O‘zbekistonda 4 fevral holatiga ko‘ra, koronavirus yuqtirganlar yo‘q
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan 2020 yilning 4 fevral kuni olingan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy Xalq Respublikasida jami 20471 nafardan ortiq fuqarolar kasallanib, kunlik o‘sish 18,8 foizni (3233 nafar) tashkil etmoqda. 425 nafar fuqaro ushbu kasallikdan vafot etgan.
Joriy yilning 3 fevral kuni Agentlikning virusologiya laboratoriyasiga 60 nafar fuqarodan koronavirus infeksiyasi laboratoriya tahlili uchun namunalar keltirildi. Yanvar oyidan boshlab koronavirus infeksiyasiga 215 nafar fuqarolardan namunalar kelgan. Ushbu namunalarda koronavirus infeksiyasi topilmagan.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining koronavirusga qarshi markaziy shtabi joriy yilning 4 fevral holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida koronavirus kasalligi umuman qayd etilmagan.
O‘zbekistondan Xitoyga va Xitoydan O‘zbekistonga aviaparvozlar vaqtinchalik to‘xtatilgan.
Agentlikning markazi shtabi mutaxassislari tomonidan 71-276-49-66, 71-276-46-65 ishonch telefonlari orqali murojaat qilganlarga tushuntirishlar, aniq ma’lumotlar va zarur tavsiyalar berib borilmoqda. Shu kungacha jami 1642 ta murojaatlarga javob berilgan.
I.Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga joriy yilning 3 fevral kuni xorijiy davlatlardan 33 ta samolyot qabul qilingan, 4441 nafar fuqarolar sanitariya-karantin punktlarida termometriyadan o‘tkazilgan.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ markaziy Sanitariya-epidemiologiya xizmatiga qarashli 6 ta sanitariya-karantin punktidan 3 ta poyezdda jami 497 nafar fuqarolar o‘tishgan, shulardan 62 nafarini xorij fuqarolari tashkil etadi. Tana harorati ko‘tarilgan fuqarolar aniiqlanmagan.
Davlat chegara kesishish punktlaridagi sanitariya-karantin punktlar orqali 1626 ta avtotransportlar, 23468 nafar fuqarolar o‘tkazilgan, shulardan 11971 nafari chet el fuqarolari hisoblanadi. Tana harorati ko‘tarilgan fuqarolar aniqlanmagan.
Mamalakatimiz aholisi o‘rtasida koronavirus infeksiyasi bo‘yicha epidemiologik barqarorlikni ta’minlashga yo‘naltirilgan barcha profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan xalqaro tibbiy sanitariya qoidalar talablari asosida amalga oshirilmoqda. Mazkur tadbirlarda mutasaddi vazirliklar, idoralar va keng jamoatchilik faol ishtirok etmoqda.