O‘tgan kunlar sabog‘i
“Orzularim boshladi yo‘lga, hali yetar manzilim yiroq, manzilga to yetib borguncha, qo‘shiq menga abadiy hamroh”, degan jumlalar bilan boshlanuvchi qo‘shiq bor. Bolaligimdan shu qo‘shiq va uning so‘zlari yod bo‘lib ketgan. Shu ruhda ulg‘aydik.
Kishi ko‘zlagan manziliga yetgunicha unga qo‘shiq hamroh bo‘lishi qay ma’noda to‘g‘ridir-u, ammo... Ammo manzilimizga sog‘u-salomat, bekamu ko‘st yetishimiz uchun ishonchli yo‘lboshchi, zamonaviy ibora bilan aytganda, lider kerak.
Men sobiq tuzum davrida yashab o‘qib, o‘rta maktabni bitirgan va harbiy xizmatni o‘tagan, ham mustaqilligimizning bugungi kunigacha oliy ta’lim olib, davlatning turli muassasalarida ishlab, ongli ravishda atrofimizda bo‘layotgan voqea-hodisalarni kuzatish bilan birga bevosita ishtirokchisi bo‘lib kelayotgan shaxs sifatida xolis fikrlarimni bildirmoqchiman. Fikrlarimni hayotiy tajribalarim, ko‘rgan-bilganlarim asosida yozyapman.
Otam rahmatlidan bobomiz o‘ziga yarasha mulkdor va qo‘llarida bir nechta o‘nlab ishchilari bo‘lganligini ko‘p eshitganman. Ular asosan dehqonchilik bilan shug‘ullanganlar. Tuzum o‘zgarib, sho‘rolarning “hamma bir xil yashashi kerak” mazmunidagi siyosati bilan bobom va u kishiga o‘xshagan katta-kichik mulkdorlarning mulklari tortib olinib, ko‘pchilikning mulkiga aylantirilgan, ya’ni “kollektivlashtirish” boshlanib, kolxozlar tashkil etilgan. Haqiqiy egasi va javob beruvchi mas’ul aniq bo‘lmagandan keyin bu mol-mulklar muallaq turib qolavergan. Qancha ishlasang ham, haq to‘lanishi bir xilda qat’iy belgilab qo‘yilganligi bois “kun o‘targa” ishlangan. Kundalik hayotimizga yolg‘on deb atalgan kushanda kirib keldi hayotimizning barcha sohalarida mustahkam o‘rnashib oldi. Rivojlanish ham o‘ziga yarasha bo‘lgan. Yolg‘onchilik, qo‘shib yozish, aldash, xullas, “ura-ura”chilik avjiga chiqib, o‘sha davrdan beri undan qutulishimiz qiyin bo‘lmoqda.
Keyin urush boshlandi. Hamma “Vatan uchun olg‘a” deb urushga otlandi. Bor-budimizdan ayrildik. Ayollar beva, bolalar yetim, o‘zi yarimta bo‘lgan nonimiz ham yo‘q bo‘ldi. Otam va akalari, bobom urush qatnashchisi bo‘lganliklari bois ham bizning oilamizda uning asoratlari ko‘proq sezilardi va buni biz har birimiz o‘z hayotimizda his qilib ulg‘ayganmiz.
Urushdan keyingi yillar. Tinim bilmay ishlaysan-u, kosang oqarmaydi, biring ikki bo‘lmaydi. Bor-budimizni berdik, evaziga tavqi la’natni orttirdik. Muqaddas dinimiz, otameros qadriyatlarimiz oyoqosti qilindi. Eshigimizning oldigacha paxta (men tug‘ilib o‘sgan Urgutda tamaki) ekib, qoraydik, mistar bo‘ldik. Paxtamizning huzurini boshqalar ko‘rdi, g‘o‘zapoyasi bizga qoldi. “Bir kilogramm tamakimizdan qirq quti sigaret chiqar ekan” dedig-u, yarim qutining pulini to‘lasa, qulluq qilib indamay yuraverdik. Qani, indashga til qani, ko‘ngil esa zardobga to‘lib boraverdi, derdi otam. “Paxta ishi”, “O‘zbeklar ishi” deb boshimizga ne kunlarni solmadi.
