagani, bu yangilanishlar minglab oilalar hayoti, millionlab insonlarning ongi, qalbi va dunyoqarashi o‘zgarishiga turtki bo‘layotgani namunasidir.
M.QURBONOV,
Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i.