O‘tgan hayotlarini eslagan bolalar: ishonish qiyin bo‘lgan hayotiy hikoyalar

Bugungi maqolada bolalar nafaqat o‘zlarining o‘tmishdagi hayotlarini eslab qolgani, balki ko‘rgani haqida batafsil so‘zlab bergan hayratlanarli holatlar haqida so‘z yuritiladi.

Dengiz flotida xizmat qilgan edim

5 yoshli kichkina Jimmi xolasi bilan birinchi marta okeanga boradi. Kattalar bolakay ko‘p tonnalik suv qirg‘og‘ida qumda o‘ynab, chig‘anoqlarni yig‘ib, xursand bo‘lib qaytadi, deb o‘ylagan edi.

Lekin ular okeanga yaqinlashgan sari, Jimmining chehrasi buzila boshlaydi. Ular qahva sotib olish uchun to‘xtaganida, u asabiylashadi va baqira boshlaydi:

- Xola, men u yerga borishni xohlamayman. Men okeanga cho‘kkan edim!

Xolasi bu so‘zlardan juda hayron bo‘lib, bolani so‘roq qila boshlaydi. Bola esa:

- Yaponiya urushi paytida men “Oslyabya” harbiy jangovar kemasida xizmat qilardim. Shiddatli jang boshlanib, snaryadlar kema kamoniga tegdi, yong‘in chiqib, u yerda bo‘lgan bir necha kishi halok bo‘ldi. Evakuatsiya qilish buyrug‘i berildi va men qayiq tomon yugurdim, lekin yonimdan boshqa snaryad uchib o‘tib, kema machtasini to‘g‘ri mening ustimga tushirdi. Men hushimdan ketdim, bir necha vaqt o‘tib, muzli suvda uyg‘onib ketdim. Eslab qolgan oxirgi narsam - odamlarning qo‘rqinchli ko‘zlari, qutulib qolish ilinjidagi umidsiz urinishlar, kema vayronalari va yaqin atrofda portlayotgan snaryadlarning tovushlari edi. Shundan so‘ng men vafot etdim, - deydi.

Xolasi “Qiziq, kichkina bola qanday qilib Yaponiya urushi haqida bunchalik batafsil bilishi va uni yanada izchil bayon qilishi mumkin? Ehtimol, bunday syujetni u biror bir ko‘rsatuvda ko‘rgan va uni eslab qolgandir”, deb o‘ylaydi.

Bu haqda Jimmining ota-onasiga aytib berganida, onasi u dengiz flotida xizmat qilganini va shu janglarning birida vafot etganini tez-tez eslab turishini aytib  beradi.

Bal

Kichkina Alisa (to‘rt yoshda) televizorda qadimda Rossiya imperiyasida ballar qanday o‘tkazilgani haqidagi ko‘rsatuvni ko‘rib, go‘yo sehrlangandek ekranga yopishib oladi va uzoq vaqt shunday o‘tiradi. Ko‘rsatuv tugagach, Alisa g‘alati raqsga tusha boshlaydi. Onasi undan bu harakatlar nima ekanligini so‘raganida, qiz unga qarab:

- Oyijon, axir bu mazurka-ku! –deydi

Onasi mazurka qanday raqs ekanini bilish uchun internetga kiradi va hayron bo‘ladi: ba’zi harakatlar aynan qizi ko‘rsatgandek edi.

Hayron bo‘lgan ona qizidan bu raqsni qayerda ko‘rganini surishtira boshlaydi, qizi esa unga quyidagilarni aytib beradi:

- Men ancha ilgari, hali buvim tug‘ilmagan paytda yashagandim. Mening qora sochli boshqa onam bor edi, u qimmatbaho ko‘ylaklar kiyardi, doimo naqshli chiroyli oynaga qarardi va qo‘shiq aytishni yaxshi ko‘rardi.

Qizaloqning aytishicha, ballarning birida u juda kelishgan yigitni uchratgan, lekin unga turmushga chiqishga ulgurmagan. Bazmdan ko‘p o‘tmay, shamollab qolib, davolanish hech qanday natija bermaganidan so‘ng, vafot etgan ekan.

Mening qabrim shu yerda

Kichkina Oleg onasi bilan eski qabriston yonidan o‘tayotgan edi va to‘satdan:

— Oyijon, men shu yerda dafn etilganman, - deydi.

O‘lim nima ekanligini bilmaydigan go‘dakdan bunday gaplarni eshitgan ona chinakam hayratda edi, u o‘g‘liga dahshat bilan qaraydi. Bolakay esa gapida davom etadi:

- Oyijon, xavotir olmang. Men shu qadar qarib qolgandimki, o‘zim ham imkon qadar tezroq o‘lishni xohlardim.

Keyin u onasining qo‘lidan ushlab, ishonch bilan qator orasiga yetaklaydi. U qayerga borishni aniq bilardi. Nihoyat, yozuvlari zo‘rg‘a ko‘rinib turgan qadimiy bir qabr oldida to‘xtaydi va shunday deydi:

- Mana. Lekin siz afsuslanmang, men yaxshi, baxtli hayot kechirgan edim.

Bu voqeadan keyin u tez-tez onasiga tushlarini aytib beradi. U doimo o‘zi deb bilgan keksa odamni, ko‘plab farzandlari (nabiralari) va allaqanday yorqin tabassumli va juda mehribon keksa xotinni ko‘rardi. Kim biladi, Oleg haqiqatan ham tushlarida o‘tgan hayotini ko‘rgandir...

B.Muhammadiyeva tayyorladi.