O‘tgan asrning saksoninchi yillari o‘rtalarida men maktab o‘quvchisi bo‘lib, sinfdoshlarim qatorida Jomboy tumaniga paxta terimi hashariga kelganman. Bugun menda solishtirish, taqqoslash imkoniyati bor. O‘zim shu yerda ishlayapman. Biz paxta tergan hududlarda barmoq bilan sanoqli odamlarning uylari shifer qilingan, aksariyat ko‘pchilik uylarning tomi loysuvoq edi. Odamlar kasalmand, qora-qura bolalar zaif edi. Maktablardagi o‘qishlar o‘lda-jo‘lda, tibbiyotdagi sharoitlar o‘ta qoloq, savodxonligimiz achinarli edi. To‘g‘ri, shu vaqtlarda ham o‘qimishli odamlar chiqdi, ammo aholi soniga nisbatan olsak, raqamlar “yig‘latadigan” darajada. Qonida ota-bobosidan o‘tgan iqtidori bor ko‘plab yigit-qizlarimiz turli sohalarda porlab chiqishgan, ammo ularni “sindirib” tashlayverishgan. Eng saralarimizni dastlab o‘ttizinchi yillardagi qatag‘onlar, keyin dahshatli, mantiqsiz urush, undan keyin elliginchi yillarning boshlarida boshlangan qatag‘on va undan keyin esa yuqorida qayd etganimiz, paxta ishi bilan bog‘liq qatag‘onlar o‘z domiga tortdi. Xalq bezib, odamlar qo‘rqoq bo‘lib qoldi. Afsus, o‘sha mash’um ishlarni, qabihliklarni amalga oshirishda o‘zimizdan foydalanishdi, ya’ni boltaning sopini o‘zimizdan chiqarishdi.
Sho‘rolar qo‘shig‘ini kuylab ulg‘aydik, o‘zimiz ko‘rmagan begona o‘lkalar farzandlarini ulug‘ladik. Dinu diyonat unutildi, Jaloliddin Manguberdini tanimadik, Amir Temurni yovuz deb o‘qidik, Mirzo Ulug‘bekdan, Alisher Navoiydan to‘lasincha bahramand bo‘lolmadik. Mirzo Boburni Hindistonni bosib olgan, jafokash hind xalqining boshiga ko‘plab kulfatlar solgan bosqinchi sifatida tanidik. Kitoblari Yevropaning yetakchi oliy ta’lim dargohlarida besh yuz yillar davomida asosiy adabiyot, qo‘llanma sifatida foydalanib kelingan Ibn Sino, shuningdek, Beruniy va Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Imom Buxoriy, Imomi Moturidiy, Mahmud Zamaxshariy, Abu Muin Nasafiy, Nodirabegim, Uvaysiy, Zebuniso kabi yuzlab, minglab bobolarimiz, momolarimiz bo‘la turib, “savodsiz” nomini oldik. Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Elbek, Munavvar Qori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Usmon Nosir, Ishoqxon Ibrat kabi millat yetakchilari, xalqimizning qalbi uyg‘oq farzandlari shahid bo‘ldi.
Xullas, bunday ko‘rguliklar haqida juda ko‘p aytilgan, yozilgan hali yana ko‘plab yozilishi muqarrar. Eng yomoni, bizga tariximizni, o‘z o‘tmishimizni boshqacha talqin qilishgan va shunga o‘rgatishgan. Haqiqat esa mutlaqo boshqacha. Endi-endi haqiqat, bor tariximiz yuzaga chiqib kelyapti. Hali qilishimiz, o‘rganishimiz kerak bo‘lgan ishlar talaygina. Asl tariximiz o‘z tadqiqodchilarini kutib turibdi.
