Oqdaryo: yengil sanoat rivojlanmoqda, eksportchi korxona ko‘paymoqda
Oqdaryo tumanida bugungi kunda 300 ga yaqin ishlab chiqarish korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Hududda investitsiyaviy dasturlarni ro‘yobga chiqarish, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar tayyorlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, hududni kompleks yuksaltirish bo‘yicha istiqbolli loyihalar ishlab chiqarish keng joriy qilinmoqda.
Istiqbolli loyihalar
- Tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan dastur doirasida qiymati 476 milliard 620 million so‘mlik 60 ta loyiha bo‘yicha 1016 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan, - deydi tuman hokimining investitsiya bo‘yicha o‘rinbosari Bahodir Jo‘rayev. - Uning ijrosi doirasida 2020 yilning o‘tgan olti oyi davomida 82 milliard 600 million so‘mlik 17 ta loyiha ishga tushirildi va 155 ta ish o‘rni yaratildi. O‘tgan yili 26 million AQSh dollari qiymatidagi mahsulotlar eksport qilindi. Bu ko‘rsatkich oldingi yilga qaraganda 13 million AQSh dollariga ko‘p. Joriy yildagi mo‘ljal uni 30 million AQSh dollariga yetkazishdir.
O‘tgan yili tumanimiz iqtisodiyotiga 6 million AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoya kiritilgan bo‘lsa, joriy yil dasturi bo‘yicha bu ko‘rsatkich 12 million AQSh dollarini tashkil etmoqda. Xususan, 2020 yilning yanvar-iyun oylarida 18,7 million AQSh dollari qiymatidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi.
« Vaksina farm medikal» mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi dori vositalari ishlab chiqaradigan korxona ham istiqbolli loyihalardan biridir. Xitoylik hamkorlar bilan tiklanayotgan mazkur yirik inshootga 110 milliard so‘m miqdoridagi sarmoya kiritilishi belgilangan. O‘tgan davr mobaynida 18 milliard so‘mlik investitsiya o‘zlashtirildi. Albatta, dunyo miqyosida ro‘y berayotgan koronavirus pandemiyasi asoratlari qurilish ishlarini muddatida yakunlashga birmuncha to‘sqinlik qilgani rost. Shunga qaramay loyihani joriy yilning uchinchi choragida foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda. Bu esa 120 ta yangi ish o‘rni yaratilishini ta’minlaydi.
Xalqimizda “Izlagan imkon topar”, degan naql bor. Bu bejiz aytilmagan. Yillar davomida foydalanilmay yotgan yerlar tadbirkorlarning tashabbusi bilan yirik ishlab chiqarish majmuasiga aylantirilmoqda, mahsulot tayyorlash turlari ko‘paytirilib, hajmi oshib bormoqda. Xususan, tumandagi « Hakim bobo grand» xususiy korxonasida zamonaviy eshik va mebellar ishlab chiqarilmoqda, “Zarafshon global quruvchi” korxonasi meva-sabzavotlarni quritib, qadoqlasa, yakka tartibdagi tadbirkor Ulug‘bek Mirzayev qog‘oz salfetkalar, tagliklar, “Mineral invest” korxonasi olovga chidamli g‘isht, kafel va ma’danli suv ishlab chiqarmoqda.
Xuddi shunday «Boshdarxon» kichik sanoat zonasida ham 10 ga yaqin oilaviy tadbirkorlar faoliyati keng yo‘lga qo‘yilib, 300 nafar kishi ishga joylashtirildi. Bularning hammasi qishloqlarda sanoatning rivojlanib borayotganligi, iqtisodiyotda amalga oshirilayotgan tarkibiy o‘zgarishlarning samarasi, albatta.
Plyonka ostidagi «dala»lar
Tumanda keyingi yillarda xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda samarasiz hisoblangan 13 gektar maydonda kichik agrosanoat zonasi tashkil etilib, gidroponika usulida ishlaydigan yirik issiqxonalar ishga tushirildi. Termostat usulidagi bunday plyonka ostidagi dalada qishloq xo‘jalik mahsulotlari tuproqsiz, maxsus jihozlangan sharoitda, suvda eritilgan ozuqa moddalari yordamida yetishtiriladi. Oddiy usulda bir tup pomidor ko‘chatidan 2,5-3 kilogramdan hosil olinsa, gidroponika usulida bu ko‘rsatkich 10-12 kiloga yetadi. Eng muhimi, issiqxonalardan ekologik toza, xaridorgir, eksportbop mahsulot olinadi. Tadbirkorlar tomonidan o‘tgan yili ichki iste’mol bozorini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash barobarida 7 million AQSh dollari qiymatidagi pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri xorijga eksport qilindi.
