Oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlariga qabul kvotalari 2 baravarga oshirildi
Joriy yilning 22 sentyabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 2022 yil uchun stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura, doktorantura va maqsadli doktoranturaga qabul kvotasi e’lon qilindi.
2022 yil uchun oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlariga qabul kvotalari 2 baravarga (2019 yildagiga nisbatan 3.2 barobar) oshirilib, 3600 taga yetkazildi. Ta’kidlash joizki, 2021 yilda oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlariga qabul kvotalari 1800 ta bo‘lgan edi.
Kvotalar quyidagi mezonlarga asosan taqsimlandi:
- 2021 yilda ajratilgan qabul kvotalarining tahlili;
- Prezident Farmon va qarorlari, bayon topshiriqlari, Hukumat qarori, bayon topshiriqlari hamda ustuvor yo‘nalishlar;
- hududlarda soha va tarmoqlardagi ilmiy-pedagogik kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlar;
- yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlar;
- ta’lim olayotgan doktorantlar va mustaqil izlanuvchilar kontingenti;
- ilmiy rahbarlar va ilmiy konsultantlarning samarali ishlari;
- akkreditatsiyadan o‘tgan ixtisosliklar bo‘yicha;
- Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasini ilmiy darajali kadrlar tayyorlash institutining attestatsiya natijalari.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 17 fevraldagi 4996-sonli qarori ijrosi yuzasidan sun’iy intellekt sohasida tayanch doktorantura va stajyor-tadqiqotchilikka jami 28 ta maqsadli kvotalar ajratildi. Jumladan, tayanch doktoranturaga 14 ta, stajyor-tadqiqotchilikka 14 ta. Shundan, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt ixtisosligi bo‘yicha 4 ta tayanch doktoranturaga, 6 ta stajyor-tadqiqotchilikka maqsadli kvotalar ajratildi.
Bundan tashqari, Surxondaryo viloyatida joylashgan oliy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyatini oshirish uchun respublikaning yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot institutlarida 2022 yilda maqsadli doktoranturaga jami 67 ta qabul kvota ajratildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi Mahalla va oila ilmiy-tadqiqot instituti hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markaziga birinchi marta doktoranturaga qabul kvotalari ajratildi.
Bunda Mahalla va oila ilmiy-tadqiqot institutiga berilgan kvota xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ajratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 27 avgustdagi 545-son qarori bilan Hukumatning 2017 yil 22 maydagi 304-son qaroriga o‘zgartirish kiritildi. Unga ko‘ra, Innovatsion rivojlanish vazirligi tizimida ilmiy va ta’lim tashkilotlari bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan qat’iy ravishda kelishgan holda ilmiy va ta’lim tashkilotlari kesimida akkreditatsiyadan o‘tgan ixtisosliklar bo‘yicha oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlarining samaradorlik ko‘rsatkichlariga asosan qabul kvotasini tasdiqlashi keltirilgan.
Oshkoralik tamoyillariga asosan, shuningdek, bo‘lajak doktorantlarning istaklarini inobatga olgan holda, joriy yilda ilmiy darajali kadrlar tayyorlash tizimida davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga o‘qitish bo‘yicha 2022 yil uchun qabul kvotalarining ilmiy va ta’lim tashkilotlari bo‘yicha ixtisoslik kesimida taqsimoti ham ilk bora keng jamoatchilikka e’lon qilindi. Taqsimot bilan vazirlik veb-saytida tanishishingiz mumkin.
Davlat byudjetidan ilmiy va ta’lim tashkilotlari akkreditatsiyadan o‘tgan ixtisosliklar bo‘yicha oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlarining samaradorlik ko‘rsatkichlariga asosan taqsimlangan qabul kvotalaridan ortib qolgan o‘rinlar Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan qayta taqsimlanadi.