Oliy ta’limda korrupsiyaning oldini olish uchun taklif bor
Transparency International xalqaro tashkilotining hisobotiga ko‘ra, 2021 yil uchun Korrupsiyani qabul qilish indeksida O‘zbekiston avvalgi yilga nisbatan o‘z o‘rnini 6 pog‘onaga ko‘tarib, 140-o‘rinni egalladi (2018 yilga nisbatan 18 pog‘ona yuqori). Bu ko‘rsatkich maqtanarli darajada bo‘lmasa-da, o‘zgarish bo‘layotgani yaxshi. Ammo oliy ta’lim muassasalarida qanday qilib vaziyatni yana ham yaxshilash mumkin?
Bugungi kunda rivojlangan davlatlarning oliy ta’lim muassasalarida korrupsiya holati deyarli uchramaydi. To‘plangan tajriba va ko‘rgan tizimlardan kelib chiqib, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarini yangi bosqichga olib chiqish va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ikkita taklif bermoqchiman.
Birinchi taklif – Email pochta tizimi. Bu tizimni yaratish uchun universitet yoki institut kesimida barcha talabalar va o‘qituvchi (xodim)larning alohida Email pochtalarini yaratish kerak. So‘ngra talabalarga o‘tiladigan fanlardan so‘rovnomalar tayyorlab, har bir semestr oxirida Email orqali javob olish lozim. So‘rovnoma asosida talabalar har bir fan bo‘yicha dars sifati va korrupsiya holatini baholaydi.
Talabalarning Email orqali yuborgan javoblari avtomatik tarzda oliy o‘quv yurti va tegishli vazirliklarning ma’lumotlar bazasiga tushadi.
Olingan natijalarning tahlili bo‘yicha OTM rahbariyati sifat darajasi past deb baholangan o‘qituvchilar bilan ishlashi, malakasini oshirishi, shunda ham o‘zgarmasa, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishi kerak.
Bu tizimning biz bilgan qog‘ozda olinadigan so‘rovnomalardan yana bir asosiy afzalligi shundaki, tekshirish va tahlil uchun deyarli vaqt sarflanmaydi, talabalar savollarga javob beradi va tizimning o‘zi avtomatik tarzda natijalarni chiqarib beradi.
Ikkinchi taklif – universitetlarni xalqarolashtirish. Prezidentning 2019 yil 8 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, respublikadagi kamida o‘nta oliy ta’lim muassasasini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar (QS, THE yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1000 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga, shu jumladan, O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 talikka kiritish belgilangan. Xo‘sh, universitetlarimizni xalqarolashtirish, dunyo tan oladigan oliygohlarga aylantirish uchun nimalar qilishimiz kerak?
Rivojlangan davlatlar va dunyoning 1000 talik ro‘yxatiga kiradigan universitetlarning deyarli barchasida ingliz tili o‘qitish dasturlari mavjud. Misol uchun, Vengriyaning to‘qqizta oliy ta’lim muassasasi dunyo tan olgan tashkilotlarning dastlabki 1000 talik ro‘yxatiga kiradi va bularning hammasida ingliz tilida o‘qitish dasturlari mavjud. Jumladan, QS reytingi bo‘yicha 691-600 o‘rinlarda turuvchi Debrecyen universitetida 70 dan ziyod ingliz tilidagi dasturlar mavjud bo‘lib, ularda 300 dan ortiq ingliz tili guruhlari yoki 7000 nafardan ortiq xalqaro talaba tahsil olmoqda.
Bugungi kunda bizning oliy ta’lim muassasalarimizda ham darslar ingliz tilida olib boriladigan guruhlar ochilishi kerak. Natijada talabalar zamonaviy va xorij bilimlarini olib, xalqaro standartlar asosida yuqori malakali, kreativ va tizimli fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan kadrlar bo‘lib yetishadi. Xorijiy talabalar soni oshadi, xorijiy universitetlar va professor-o‘qituvchilar bilan (maqola chiqarish, o‘qituvchilar va talabalar almashinuv dasturlarini ko‘paytirish bo‘yicha) hamkorlik jadallashishiga olib keladi.
Otabek UMAROV,
Vengriyaning Debrecyen universiteti doktoranti.