Shunday korxonalardan biri “Sam green agro hous” mas’uliyati cheklangan jamiyati hisoblanadi. Ayni paytda bu yerda xorijiy ishbilarmonlar tomonidan kichik agrosanoat zonasi hududidan har biri 1 gektardan iborat ikkita yirik issiqxona qurilmoqda. Loyiha qiymati 6 million AQSh dollari, shuning 2 million 300 ming AQSh dollari koreyalik ishbilarmonlar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritish yo‘li bilan qurilayotgan termostatli plyonka ostidagi dalada 2 ming tonna bodring, ming tonna pomidor yetishtirish imkoniyati mavjud. Bu esa qishloqda yashayotgan aholining 130 nafarini doimiy ish bilan ta’minlash imkonini beradi. Mazkur loyiha ham joriy yilning dekabr oyigacha ishga tushiriladi.
“Dahbed”ning yumshoq o‘yinchoqlari xorijda
Tumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21 iyuldagi «Kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida ham qator ishlarga qo‘l urildi.
Xususan, Dahbed mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 4 gektar yerda «Dahbed» kichik sanoat zonasi tashkil etildi. Hozirgi kunda bu yerda 8 ta istiqbolli loyiha joylashtirilib, ishlab chiqarish jarayonlari boshlab yuborildi. E’tiborli jihati, tayyorlanayotgan mahsulotlarning 50 foizi xorijga yo‘naltirilmoqda.
Sir emas, yaqin-yaqingacha chiroyli, bejirim, ko‘zni qamashtiradigan to‘qimachilik mahsulotlari, yumshoq o‘yinchoqlar, bolalar uchun mebellarni chetdan valyuta evaziga keltirar edik. Bugun vaziyat o‘zgardi. Tadbirkorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilganligi natijasida bunday mahsulotlar oilaviy korxonalarda ham tayyorlanib, uning bir qismi chet elga eksport qilinmoqda. “Dahbed” sanoat zonasida faoliyat yuritayotgan “Amonov mebel tekstil” oilaviy korxonasi ana shunday sifatli mahsulotlar ishlab chiqarmoqda.
- Korxonamiz uchun bo‘sh yer maydonidan 3 ming kvadrat metr joy ajratildi, - deydi korxona rahbari Shahram Omonov. – Qisqa vaqt ichida bino bunyod etib, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozladik. Pandemiya sharoitida ham faoliyatimizni to‘xtatganimiz yo‘q. Mahsulotlarimiz faqat kichkintoylarga (chaqaloqlardan tortib 15 yoshgacha) mo‘ljallanganligi bois ularga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Bunday bejirim o‘yinchoqlarga bir qator xorijiy davlatlardan buyurtma tushmoqda.
Velvet jilosi
- Velvet matolaridan tayyorlangan kiyim-kechak hamda ko‘rpa-to‘shak, yostiq jildlari, boshqa uy buyumlari o‘zining jilosi, ko‘rkamligi, bezaklari, sifati bilan boshqa sanoat materiallaridan keskin farq qiladi, - deydi «Sam vel tekstil» korxonasi ish boshqaruvchisi Otabek Komilov. - Shu boisdan velvet matosi bozorgir hisoblanadi. Zero, bozor iqtisodiyoti sharoitida bunday mahsulotlarni ishlab chiqarish iqtisodiyotni mustahkamlash, korxonalarning moddiy manfaatdorligini oshirishda muhim o‘rinni egallaydi.
Darhaqiqat, tumanda «Sam vel tekstil» korxonasining ishga tushirilishi bu yo‘lda tashlangan muhim qadam bo‘ldi. Loyiha qiymati 1 million 200 ming AQSh dollari bo‘lgan mazkur kichik korxonada 20 ta yangi ish o‘rni yaratilib, velvet matolaridan sutkasiga 200 pogonametr ko‘rpacha va yostiq jildlari tayyorlanmoqda.
Korxonada Belgiyadan keltirilgan ikkita zamonaviy to‘qish dastgohi o‘rnatilgan bo‘lib, barcha ishlar to‘liq avtomatlashtirilgan. Kompyuterga kiritilgan buyurtma dastur loyihasi asosida to‘qish dastgohiga o‘rnatiladi hamda maxsus tablo orqali boshqariladi. Albatta, tumanda mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha velvet mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish import o‘rnini kamaytirish bilan birga uni xorijga eksport qilish imkoniyatini ham bermoqda.
***
Oqdaryoda bu sa’y-harakatlarning tub mohiyati bir narsaga - mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz turmush farovonligini yanada yuksaltirish, odamlar hayotidan rozi bo‘lib yashashini ta’minlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
Adham HAYITOV,
Lutfulla ShOMURODOV.