O‘zgarayotgan Samarqand
– Erkin Oqbo‘tayevich, keyingi paytlarda “evrilish”, “o‘zgarish”, “intensiv rivojlanish” kabi iboralarni ishlatish rusumga aylandi. Yangilikka ishtiyoqmand rahbar sifatida bu tushunchalarni qanday izohlaysiz?
– Dunyoning o‘zgarishi yangilik emas. Ya’ni xalqimiz buni “charxi kajraftor” deydi. Faqat bunday o‘zgarishlar ba’zan ijobiy, ba’zan salbiy bo‘lishi mumkin. Olam mehvarida bashar ahli bilan bir kemada ekanimizni hisobga olsak, biz ham ana shu o‘zgarishlar girdobidamiz.
Olamdagi barcha millat va davlat kuchli bo‘lishni, yaxshi yashashni orzu qiladi. Garchi shakllangan demokratik tamoyillarni hozircha betakror, deb ta’kidlasak-da, har bir qit’a, har bir davlat va har bir millat bir-biriga o‘xshamagan taraqqiyot yo‘lini tanlaydi. Ayni paytda O‘zbekiston tanlagan yo‘l jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilayotgani fikrim isbotidir. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2017 yili BMT Bosh assambleyasi sessiyasida “Biz O‘zbekistonni dunyoga yangicha qiyofada namoyish etmoqchimiz” deganida yuksak ma’naviyatli xalqni, ishonchli taraqqiyot yo‘lini tanlagan davlatni nazarda tutgani shubhasiz. Chunki mamlakatimizning yaqin besh yilga rejalashtirgan va amalga oshirayotgan taraqqiyot strategiyasi berayotgan real samara kuchli davlatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan e’tirof etilmoqda.
Endi siz aytgan tushunchalar izohiga kelsak, nazarimda, bu iboralarning barchasini “YaNGILANISh” so‘zi bilan sharhlash mumkin. Negaki, biz Vatanimizni tarixiy, ma’naviy merosimizga, xalqimizning ezgu an’analariga tayangan, dunyodagi ilg‘or tajriba va texnologiyalarni o‘zlashtirgan holda rivojlantiryapmiz. Biz Vatanimiz, o‘z taqdirimizga, kelajagimizga bo‘lgan nuqtai nazarimizni yangilayapmiz.
– Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda, matbuot va televideniyeda Samarqand viloyatida islohotlarni amalga oshirishda sezilarli o‘zgarishlar ko‘zga tashlangani haqida gapirilyapti. Bu yangilanishlarni Siz nimalarda ko‘ryapsiz?
– Birinchidan, uzog‘i yaqin, mushkuli oson, og‘iri yengil bo‘lgan aholi kayfiyatida. Xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yib, telegram messenjeri, viloyat hokimligi ishonch telefonidan foydalana boshlaganimda faqat shikoyat va ariza kelib tushardi, hozir esa murojaatlarning ko‘p qismi taklif va mulohazalardan, rahmatnomalardan iborat.
Ikkinchidan, tadbirkorlikka, daromad olishga, yangilik qilishga ishtiyoqmandlar, talabgorlar safi ortayotganida. O‘tgan yilning o‘zida turli byurokratik to‘siq yoki huquqiy, iqtisodiy bilimsizlik tufayli to‘xtab qolgan 2 ming 57 ta sub’yekt faoliyati qayta tiklandi. Joriy yilda esa ishbilarmonlar safi 2 ming 638 taga ko‘paydi.
Uchinchidan, mahalliy va xorijlik sayyohlar oqimining ko‘payishida.
To‘rtinchidan, chet ellik sarmoyadorlarning viloyatimizda korxona ochishga ishtiyoqi kuchayganida.
– Erkinjon Oqbo‘tayevich, taraqqiyotning salmog‘i tabiiyki, investitsiya va innovatsion texnologiyalarga bog‘liq. Shu jihatdan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi viloyat iqtisodiy muhitida nechog‘li yangilik yarata olyapti?