Yaqin tariximizning ayozli kunlarini keksa avlod vakillari yaxshi eslaydi. Ayniqsa, o‘tgan asrning saksoninchi yillarida bu tizim iqtisodiyotining haqiqiy ahvoli partiyaning turli ma’nisiz s’yezdlarida aytilgan gaplarning haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi, xalqning o‘ta qashshoq yashaganligi. Markazning tazyiqi, ichki nizolar, odamlar turmush darajasining o‘ta achinarli holatda ekanligi, moddiy texnika bazasining ahvoli, ham ijtimoiy, ham iqtisodiy sohadagi o‘ta qoloqlik xalqning sabr kosasini to‘ldirgan bir paytda millat yetakchisidan o‘ta hushyorlik va jasorat, bilim va tajriba, qat’iyat talab etilardi. Farg‘ona vodiysidagi voqealar, tashqi va ichki kuchlar, manfaatlar to‘qnashuvi, O‘zbekistonni islom mamlakatiga aylantirish, xalifalik tuzish kabi iddaolar girdobidan chiqib ketish, xalqini sog‘-salomat yorug‘ yo‘llarga boshlash uchun haqiqiy ma’noda mard va jasur hamda bilimli yetakchi bo‘lish kerak edi. Yangi asrning dastlabki yillar boshlaridan boshlab mamlakat iqtisodiyotida o‘sish, ijtimoiy sohalarda ham ko‘zga ko‘rinarli o‘zgarishlar boshlangan bo‘lsa-da, hali-hamon ko‘p sohalarda turg‘unlik davrining asoratlari ko‘rinib turardi.
Men o‘sha yillarda moliya muassasalarida ishlaganligim bois tizimdagi ko‘plab nuqsonlarni, eng muhimi, to‘g‘rilash mumkin bo‘lgan va birgina harakat bilan izga solish imkoniyati bo‘lsa-da, o‘sha paytlarda nimagadir bir joyda “depsinib” turgan ayrim jihatlarga to‘xtalmoqchiman, xolos. Bu ham bo‘lsa, pul mablag‘lari va tadbirkorlik sub’yektlarining faoliyatlari bilan bog‘liq. Savdo va pulli xizmat muassasalarining tushumlari ularning tijorat banklaridagi hisob raqamlariga tushirilmasdi. Aniqrog‘i, ular buni o‘zlari xohlashmasdi. Bundan ular foyda ko‘rishmasdi, aksincha, bu ularning zarariga ishlardi. Sababi, naqd pulsiz hisob-kitobdan ko‘ra naqd pulga savdo qilish, tovar yoki xizmatlarini sotish o‘rtasida katta salbiy tafovut mavjud edi. Bu “qora bozor”, degani. Buning oqibatida byudjet tashkilotlarida ishlovchi ishchi xodimlarning ish haqlari, pensiya va nafaqa to‘lovlarining to‘lanishida jiddiy kamchiliklar yuzaga kelar, buning oqibatida oylab uzilishlar paydo bo‘lardi. Bu ijtimoiy to‘lovlarni “Birinchi darajali to‘lovlar” deb yuritib, tizim xodimlari va mahalliy hokimliklar, hatto hukumatda ham asosan shu ish bilan band bo‘lishardi.
Odatda biron-bir tovar pulga sotib olinadi, lekin o‘sha vaqtlarda biz pulga pul “sotib” olganmiz. Ya’ni, yirikroq savdo tashkilotlaridan naqd pulni ularning o‘z hisob raqamlariga kirim qilishlarini “iltimos” qilamiz va ularga buning uchun kelishuvga ko‘ra ma’lum darajada haq, ya’ni foiz (o‘rtacha besh foiz) to‘laymiz. Yuzaga kelgan xarajatni esa o‘z xodimlarining halol ish haqlarini so‘rab kelgan byudjet tashkilotlaridan va pochtalar orqali pensionerlarning haqlaridan qoplab qolamiz. Eng yomoni, oy, chorak va yil yakunlari bilan ko‘plab mutaxassis va mas’ullarga chora ko‘riladi va oqibatda yaxshi-yaxshi kadrlar sinib ketishdi.
