Paxtachi tumani hokimi Toshkentda o‘qiyotgan paxtachilik talabalarni ishga taklif etdi

Paxtachi tumani hokimi Vohid Rahimov boshchiligidagi 4 sektor rahbari Toshkentda o‘qiyotgan paxtachilik yoshlar bilan uchrashdi.

– Tumanda barcha sohalarda oliy ma’lumotli kadrlarga ehtiyoj bor, – dedi Paxtachi tumani hokimi Vohid Rahimov. – Jumladan, sog‘liqni saqlash sohasida oliy ma’lumotli kadrlarga juda muhtojmiz. Ellikka yaqin shifokor o‘rni vakant bo‘lib turibdi. Poytaxtda tahsil olayotgan barcha paxtachilik yoshlarni o‘zi o‘qigan soha bo‘yicha ishga taklif qilamiz. Ularga barcha sharoitni yaratib beramiz.

Uchrashuvda tumanda Prezidentning 5 tashabbusi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berildi. Yoshlardan turli sohalardagi ishlarni yanada jadallashtirish uchun takliflar so‘raldi.

– Men ayni paytda bank tizimida faoliyat olib boryapman, – deydi Toshkent moliya instituti 4-kurs talabasi Alisher Allayorov. – O‘z ishimni puxta o‘rganib, keyingi faoliyatimini Paxtachi tumanida davom ettirmoqchiman. Hokimimiz bizga ishonch bildirib, o‘z tumanimizda ishlashni taklif qildi. Bu ishonchini oqlashimiz kerak.