Oqilona taklif
G‘arbda sal gapga shov-shuv qilishadi: “Falon narsa birinchi bo‘lib bizda ixtiro qilingan”, “Piston fanning otasi bizdan chiqqan”, “Pismadonning tarixi bizdan boshlangan” va hokazo.
Lekin ko‘pincha bu gaplar G‘arbning o‘zi uchungina yangilik bo‘ladi-yu, bilmaganlaridanmi, istamaganlaridanmi, uni jahon miqyosidagi voqea-hodisa tarzida talqin etishaveradi. Bir jihatdan, ularning bunga haqqi ham bor. Chunki hozirgi zamonda bashariyat ishlatayotgan deyarli hamma narsani, xususan, texnika vositalari va texnologiyalarni yevropaliklar ixtiro qilgani – inkor etib bo‘lmaydigan haqiqat. Ammo bunda Osiyo xalqlarining ilmiyu ixtirolaridan unumli foydalanilgani ham hech kimga sir emas.
Sharq – og‘ir karvonroq: “Shov-shuv qilaverishsin-chi, oxiri haq barhaq bo‘lar...” – deydi-qo‘yadi. Lekin bu yon berishda, taassufki, Sharqning asrlar mobaynida G‘arbdan ortda qolganini tan olish ham yotibdi.
Yer yuzida oliy ta’lim tizimining paydo bo‘lishi tarixiga munosabat ham shunga o‘xshaydi.
Yana bir narsa. Qonga tushgan biror-bir kasallik virusini birdaniga, qisqa fursatda quvib chiqarib bo‘lmagani kabi, qariyb 60 yillik chor hukumati, 74 yil sho‘ro davlati mustamlakasi bo‘lgan xalq ham birdaniga, hatto 28 yilda ham butunlay o‘ziga kelishi qiyin ekan. Ochig‘ini aytganda, hali-hamon millat va xalq, mamlakat va davlat miqyosida xalqaro darajadagi biror-bir yangi g‘oyani ilgari surmoqchi bo‘lsak, u yoq-bu yog‘imizga qaraymiz, haligacha kimdir boshimizda kaltak tutib turgandek sezamiz o‘zimizni. Bu yaxshi alomat emas. Bu illatdan endi ham qutilmasak, kelajak avlodlar bizni kechirmaydi.
Samarqand davlat universiteti rektori, taniqli olim, professor Rustam Xolmurodovning “Samarqand universiteti qachon tashkil topgan?” maqolasida Samarqand davlat universitetini 1420 yili buyuk Sohibqiron Amir Temurning suyukli nabirasi qurdirgan Mirzo Ulug‘bek madrasasining bevosita vorisi, deb hisoblash to‘g‘risidagi taklifi esa ana shu “temir” taqiqlarni sindirib tashlab aytilgan fikr bo‘ldi.
Bu taklifni to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatlash lozim. Shundagina adolat bo‘ladi. Shundagina dunyo bizni borligimizcha tan oladi. Shundagina bashariyatga biz kim bo‘lganimiz, hozir kim ekanimiz va ertaga kim bo‘lajagimiz haqida bong urgan hisoblanamiz.
Yurtimizda oliy ta’lim tizimi bo‘lgan. Maqola muallifi Abdurauf Fitratga tayanib, to‘g‘ri qayd etganidek, o‘tgan asr boshlarida birgina Buxoroyi sharifning o‘zida 200 ga yaqin madrasa faoliyat yuritgan va uning 33 tasi oliy madrasa hisoblangan.
Hozirgi zamon oliy ta’lim muassasasi kafedralarida, asosan, o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent, professor lavozimlari bor. Alisher Navoiyning “Vaqfiya” asaridan bilib olamizki, o‘sha davrlarda ham madrasalarda mudarrislarning ilmiy-ta’limiy darajasiga qarab, turli lavozimlar joriy etilgan ekan.
Alisher Navoiy o‘zi qurdirgan “Ixlosiya” madrasasi vaqfini, jumladan, “arbobi vazoyif”ni batafsil bayon etadi. “Arbobi vazoyif” bugungi tushunchalar bilan ifodalaganda “shtatlar jadvali”ga to‘g‘ri keladi. Chindan ham, unda madrasada mehnat qilayotgan xodimlar soni, har birining vazifasi va oladigan maoshi miqdori aniq-tiniq bayon etib berilgan.