– Urgutda, umuman, viloyatda tadbirkorlik jadal rivojlanayotgan bo‘lsa-da, Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi ishbilarmonlarimizning bu imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. Ularning xalqaro miqyosda ishlashi, andozani xorijga qarab olishi, bugun va ertangi kunni ham xalqaro bozor talabidan kelib chiqib ko‘ra olishiga imkoniyat yaratdi.
Ayni paytda erkin iqtisodiy zona uchun faqat Urgutda emas, Pastdarg‘om, Nurobod tumanlari va Samarqand shahrida jami 918 gektar yer maydoni ajratilgan. Bu “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi butun viloyat iqtisodiyotida, sanoatida o‘z o‘rniga ega ekanini ko‘rsatadi.
Endi raqamlarga e’tibor bering. Hozir erkin iqtisodiy zonada 53 investor tomonidan umumiy qiymati 221,7 million AQSh dollariga teng 60 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihalar to‘liq ishga tushirilsa, 4484 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Yiliga 358,2 million dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi va 51,9 million dollar miqdorida eksport amalga oshiriladi.
O‘tgan yili va joriy yil boshidan buyon 76,1 million dollarlik 25 ta loyiha amalga oshirildi, 1 ming 171 ta ish o‘rni yaratildi.
Ana shu raqamlarning o‘zi “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining viloyat iqtisodiyoti va tadbirkorlik muhitidagi o‘rnini ko‘rsatib turibdi.
– Iqtisodiyotning mustahkamlanishi va barqarorligi, avvalo, aholi real daromadlarining o‘sishiga, viloyatda qurilish-bunyodkorlik ishlari ko‘lami kengayishiga, zamonaviy turmush tarzi qaror topishiga zamin yaratadi…
– Albatta, bugun viloyatda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, qurilish-bunyodkorlik ishlaridan ko‘zlangan pirovard maqsad ham shu – hayotimizni o‘zgartirish, shahar va qishloqlarimizda birdek zamonaviy shart-sharoit yaratish, odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga erishish.
Prezidentimizning hech bir chiqishi yo‘qki, unda davlat organlari rahbarlarining xalqimizga xizmat qilishdek eng muhim vazifasi eslatilmasa. Hech bir ma’ruzasi yo‘qki, unda odamlarga munosib turmush sharoiti yaratish maqsadi asosiy o‘ringa qo‘yilmasa. Xalqimiz ertaga yoki yaqin kelajakda emas, bugun baxtli yashashi kerak, degan qat’iy talab, maqsad-muddao ham ana shu da’vatlar xulosasidir.
Gapni yangidan bunyod etilgan, har jihatdan zamonaviy degan talabga javob beradigan Samarqand tumanining Qorasuv massividan boshlay qolaylik.
Bir yil avval bu maskan ochiq maydon, hech bir kommunikatsiya tizimi yo‘q hudud edi. Davlatimiz rahbari Samarqand shahri aholisining uy-joyga ehtiyoji yil sayin oshib borayotgani va bu ehtiyojni qondirish uchun shahar markazida qurilish me’yorlariga to‘g‘ri kelsa-kelmasa uy-joy qurib tashlashdan ko‘ra, shahar chetidan zamonaviy aholi turar joy maskanlari barpo etish zarurligini ta’kidlagan edi. Ana shu topshiriq asosida o‘tgan yili Samarqand tumani Qorasuv massividan Samarqand shahri uchun 50 gektarga yaqin yer ajratilib, bu yerda ko‘p qavatli uylar qurilishiga kirishildi.
2018 yilning o‘zida “O‘zshaharqurilishinvest” injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida jami 1 ming 344 xonadondan iborat 7 qavatli 32 ta arzon uy barpo etildi. Bundan tashqari, “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi tomonidan Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya xizmatchilari va yosh oilalarga mo‘ljallangan 5 qavatli 12 ta turar joy qurilib, foydalanishga topshirildi.
Albatta, shuncha uy-joy qurilib, bu yerga minglab aholi ko‘chib kelishi hisobga olingan holda hududda ta’lim va tibbiyot muassasalari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, umuman, aholi ehtiyoji uchun nimaiki zarurat bo‘lsa, barchasini shu yerning o‘zida yaratishga e’tibor qaratildi. “Obod maskan” deb nomlangan mahalla bugun tom ma’noda zamonaviy shaharcha ko‘rinishini oldi.
Joriy yil 11 yanvar kuni Prezidentimiz viloyatga tashrifi chog‘ida yangi massivda bo‘lib, amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi va shaharchani yanada kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Shu asosda ayni paytda bu yerda “O‘zshaharqurilishinvest” injiniring kompaniyasi tomonidan 12 ta, “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi tomonidan 7 ta uy qurilishi jadal olib borilmoqda. Bundan tashqari, xususiy qurilish kompaniyalari tomonidan xorijiy davlatlarning ilg‘or qurilish texnologiyalari asosida 16 qavatli uylar qurilishi boshlandi.
Yana bir e’tiborli jihati, davlatimiz rahbari Samarqandning har bir qarich yeridan samarali foydalanish maqsadida bunday zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylarni viloyatning boshqa tuman va shaharlarida ham qurish zarurligini ta’kidladi. Shundan kelib chiqib, ayni paytda Urgut va Toyloq tumanlarida ham ipoteka krediti asosida arzon ko‘p qavatli uylar qurish ishlari boshlandi.
Umuman, joriy yilda viloyatda bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengaygan holda davom etmoqda. Ayni paytda uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalar uchun 46 massivda 1508 ta, alohida namuna ko‘rsatgan yosh oilalar uchun 70 ta, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollar uchun 112 ta uy-joy qurilmoqda. Bundan tashqari, Mudofaa vazirligi xarbiy xizmatchilari uchun 120 xonadonli 5 qavatli 4 ta, Ichki ishlar xodimlari uchun 5 qavatli 2 ta, Milliy gvardiya xizmatchilari uchun 5 qavatli 1 ta uy qurilishiga kirishildi.
– Gap odamlarga munosib turmush sharoiti yaratish haqida borar ekan, Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan g‘oyat ezgu tashabbus - “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini alohida qayd etish lozim. Aynan mana shu tashabbus samarasida olis hududlarda yashovchi aholining yillar davomida to‘planib qolgan muammolariga yechim topildi. Jumladan, viloyatning olis qishloq va mahallalarida ham. Shunday emasmi?
– To‘g‘ri ta’kidladingiz, bu xalqimiz turmush darajasini oshirishga qaratilgan tarixiy dasturlar bo‘ldi. Uning samarasi dastlabki yildayoq bor bo‘y-basti bilan namoyon bo‘ldi. Viloyatda 2018 yilning o‘zida 29 ta qishloqdagi 94 ming aholiga qulay turmush sharoiti yaratildi. 9 ming 580 ta yakka tartibdagi, 13 ta ko‘p qavatli uy ta’mirlandi. Aholining toza ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida 25 ta suv inshooti va 94,2 km. suv tarmog‘i qurish ishlari amalga oshirildi. 145 kilometrlik elektr tarmoqlari qurildi va rekonstruksiya qilindi. 195 ta yangi transformator o‘rnatildi. Shuningdek, 18 kilometr tabiiy gaz tarmog‘i ta’mirlanib, aholiga 4500 dona maishiy gaz baloni yetkazib berildi.
Qishloqlardagi eng muhim muammolardan biri hisoblangan ichki xo‘jalik yo‘llarini ta’mirlashga ham alohida e’tibor qaratilib, jami 319 kilometrlik yo‘llar soz holatga keltirildi.
Bundan tashqari, 26 ta umumta’lim maktabi, 25 ta bog‘cha, 16 ta sog‘liqni saqlash muassasasida ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. 99 ta bozor infratuzilma ob’yekti qurib, foydalanishga topshirildi.
“Obod mahalla” dasturi bo‘yicha Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlaridagi 4 ta mahallada 68 ta ko‘p qavatli uy-joy, 47 kilometr elektr, 6 kilometr tabiiy gaz tarmoqlari va 14 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlandi. 7 ta ijtimoiy soha ob’yektini qurish (ta’mirlash) ishlari amalga oshirildi.
Yaqin yillargacha bir yilda shuncha ishni amalga oshirishni tasavvur ham qila olmasdik. Qishloqlar aholisining muammolari yildan-yilga, dasturdan dasturga o‘tib kelardi. Masalaga real qaralsa, resurs va imkoniyatlar to‘g‘ri taqsimlansa, shunday katta ishlarni ham bajarsa bo‘lar ekan.