To‘lovlarni naqd pulsiz ko‘rinishda to‘lash, ya’ni bank plastik kartalariga ko‘chirib berish choralari ham ko‘rildi. Ammo naqd pulsiz hisob-kitoblarning texnik jihozlanishi, to‘lov terminallari va bankomatlarning yetishmovchiligi, shuningdek, yuqorida qayd etilganidek, naqd pulsiz va naqd puldagi hisob-kitoblar o‘rtasidagi salbiy tafovut bu harakatlarning samarali ishlashiga monelik qilardi. Bundan kimlardir manfaatli bo‘lgandir, buni birov u, birov bu derdi, lekin hamma jim, hamma kutardi.
Yana bir muhim masala - tadbirkorlik sub’yektlarining o‘z mablag‘lari va jalb qilingan mablag‘larini xorijiy valyutaga ayriboshlash, ya’ni konvertatsiya qilib berish ham o‘ta qiyin, muammoli, ta’bir joiz bo‘lsa, jumboqli masala edi. Valyutaning ikkita, ya’ni davlat belgilagan va banklar amal qiladigan davlat kursi hamda rasmiy ravishda hech kim belgilaman, ammo hamma birday rioya etadigan bozor, aniqrog‘i, qorabozor kursi mavjud edi. O‘rtadagi farq esa “otning kallasiday”. Tadbirkorlik shuning uchun ham rivojlanib ketmasdi. Shuningdek, tadbirkor yer olishda ham, kommunal sohaga ulanishda ham, bank kreditlaridan foydalanishida ham jiddiy to‘siq va byurokratik sansolarliklarga duch kelardi. Umuman olganda, tizimda sobiq tuzumning sarqitlari saqlanib qolgan, ulardan qutulish juda qiyin kechardi.
2016 yilning oxirlari va asosan 2017 yildan boshlab barcha sohalarda keskin burilish bo‘lib, ijobiy o‘zgarishlar bo‘la boshladi. “Yurtimizni so‘nggi yillarda ulkan islohotlar qamrab oldi” desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Buni xalqaro kuzatuvchilar, nufuzli xorijiy davlatlar, tashkilotlar e’tirof etayotgani bir tomon bo‘lsa, oddiy odamlar ham o‘z hayotida sezib, his qilib turgani haqiqat.
Jadal o‘zgarishlar barcha sohalarni, jumladan davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot va ijtimoiy soha, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik, tashqi siyosatni qamrab oldi.
Avvalo, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining o‘rnatilgani, chegaralar ochilgani va nazorat punktlari tashkil etilgani, Markaziy Osiyo davlatlari bilan barcha masalalar bo‘yicha konstruktiv muloqot yo‘lga qo‘yilgani, bunda O‘zbekiston tashabbuskor sifatida asosiy rol o‘ynayotgani quvonarlidir. Bir vaqtlar yonma-yon yashagan, o‘zaro quda-andachilik, qarindoshlik aloqalari bilan bog‘langan xalqlar sun’iy to‘siqlar bilan bir-biridan ayirib qo‘yilgandi. Ana shunday bir davrda qondosh-birodar odamlar bir-biridan xabar olish, to‘y-ma’rakalarda bir-biriga hamdam bo‘lish uchun ham yuzlab chaqirim yo‘l bosishi, o‘nlab byurokratik sinovlardan o‘tishga mahkum bo‘lgani achinarlidir. Mamlakatimiz tashqi siyosatida yangi islohotlar boshlangach, birinchi navbatda Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston davlat chegaralarida soddalashtirilgan tartib joriy qilindi. Qardosh mamlakatlar bilan samimiy bordi-keldi qilish imkoniga ega bo‘ldik.
– O‘tgan asrning 90-yillarida katta qizimni o‘ratepalik do‘stimga kelin qilib bergandim, – deydi mehnat faxriysi Sadir Jumageldiyev. – Chegaralar yopilgach, bir-birimizdan xabar olish imkonsiz bo‘lib qoldi. O‘z qizimni 19 yil davomida ko‘rmadim, faqat telefon orqali gaplashib turdik. Shukurki, yana bordi-keldimiz tiklandi. Aslida ikki qishloq orasi 20 chaqirim, xolos. Endilikda, har oyda borib-kelish imkonimiz bor.