Bu ta’lim muassasasida 22 nafar talaba tahsil olgan bo‘lsa, madrasa va uning ro‘parasida bunyod etilgan xonaqohda jami 21 nafar xodim mehnat qilganini bilib olamiz. Uning ro‘yxatini tuzsak, quyidagi manzara namoyon bo‘ladi: mudarris – 2 nafar; musaddir – 1 nafar; soyir – 5 nafar; shayx – 1 nafar; voiz – 1 nafar; imom (xatib, maktabdor) – 1 nafar; muqri – 1 nafar; xonaqoh tabboxi – 1 nafar; tabaqchi – 1 nafar; farrosh – 1 nafar; xodim – 2 nafar; mutavalliy – 1 nafar; navkar – 2 nafar; mushrif – 1 nafar.
Ko‘rinib turibdiki, 22 talaba uchun 14 turdagi lavozimda jami 21 xodim ishlagan. Qariyb har 1 talabaga 1 xodim to‘g‘ri kelayapti. Bu – hozirgi mezonlar bilan yondashilganda ham juda katta ko‘rsatkich. Masalan, 1 ming talaba tahsil oladigan oliy ta’lim muassasasida 1 ming kishi ishlashini tasavvur qilib ko‘raylik.
Eng muhim fakt shuki, talabalar ham muayyan maosh bilan ta’minlangan. Demak, bu hozirgi stipendiya tushunchasining aynan o‘zini anglatadi. Talabalarga uch xil darajadagi stipendiya to‘langan. Birinchisi – a’lo (bu hozirgi “a’lo stipendiya”tushunchasiga aynan mos keladi). Unga har oy 24 naqd oltin va yiliga 5 yuk bug‘doy berilgan. Ikkinchisi – avsat (o‘rta, bu hozirgi “yaxshi stipendiya”). Unga har oy 16 oltin va yiliga 4 yuk bug‘doy berilgan. Uchinchisi – adno (past, bu hozirgi “qoniqarli stipendiya”). Unga har oy 12 oltin va yiliga 3 yuk bug‘doy berilgan. Demak, “a’lo stipendiya” o‘rtacha hisoblanadigan“yaxshi stipendiya”dan 1,5, “qoniqarli stipendiya”dan esa 2 barobar ko‘p miqdorni tashkil etgan.
Biroq bu yerda bir narsaga aniqlik kiritilmagan. Talabaning“a’lo”, “avsat” yoki “adno” darajadagi stipendiya olishi bilimiga qarab belgilanganmi yoxud o‘qiyotgan yillariga, ya’ni bugungi tushunchadagi bosqichiga qarabmi? Bu savolga tarixiy fakt va dalillar asosidagina to‘g‘ri, aniq-tiniq ilmiy javob berish mumkin, xolos. Hozircha taxmin qilishdan nariga o‘tolmaymiz. Bilamizki, o‘rta asrlarda madrasani birov 5 yoki 6, boshqa kimdir 7 yoki 8 yilda tugatgan. Shundan kelib chiqib, aytish mumkinki, “a’lo stipendiya” bitirish arafasidagi talabalarga berilgan. Ya’ni, bu ham ilm darajasiga, ham o‘quv bosqichiga qarab belgilangan. Ehtimolki, bu darajaga birov kamroq, ikkinchisi esa ko‘proq yillar sarflab erishgan.
Madrasa va xonaqohda mehnat qiladiganlardan eng kam maosh – muqriniki. U yiliga 100 oltin va 5 yuk bug‘doy olgan. “A’lo stipendiya”ning miqdori esa bundan qariyb 3 barobar ko‘p. Chunki u yiliga 288 oltin va 5 yuk oladi. “Yaxshi stipendiya” esa undan qariyb 2 barobar ko‘p. Chunki u yiliga 192 oltin va 4 yuk bug‘doy oladi. “Qoniqarli stipendiya” undan qariyb 1,5 barobar ko‘p – yiliga 144 oltin va 3 yuk bug‘doy oladi. Bu ko‘rsatkichlar talabaning obro‘yi naqadar baland bo‘lganidan, o‘sha zamonda ham mutaxassis tayyorlashdan mablag‘ ayalmaganidan dalolat beradi.