Bu yil viloyatdagi har bir tumandan uchtadan, jami 42 qishloqda “Obod qishloq” dasturi asosida, Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida esa uchtadan – 6 mahallada bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Ushbu hududlar uchun bu yil o‘tgan yildan ancha ko‘p mablag‘ yo‘naltirilmoqda.
Shuningdek, bu yil Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumani markazi Gagarin shahrida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari tajribasi asosida Paxtachi tumani markazini zamonaviy qiyofaga keltirish rejalashtirilgan. Ayni paytda bu yerda ham ishlar boshlangan.
– Shu o‘rinda keyingi paytda ko‘p muhokama etilayotgan Samarqand shahridagi qurilishlar, ayniqsa, ko‘p qavatli uy-joylar va boshqa bino-inshootlar haqida ham to‘xtalib o‘tsak…
– Ha, to‘g‘ri, bu ayni paytdagi eng og‘riqli masala bo‘lib turibdi. Shu paytgacha qanday yondashilgan, nimaga asoslanib ish ko‘rilgan, bilmadim, ammo bugun Samarqand shahrida qurilish ishlari olib borish, ayniqsa, ko‘p qavatli uylar qurishda nafaqat milliy manfaatlarimiz, balki xalqaro tashkilotlar tomonidan tavsiya etilayotgan me’yorlar ham hisobga olinishi lozim. Chunki, Samarqand bir necha asrlik tarixga ega turistik shahar. Bu zaminning har bir qarich yeri, har bir inshooti va obidasi o‘ziga xos tarixga ega va u nafaqat bizning, balki butun insoniyatning boyligi hisoblanadi. Shuning uchun ham Samarqand madaniyatlar chorrahasi sifatida YuNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Bugungi kunda ana shu jihatlar hisobga olingan holda, Samarqand shahrining bosh rejasi ishlab chiqilmoqda. Bunda, avvalo, Samarqandning tarixiy qiyofasini saqlab qolish va uni jahon turizmining asosiy markazlaridan biriga aylantirishga e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz yaqinda viloyatga tashrifi chog‘ida ham bu masalaga alohida to‘xtalib, amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalarni belgilab berdi.
Shundan kelib chiqib, ayni paytda shahardagi qurilishlarni tartibga solish, uni belgilangan me’yorlarga moslashtirish choralari ko‘rilmoqda.
Ochig‘i, keyingi yillarda Samarqand shahridagi qurilishlarda pinhona kelishuvlar, hujjatlardagi soxtaliklar, tender tanlovlarining yopiqligi sohada qonunbuzilishlari hamda korrupsiyaga yo‘l ochgan. Ayrim tarixiy meros ob’yektlariga zarar yetgan. Bu holat davlatimiz rahbarining, qolaversa, xalqaro tashkilotlarning e’tiroziga sabab bo‘ldi. Jumladan, 141 ta ob’yektda yer ajratish, qurilish tartib-qoidasi va texnologiyalari buzilgan. Bugungi kunda bu kamchiliklarni bartaraf etishga kirishganmiz.
Buning uchun poytaxtdan mutaxassislar bilan birga, keng jamoatchilikni ham jalb qilyapmiz. Hozir har haftada ikki marta tadbirkor quruvchilarning shaharda qurilgan va qurmoqchi bo‘lgan binolari loyihalarining shaharsozlik kodeksi hamda YuNESKO talablariga javob beradigan tarzda amalga oshirilishini ta’minlash uchun shaharsozlik kengashining ochiq muhokamasini o‘tkazyapmiz.
Maqsadimiz shahar o‘zining tarixiy jozibasini saqlagan holda yangilanib, ko‘rkam qiyofaga ega bo‘lishini ta’minlash. Umuman, bundan keyin Samarqand shahridagi barcha qurilish oshkora amalga oshiriladi. Ob’yektlarning qurilishi, rejalashtirilishida jamoatchilik va aholi fikri hisobga olinadi.
G‘olib Hasanov suhbatlashdi.