Sirasini aytganda, bu kabi taqdirlar qardosh xalqlarimiz orasida ko‘plab topiladi.
Jamiyatimizda iqtisodiy islohotlar ham jadallik bilan olib borilmoqda. Bunda birinchi navbatda, valyuta bozorining erkinlashtirilishi, naqd pul bilan bog‘liq muammolarning bartaraf etilishiga asosiy e’tibor qaratildi. Yuqorida aytib o‘tganimiz, yaqin tarixda halol mehnat bilan topgan maoshimizni plastik kartadan naqdlashtirish uchun olg‘ir kimsalarga murojaat qilishga majbur bo‘lar, ular “xolis xizmat” evaziga 20, hatto 25 foizgacha haq olishardi. O‘n minglab pensionerlar, talabalar, o‘qituvchilar, shifokorlar shu adolatsiz tizim oqibatida maoshining chorak qismidan mahrum bo‘lardi. Xorij bilan hamkorlik qiladigan tadbirkorlarni qo‘yaturaylik, hatto davolanish uchun xorijiy davlatga borayotgan bemor ham valyuta ayirboshlashda ming xil ma’nisiz to‘siqlarga duch kelgani bor gap. Xuddi shu nuqson va ta’bir joiz bo‘lsa, aytish o‘rinliki, sun’iy tashkil etilgan “muammolar” bir deganda yechimini topdi. Odamlar esa, “bo‘lar ekan-ku!” deyishdi. Shu ma’noda, iqtisodiy islohotlar hech shubhasiz, xalqimiz uzoq kutgan o‘zgarishlardan biridir.
Ta’lim va xossatan oliy ta’lim tizimining rivojlantirilishi yangi davrning yana bir muhim xususiyatlaridan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Nufuzli yo‘nalishlarga o‘qishga kirish farzandlarimiz uchun yaqin o‘tmishimizda ham shunchaki, orzu bo‘lgani achchiq haqiqat. Bugun esa haqiqatda bilimi bor yoshlarni hech narsa to‘xtatolmaydi. Bir vaqtning o‘zida kamida 5 tagacha oliy ta’lim yo‘nalishlarini tanlash imkoni, muddatidan oldin o‘qishga kirish imtiyozi yangi avlodga qo‘shimcha kuch, rag‘bat beryapti.
Islohotlar haqida so‘z yuritar ekanmiz, tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlarni ham yodga olmaslik mumkin emas. Tom ma’noda yurtimizda tadbirkorlik muhiti uchun yangi zamon boshlandi. O‘zbekistonda ishbilarmon qatlam yuksalishning lokomotivi, deya e’lon qilindi. Kichik va o‘rta biznes vakillariga qo‘shimcha imtiyoz, proferensiyalar berilayotgani, subsidiyali qo‘llab-quvvatlash tizimlarining yaratilgani ushbu soha fidoyilari faoliyatida keskin o‘sishga zamin yaratdi. Asosiysi, hech kim tadbirkorning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilolmaydi. Har qanday noqonuniy aralashuv uchun javobgarlik belgilandi. Natijada o‘nlab zamonaviy korxonalar ishga tushyapti, yuzlab-minglab yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, yurtimiz rivoji uchun xizmat qilayotgan insonlar haqiqatda qadr topa boshladi. Bu o‘z samarasini berishi shubhasiz.
Zero, ona O‘zbekistonimiz, uning buguni ham, ertasi ham, yutug‘u kamchiliklari ham barchamizniki, o‘zimizniki. Islohotlarni bugun qilmasak, ertaga kech bo‘ladi, o‘zimiz qilmasak, birov kelib qilib bermaydi. Buning uchun katta maqsad va marralar sari Yurtboshimiz ortidan birlashishimiz, jipslashishimiz zarur. Shundagina maqolamiz boshida aytganimiz, yetar manzillarimiz yaqinlashadi va yuzimiz Yaratganning ham elu-yurt oldida ham yorug‘ bo‘ladi.
Qayum Sobirov,
O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi a’zosi.