Talabalar guruhlarga bo‘lingan. Har bir guruhda 11 tolibi ilm tahsil olgan.
Mudarrisning maoshi, faqat beriladigan oltinlar hisobga olinganda ham, “a’lo stipendiya”dan 4 barobardan oshiqroq marta ko‘p. U yiliga 1200 oltin oladi. Madrasadagi “mudarris”lavozimi hozirgi “professor” tushunchasiga yaqin ma’noni anglatsa, “musaddir” “dotsent”ga yaqin ma’noni bildiradi. “Ixlosiya” madrasasi mudarrisi musaddirdan qariyb 2,5 barobar ko‘p maosh olgan (qiyoslang: 1200:500=2,4). Madrasaning ham rahbari bo‘lgan va albatta u hammadan ko‘p maosh olgan. Bu – mutavalliy. Hozirgi tushunchadagi “rektor”ga to‘g‘ri keladi. Uning qo‘lida 2 navkar ham bo‘lgan. Ular madrasaga vaqf qilib berilgan yerlardagi dehqonchilikni tartibga solish, nazorat qilish bilan shug‘ullangan. Mutavalliyga yiliga 3 ming oltin ajratilgan. Lekin buning 6 dan to‘rtini o‘zi olgan, qolgan 2 qismini 2 navkarga bo‘lib bergan. Aniqlashadiki, o‘zi 2 ming oltin maosh olgan, navkarlar 500 oltindan. Demak, madrasadagi eng katta maosh mutavalliyga tegishli bo‘lgan. Mutavalliy madrasaning yer-mulkini idora qilgan, ya’ni xo‘jalik faoliyatini boshqargan, imoratni ta’mirlash ishlarini amalga oshirgan. Ikkinchi o‘rinda esa mudarrisning maoshi turadi. Uchinchi – shayxning maoshi. Biroq shayx xonaqohda faoliyat yuritgan, madrasada emas. Xonaqohda so‘fiylar shayx pirligida tasavvufiy tarbiya topgan.
Bu 14 lavozim egasi nima ish bilan shug‘ullangani, ya’ni madrasa va xonaqohda ish taqsimoti aynan qanday amalga oshirilgani ham bugun uchun o‘ta ahamiyatli masala. Biroq buni aniqlashtirish uchun birgina “Vaqfiya”ning o‘zi kamlik qiladi. Bu masalani maxsus o‘rganish, ayni mavzuni yoritish uchun ko‘p-ko‘p birlamchi mo‘’tabar manbalarni topish va ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi.
Bunday batafsil ma’lumot keltirishdan maqsad shuki, Mirzo Ulug‘bek madrasasida ham aynan shunga o‘xshash shtatlar jadvali bo‘lgan. Bu dalillar esa uning o‘z davrining oliy ta’lim muassasasi bo‘lganini to‘la-to‘kis isbotlaydi.
Shunday ekan, yanagi, ya’ni 2020 yili Samarqand davlat universitetining 600 yilligini nishonlash, buning uchun tegishlicha qonunosti hujjati qabul qilish lozim, deb hisoblaymiz.
Mirzo Ulug‘bek madrasasida Samarqand davlat universiteti muzeyini joylashtirish, uning eksponatlarini 600 yillik davr materiallari bilan to‘ldirish maqsadga muvofiq.
Samarqand davlat universitetini Mirzo Ulug‘bek madrasasining vorisi sifatida tan olsak, mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirish borasida ham muhim bir qadam tashlangan bo‘ladi. Ana shunda yurtimizga tashrif buyurgan xorijlik sayyohlar olti asrdan buyon savlat to‘kib turgan bu muhtasham imorat, avvalo, juda katta ilmiy hisob-kitob bilan qurilganiga, eng muhimi, u aynan ilmni rivojlantirish uchun bunyod etilganiga yana bir karra amin bo‘ladi. Bu esa bizning xalq va davlat sifatida bugungi va kelajak obro‘-e’tiborimizni yanada oshiradi.
Sultonmurod Olim,
filologiya fanlari nomzodi,
“Naqshbandiya” jurnali
bosh muharriri.
O‘zA