Pandemiya - Yaratgan yuborgan sinovni, ikkinchidan, texnik imkoniyatlarni jadal rivojlantirishni taqdim etdi
Zamonamiz bashariyatni kutilmagan, tahlikali va ko‘pning g‘amiga sabab bo‘layotgan sinovga yuzlangani hammamizga ma’lum. Bugunning avlodi, avvalgi bir necha avlodga nisbatan ko‘proq aralash xotiralarga ega bo‘lishi muqarar. Keyingi yillarda erishilayotgan fan va texnika, iqtisodiy va ijtimoiy hayotni yaxshilashga qaratilgan qator yutuqlar uchun his qilinayotgan mamnuniyat bilan bir qatorda, bizga bularning barchasi uchun qo‘rquv uyg‘otadigan global pandemiya tajribasi ham nasib etdi. Bunga sabab, har bir faoliyatimiz, munosabatlarimiz va qadriyatlarimiz avvalgidan xiyol bo‘lsa-da, boshqacha tus ola boshladi. Pandemiya bir tarafdan, Yaratgan yuborgan sinovni, ikkinchidan, texnik imkoniyatlarning jadal rivojlanishi orqali yengillik ham taqdim etdi. Aslida bu ham ne’mat, bu ham insoniyatga berilgan imkoniyat emasmi?
Jamiyatdagi barcha sohalar singari ta’lim tizimi ham birdaniga zimmasiga tushgan, noana’anaviy tartib va tamoyillarga yuz tutdi. Yillar davomida misqollab yig‘ilib kelinayotgan tajriba, donalab terilgan amaliyot ko‘z o‘ngimizda boshqacha shaklda gavdalandi. Bu safar bizda hech qanday tanlov va hech qanday inkor etishning imkoni bo‘lmadi. Ta’lim sohasida faoliyat yuritayotganlarning barchasi, ko‘p ma’noda yangicha usul, o‘zgacha tartibga ega – distant ta’lim tizimiga, ma’joziy ma’noda, boshi bilan sho‘ng‘ishiga to‘g‘ri keldi.
Sohalar va yo‘nalishlar singari, ushbu bizga “yangi qarindosh” bo‘lgan distant usulning ham o‘z odob-axloq qoidalari (etiketi), madaniyati mavjudligi, ayrim hollarda yodimizdan ko‘tarilgandek ko‘rinadi. Holbuki, ushbu bizga “begona” tizimda ham, barchamizga ta’nish, ammo hamma tarafidan munosabat va muomalaga asos qilib olinadigan, umumbashariy insoniylik madaniyati asoslari hukm suradi. Distant munosabatlar ham o‘zaro hurmat, o‘z xatti-harakatiga bo‘lgan mas’uliyat, xushmuomalalik, sabrlilik va eng asosiysi halollik tamoyillaridan uzoqlasha olmaydi.
Biz, nima bo‘lganda ham, insonmiz!
Yuzma-yuz munosabatmi u yoki distant (masofadan)mi uning sub’yekti baribir o‘zimiz ekanligimizni va har ishimizda halollikdan yiroqlashishimiz nopoklikka qaratilgan jirkanch urinishga tenglashtirilishini unutmasligimiz darkor.
Ta’limda eng asosiy tamoyil - bu ta’lim beruvchining o‘qitishda va ta’lim oluvchining o‘rganishda halolligidir!
Ayrim hollarda soha vakillarining jarayonga mas’uliyatsizlik bilan yondashishi va ta’lim oluvchilarning, ayniqsa, o‘z xatti-harakatiga to‘liq javobgar bo‘lgan, voyaga yetgan yoshlarimiz – talabalarimizning mavjud, hali yetarlicha yo‘lga tushib ulgurmagan, global distant ta’limning kamchiliklaridan o‘zining egri maqsadlarida foydalanib kelayotgani hech kimga sir emas. Qanchalik o‘zimizni, yaxshi niyatda ekanligimiz bilan aldashga urinmaylik, mas’uliyatsizlikning o‘zi egriligicha qolaveradi va bu inson hayotida o‘z izini qoldiraveradi.
Barnoxon SAMATOVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti ixtisoslashtirilgan filiali dotsenti, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori.